Isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-296-son)
06.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
I. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish.
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-martdan boshlab raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati oʻtgan boʻlsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi. Bunda raqamli markirovkalangan muddati oʻtgan tovarlarga nazorat-kassa texnikalarida xarid cheki chiqarilmaydi.
2. Belgilansinki:
(a) 2025-yil 1-noyabrdan boshlab sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish maqsadida davlat sanitariya nazorati organi tizimidagi akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda oʻtkaziladigan barcha sinovlar bayonnomalari elektron koʻrinishda “E-akkreditatsiya” axborot tizimining “E-laboratoriya” moduli orqali rasmiylashtiriladi hamda ushbu organning rasmiy veb-saytida xulosasi rasmiylashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining yagona onlayn reyestri yuritiladi;
(b) 2025-yil 15-oktabrdan 2027-yil 1-yanvarga qadar tajriba tariqasida nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazish tartibi joriy etiladi. Bunda mazkur tadbirlarni oʻtkazish uchun nodavlat notijorat tashkilotning tegishli xodimi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Raqobat qoʻmitasi) huzuridagi Raqobat siyosati va isteʼmolchilar huquqlari tadqiqotlari markazining oʻquv kurslarini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi maxsus sertifikatga ega boʻlishi lozim;
(v) nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Raqobat qoʻmitasining budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ularga isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni tashkil qilish va sohadagi muammolarni oʻrganish uchun davlat ijtimoiy buyurtmalari berish tarzida mablagʻlar ajratib boriladi. Bunda:
(i) ushbu mablagʻlar Jamgʻarmadan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladigan mablagʻlar qismi hisobidan ajratiladi;
(ii) isteʼmolchilar murojaatlarini koʻrib chiqish hamda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazish uchun davlat ijtimoiy buyurtmalari berishda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini baholash mezonlari belgilanadi;
(iii) nodavlat notijorat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalari berish tarzida ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanishni tashkil qilish uchun gʻaznachilik nazorati oʻrnatiladi.
3. Isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida 2025-yil 1-dekabrdan boshlab “isteʼmolchi — tadbirkor — nodavlat notijorat tashkilotlar — davlat organlari” tizimi joriy etiladi. Bunda:
(a) isteʼmolchilarning barcha murojaatlari Raqobat qoʻmitasida ishga tushiriladigan “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimi orqali qabul qilinadi va barcha bosqichlarda monitoring qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(b) “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimini Soliq qoʻmitasining yagona axborot tizimiga integratsiya qilish orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga isteʼmolchilardan murojaatlar kelib tushgani haqida xabar yuborish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(v) isteʼmolchining “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimi orqali roʻyxatga olingan murojaati, birinchi navbatda, tadbirkor tomonidan Raqobat qoʻmitasi nazorati ostida 10 kun ichida koʻrib chiqiladi, isteʼmolchi murojaati ijobiy hal etilmagan taqdirda, murojaatchining tanloviga koʻra Qoʻmitaga yoki nodavlat notijorat tashkilotlarga oʻrganib chiqish uchun yuboriladi. Bunda:
(i) isteʼmolchi huquqlarining buzilishi holatlari mavjud boʻlganda, nodavlat notijorat tashkilotlar tadbirkorga ixtiyoriy tartibda huquqbuzarlikni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma beradi;
(ii) agar tadbirkor 10 kun ichida huquqbuzarlikni ixtiyoriy tarzda bartaraf etmasa, nodavlat notijorat tashkilotlar holat yuzasidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli vakolatli davlat organlariga mazkur tizim orqali yoki sudga murojaat qiladi;
(g) Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarning tizimli muammolarini oʻrganish va hal etish, nomuayyan doiradagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish ishlarini amalga oshiradi.
4. Raqobat qoʻmitasining yaroqlilik muddati oʻtgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda sotganlik hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha jarimalar miqdorini uch baravargacha oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Raqobat qoʻmitasi ikki oy muddatda mazkur bandda keltirilgan taklif yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida nodavlat notijorat tashkilotlarga davlat subsidiyalari, grantlar ajratish va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish tavsiya etilsin.
II. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat.
6. Isteʼmolchilarning murojaatlarini oʻz vaqtida qabul qilish va koʻrib chiqish maqsadida 1-ilovaga muvofiq davlat organlari va tashkilotlar uch oy muddatda oʻz axborot tizimlarini “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimiga integratsiya qilishni taʼminlasin.
7. Isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish va yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Raqobat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H.S. Turaxujayev belgilansin.
11. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-oktabr,
PQ-296-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi PQ-296-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻz axborot tizimlarini “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimiga integratsiya qiladigan davlat organlari va tashkilotlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi PQ-296-son qaroriga 2-ILOVA
Isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishni samarali tashkil etish va yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi PQ-296-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki yoʻnalishlari quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh: mazkur ilovaga muvofiq xususiy sektorga berilayotgan davlat funksiyalari boʻyicha tovarlar muomalasi sohasi 2035-yil 31-dekabrga qadar tovar bozori sifatida qaralmaydi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PQ-5031-son qarori bilan tasdiqlangan Tovar-xom ashyo birjalari faoliyatiga ilgʻor axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 2-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi “Aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-110-son qarorida:
(a) 4-bandning uchinchi xatboshisidagi “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 5-banddagi “Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi” soʻzlari “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
