13-modda. Foydali qazilma konlarining va foydali qazilma konlari aniqlanishi ehtimoli boʻlgan istiqbolli yer qaʼri uchastkalarining davlat reyestri
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Foydali qazilma konlarining va foydali qazilma konlari aniqlanishi ehtimoli boʻlgan istiqbolli yer qaʼri uchastkalarining davlat reyestri (bundan buyon matnda davlat reyestri deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining mineral xom ashyo bazasini oʻzlashtirish va yanada rivojlantirish istiqbollarini aniqlash maqsadida yuritiladi.
Davlat reyestri sanoat yoʻsinida oʻzlashtirishga tayyorlangan har bir kon boʻyicha konni geologik-iqtisodiy baholash natijalari va uni ishlatish sharoitlari haqidagi, chiqarib olinayotgan mineral xom ashyo miqdori va sifati hamda uning bozor konyunkturasi hisobga olingan holdagi qiymati haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi zarur.
Davlat reyestri foydali qazilma koni aniqlanishi ehtimoli boʻlgan istiqbolli har bir yer qaʼri uchastkasi boʻyicha foydali qazilmalarning chamalanayotgan resurslari (zaxiralari), ularning taxminiy sifati, potensial konni ishlatishning ehtimol tutilgan usullari haqidagi maʼlumotlarni, shuningdek yer qaʼri uchastkasini kelgusida geologik jihatdan oʻrganishga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Davlat reyestridagi maʼlumotlar ochiq kim oshdi savdolari shartlarini tayyorlashda, shuningdek yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida berishda hisobga olinishi lozim.
Davlat reyestrini yuritish tartibi va uni yurituvchi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
