Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-295-son)
04.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat korxonalarining eksport salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, mahalliy korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan sanoat siyosatini amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. 2025-2026-yillarda hududlarda sanoatni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) respublika sanoatida hududiy sanoatning ulushini 45 foizga yetkazish;
(b) Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari tomonidan ularga biriktirilgan tumanlarda ilgari oʻz mahsulotini eksport qilmagan jami 100 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish va eksportchi korxonaga aylantirish;
(v) hududiy sanoat shtablari tomonidan har bir tuman va shaharda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash va yoʻnaltirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qoʻshimcha 5 foizga oshirish;
(g) hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalarini amalga oshirish orqali sanoatda texnologik mahsulotlar ulushini 25 foizga yetkazish va 3,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish;
(d) har bir tuman va shaharlarda 5 tagacha sanoat “oʻsish nuqtasi”ni rivojlantirish;
(j) “respublika — viloyat — tuman” tamoyili asosida sanoat korxonalarining respublika darajasidagi tizimli muammolarini tezkorlik bilan hal etib borish.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan hududiy sanoat shtablari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
(a) 2025-2026-yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha hududlar kesimida erishiladigan oʻsish surʼatlarining maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2025-2026-yillarda tuman va shaharlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishida amalga oshiriladigan 316 ta loyiha boʻyicha mikrodastur yigʻma koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2025-2026-yillarda amalga oshiriladigan 34 ta yuqori texnologiyali yangi sanoat loyihalarning manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda:
(a) mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq 2026-yil uchun maqsadli koʻrsatkichlarini shahar va tumanlar kesimida tasdiqlasin va uning ijrosini nazorat qilsin;
(b) mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq mikrodastur yigʻma koʻrsatkichlari asosida loyihalarning manzilli roʻyxatini tasdiqlasin va uning ijrosini nazorat qilsin.
II. Davlat tomonidan sanoat korxonalarini qoʻllab-quvvatlash
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar:
(a) ishchilarining oʻrtacha ish haqi miqdori har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan mazkur qarorning 4-ilovasiga muvofiq mahalliy sanoat korxonalarining ishchilarni tashish va ovqatlantirish bilan bogʻliq xarajatlaridan har bir ishchi xodim uchun bir oyda bir bazaviy hisoblash miqdorigacha boʻlgan qismi ijtimoiy soliq bazasidan chiqarib tashlanadi;
(b) oʻz ehtiyoji uchun gips xomashyosini qazib chiqaruvchi va undan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga gips olish uchun belgilangan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanadi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining sement ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birja savdolari orqali realizatsiya qilish talabini 25 foizga pasaytirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
6. Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga kiritilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan mahalliy tovar deb eʼtirof etilsin.
7. 2025-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasidan belgilangan tartibda qoplab beriladigan yoʻnalishlardagi xarajatlarni Savdo-sanoat palatasining Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tejab qolinadigan mablagʻlari quyidagi xarajatlarni qoplab berishga yoʻnaltiriladi:
(a) tanlov asosida har yili 4 ta hududning ixtisoslashuvi boʻyicha sanoatni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishga xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, biroq bir hudud boʻyicha 250 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdordagi qismini;
(b) xususiy sanoat korxonalarida energiya tejamkorlik boʻyicha oʻtkazilgan energiya auditi xarajatlarining 50 foizini, biroq bir korxona uchun 100 mln soʻmdan oshmagan miqdordagi qismini;
(v) zamonaviy boshqaruv mexanizmlari, jumladan, zaxiralarni toʻgʻri baholash va samaradorlikni oshirish metodologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻquv-amaliy kurslarni tashkil etish xarajatlarining 100 foizini, biroq bir korxona uchun 20 mln soʻmdan oshmagan miqdordagi qismini.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining moliya, iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlariga:
(a) mazkur qarorda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, mikrodasturga kiritilgan hamda yuqori texnologiyali yangi loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish va ishga tushirish;
(b) mazkur topshiriqlarning hududiy sanoat shtablari tomonidan sifatli ijro etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish, har oyda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga axborot kiritib borish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (X. Mustafoyev) qaror ijrosi belgilangan tartibda monitoring qilib borilishini taʼminlasin. Bunda:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi qaror ijrosini har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-bandida keltirilgan maqsadlarga erishilganligini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida qaror ijrosini nazoratdan yechishda mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) mazkur qarorning 4-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartib yuzasidan Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini;
(b) Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish va mablagʻlaridan foydalanish tartibini takomillashtirish yuzasidan takliflarni;
(v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-oktabr,
PQ-295-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PQ-295-son qaroriga 1-ILOVA
2025-2026-yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha hududlar kesimida erishiladigan oʻsish surʼatlarining
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PQ-295-son qaroriga 2-ILOVA
2025-2026-yillarda tuman va shaharlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishida amalga oshiriladigan 316 ta loyiha boʻyicha mikrodastur
YIGʻMA KOʻRSATKICHLARI
Izoh. Ushbu mikrodastur yigʻma koʻrsatkichlariga hududiy sanoat shtablarining taklifiga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PQ-295-son qaroriga 3-ILOVA
2025-2026-yillarda amalga oshiriladigan 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Izoh. Ushbu manzilli roʻyxatga hududiy sanoat shtablarining taklifiga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PQ-295-son qaroriga 4-ILOVA
Ishchi xodimlarini tashish va ovqatlantirish bilan bogʻliq xarajatlariga imtiyoz qoʻllaniladigan mahalliy sanoat korxonalari
ROʻYXATI
Izoh. Hisobot davrida jami sotish hajmida ushbu turdagi mahsulotlar ulushi 60 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
