4-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat mudofaa buyurtmasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1087-son) · Sana: 04.10.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buyurtmanoma — davlat mudofaa buyurtmasi buyurtmachilarining oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq ehtiyojlarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar toʻgʻrisidagi rasmiy maʼlumotlari;
davlat mudofaa buyurtmasi — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini qurollantirish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni xarid qilish uchun davlat buyurtmasi;
davlat mudofaa buyurtmasi buyurtmachilari (bundan buyon matnda buyurtmachilar deb yuritiladi) — davlat mudofaa buyurtmasi doirasida harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni xarid qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa vazirliklar va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi idoralar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi;
davlat mudofaa buyurtmasining ijrochisi (bundan buyon matnda ijrochi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan, qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni yetkazib berish uchun davlat mudofaa buyurtmasi doirasida shartnoma tuzgan hamda ushbu sohada tegishli faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulot — qurol-yarogʻ va harbiy texnikani yaratishda foydalanilishi yoki harbiy maqsadda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ayrim xomashyo turlari, materiallar, asbob-anjomlar, jihozlar, texnika, texnologiyalar, ilmiy-texnik axborot va boshqalar, shuningdek fuqaroviy va harbiy maqsadlarda bajarilishi (koʻrsatilishi) mumkin boʻlgan ishlar (xizmatlar);
mudofaa sanoati korxonalari — harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqishni, ishlab chiqarishni, taʼmirlashni, modernizatsiya, utilizatsiya qilishni hamda qayta ishlashni amalga oshiruvchi mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan mahalliy korxonalar va tashkilotlar;
yagona agent — davlat mudofaa buyurtmasi doirasida xorijda ishlab chiqarilgan harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlarni xarid qilish (import qilish) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan vakolatli organ;
