Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0103-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (24-son)
15.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 29-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 373]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0103-25-son SanQvaN) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-avgust,
24-son
Kelishildi:
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2025-yil 11-avgust
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2025-yil 6-avgust
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2025-yil 14-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. QUDRATXODJAYEV
2025-yil 10-iyul
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 8-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 7-iyul
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A. RAFIQOV
2025-yil 4-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 4-iyul
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2025-yil 3-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 15-avgustdagi 24-son qaroriga 1-ILOVA
Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0103-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) aholi turar joylarini atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi kimyoviy va biologik moddalardan (bundan buyon matnda ifloslantiruvchi moddalar deb yuritiladi) hamda fizikaviy omillarning zararli taʼsiridan muhofaza qilish uchun sanitariya-muhofaza zonasiga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu sanitariya qoidalari atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqaradigan hamda fizikaviy omillarning zararli taʼsiri boʻlgan korxonalarga (bundan buyon matnda obyektlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ruxsat etilgan miqdor (bundan buyon matnda REM deb yuritiladi) — aholi turar joylarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi kimyoviy va biologik omillarning ruxsat etilgan miqdori;
ruxsat etilgan shovqin darajasi — odam organizmining shovqinga sezgir boʻlgan funksional tizimlari va analizatorlari oʻzgarishiga olib kelmaydigan shovqin darajasi;
sanitariya-muhofaza zonasi (bundan buyon matnda SMZ deb yuritiladi) — atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillarning aholi turar joylari uchun belgilangan REMgacha kamaytirilishi zarur boʻlgan hudud.
2-bob. Atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillardan muhofaza qilishga oid talablar
2. Obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va foydalanishga qabul qilishda sanitariya-muhofaza zonasining belgilanishi aholi turar joylarida:
atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar Aholi yashash punktlarining atmosfera havosidagi zararli va zaharli moddalar, produtsent mikroorganizmlar, bakterial preparatlar va aeroionlarning ruxsat etilgan gigiyenik meʼyorlarida (0053-23-son SanQvaN) (hisob raqami 205, 2023-yil 8-sentabr) belgilangan bir martalik, oʻrtacha sutkalik va yillik REMdan yuqori boʻlmasligini;
ruxsat etilgan shovqin darajasi Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlaridan (0008-20-son SanQvaN) (hisob raqami 5, 2020-yil 29-dekabr) yuqori boʻlmasligini taʼminlashi lozim.
3. Aholi turar joylarining atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillarning bir nechtasi bir vaqtda mavjud boʻlganda ularning birgalikdagi REM yigʻindisi 0,8 dan oshmasligi kerak.
Bunda, ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillarning bir nechtasi bir vaqtda mavjud boʻlganda ularning birgalikdagi REM quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Bu yerda:
S1 — kimyoviy omilning laboratoriya tahlili koʻrsatkichi;
S2 — biologik omilning laboratoriya tahlili koʻrsatkichi;
S3 — fizikaviy omilning laboratoriya tahlili koʻrsatkichi;
REM1 — kimyoviy omilning ruxsat etilgan miqdori;
REM2 — biologik omilning ruxsat etilgan miqdori;
REM3 — fizikaviy omilning ruxsat etilgan miqdori.
4. Obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish uchun tegishli maydonni tanlashda ushbu hududdagi havo oqimi va ob-havo sharoitlarining obyektga taʼsiri hisobga olinishi lozim.
Bunda, hududdagi havo oqimi va ob-havo sharoitlari (tumanli ob-havo) noqulay boʻlganda, mazkur hududda ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasida keltirilgan 1 va 2-xavflilik sinflariga kiruvchi obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. SMZning masofasini aniqlashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar va ularning atmosfera havosiga tarqalib ketishi natijasida havoning ifloslanishi;
hududdagi atmosfera havosining ifloslanganligi darajasi boʻyicha oʻtkazilgan laboratoriya-instrumental tekshiruvlar natijalari.
6. SMZning masofasi hududda ustunlik qiluvchi shamol yoʻnalishlarini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
3-bob. Obyektlarning sanitariya tasnifi hamda ularning SMZ
7. SMZning masofasi quyidagicha boʻlishi lozim:
aholi turar joylari bilan mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasi 1-sinfida keltirib oʻtilgan obyektlarning atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbasi oʻrtasida masofa 1000 m;
aholi turar joylari bilan mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasi 2-sinfida keltirib oʻtilgan obyektlarning atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbasi oʻrtasida masofa 500 m;
aholi turar joylari bilan mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasi 3-sinfida keltirib oʻtilgan obyektlarning atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbasi oʻrtasida masofa 300 m;
aholi turar joylari bilan mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasi 4-sinfida keltirib oʻtilgan obyektlarning atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbasi oʻrtasida masofa 100 m;
aholi turar joylari bilan mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasi 5-sinfida keltirib oʻtilgan obyektlarning atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbasi oʻrtasida masofa 50 m.
8. Obyektlarning ishlab chiqarish jarayonida atmosfera havosini ifloslantiruvchi omillar maxsus jihozlangan manbalar (quvur, gaz yoʻnaltiruvchi, ventilyatsiya shaxtasi) va bevosita chiqadigan manbalarga (deraza, tuynuk va boshqalar) ajratiladi.
9. Agar aholi turar joylari hududida qoʻshimcha ishlab chiqarish obyektlari qurish zarur boʻlsa, ushbu obyektlardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini aniqlash uchun tadqiqot oʻtkazilishi shart.
Bunda, ushbu tadqiqot natijalariga asosan SMZ kengaytirilishi yoki oʻzgartirishsiz qoldirilishi mumkin.
10. Mazkur sanitariya qoidalarining 7-bandida keltirilgan SMZning masofasi qisqartirilishiga quyidagi holatlarda yoʻl qoʻyiladi:
ifloslantiruvchi moddalar Aholi yashash punktlarining atmosfera havosidagi zararli va zaharli moddalar, produtsent mikroorganizmlar, bakterial preparatlar va aeroionlarning ruxsat etilgan gigiyenik meʼyorlarida (0053-23-son SanQvaN) (hisob raqami 205, 2023-yil 8-sentabr) belgilangan bir martalik, oʻrtacha sutkalik va yillik REMdan yuqori boʻlmasligi taʼminlanganda;
mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasidagi 1 va 2-sinflarga kiruvchi obyektlar tomonidan atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillar yuzasidan ellik kundan kam boʻlmagan muddatda, 3 — 5-sinflarga kiruvchi obyektlar tomonidan atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillar yuzasidan oʻttiz kundan kam boʻlmagan muddatda oʻtkazilgan laboratoriya-instrumental tahlillar natijasi Aholi yashash punktlarining atmosfera havosidagi zararli va zaharli moddalar, produtsent mikroorganizmlar, bakterial preparatlar va aeroionlarning ruxsat etilgan gigiyenik meʼyorlarida (0053-23-son SanQvaN) (hisob raqami 205, 2023-yil 8-sentabr) belgilangan bir martalik, oʻrtacha sutkalik va yillik REMdan hamda Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlaridan (0008-20-son SanQvaN) (hisob raqami 5, 2020-yil 29-dekabr) yuqori boʻlmaganda;
obyektlarning ixtisosligi va (yoki) tarkibi oʻzgartirilishi hamda ulardagi ishlab chiqarish quvvatining kamaytirilishi natijasida xavflilik sinfi oʻzgartirilganda;
obyektdan chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillarni kamaytirishga va oldini olishga qaratilgan texnologik jarayonlar qoʻllanilganda.
11. SMZni quyidagi hollarda 10 barobargacha kengaytirishga yoʻl qoʻyiladi:
atmosfera havosi ifloslanishi mumkin boʻlgan hududda aholi turar joylarini obyektlarga nisbatan shamol yoʻnalishiga teskari tomonda joylashtirishning imkoni boʻlmaganda;
Aholi yashash punktlarining atmosfera havosidagi zararli va zaharli moddalar, produtsent mikroorganizmlar, bakterial preparatlar va aeroionlarning ruxsat etilgan gigiyenik meʼyorlarida (0053-23-son SanQvaN) (hisob raqami 205, 2023-yil 8-sentabr) belgilangan bir martalik, oʻrtacha sutkalik va yillik REMdan hamda Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlaridan (0008-20-son SanQvaN) (hisob raqami 5, 2020-yil 29-dekabr) oshib ketgan taqdirda;
aholi salomatligiga xavfi yetarlicha oʻrganilmagan yangi turdagi ifloslantiruvchi moddalar boʻlgan ishlab chiqarish boshlanganda;
obyekt hududida shamol orqali ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga tezda tarqatib yuboradigan sharoit (tumanli ob-havo) mavjud boʻlganda;
atmosfera havosiga chiqariladigan turli xil zararli moddalarni tozalash usullari mavjud boʻlmaganda yoki samarasiz boʻlganda.
12. SMZda quyidagilarning joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
aholi turar joylari;
oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar, oziq-ovqat mahsulotlar omborxonalari va ichimlik suvi inshootlari;
ijtimoiy soha obyektlari, shu jumladan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari, aholi dam olish joylari hamda sport inshootlari;
atmosfera havosiga chiqaradigan ifloslantiruvchi moddalar va fizikaviy omillar boshqa obyektlarda mehnat faoliyati olib boradigan xodimlarning sogʻligʻiga zararli taʼsir koʻrsatadigan obyektlar.
13. Obyektni qurish yoki rekonstruksiya qilish bilan bir vaqtda SMZni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish rejasi ishlab chiqilishi lozim.
Bunda, mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasida koʻrsatilgan xavflilik sinflari boʻyicha 1-sinfga kiruvchi obyektlar SMZning 40 foizi, 2 va 3-sinflarga kiruvchi obyektlar SMZning 50 foizi, 4 va 5-sinflarga kiruvchi obyektlar SMZning 60 foizi koʻkalamzorlashtirilishi va obodonlashtirilishi kerak.
14. SMZga quyidagilarni joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi:
xavflilik sinfi past boʻlgan obyektlarni;
obyekt tarkibiga kiruvchi oʻquv binolarini, ishlab chiqarishga taalluqli boʻlgan savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, poliklinika va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini.
15. Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari (bundan buyon matnda ET deb yuritiladi) yaqinida yashovchi aholini elektr maydoni taʼsiridan muhofaza qilish maqsadida ETning radiusi boʻylab quyidagi oʻlchamlarda SMZ boʻlishi lozim:
ET kuchlanishi 1 kV gacha boʻlsa 2 m;
ET kuchlanishi 20 kV gacha boʻlsa 10 m;
ET kuchlanishi 35 kV gacha boʻlsa 15 m;
ET kuchlanishi 110 kV gacha boʻlsa 20 m;
ET kuchlanishi 220 kV gacha boʻlsa 25 m;
ET kuchlanishi 500 kV gacha boʻlsa 30 m;
ET kuchlanishi 750 kV gacha boʻlsa 40 m;
ET kuchlanishi 1150 kV gacha boʻlsa 55 m.
16. ET kuchlanishi yuqori (500 kV gacha) boʻlganda, undan hosil boʻladigan elektr maydoni turar joy binolari ichida 0,5 kV/m, turar joy binolarining hududida 1 kV/m, avtomobil yoʻllarini kesib oʻtadigan joylarda 10 kV/m, aholi yashamaydigan hududlarda 20 kV/m, magnit maydon esa 80 A/mdan (100 mkTl) yuqori boʻlmasligi lozim.
17. Hayvonlarni saqlash joylari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi SMZ masofasi mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasiga muvofiq, avtomobillarni ochiq turdagi saqlash joylari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi SMZ masofasi ushbu sanitariya qoidalarining 3-ilovasiga muvofiq va oqova suvlarni tozalash qurilmalari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi SMZ masofasi mazkur sanitariya qoidalarining 4-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0103-25-son SanQvaN) 1-ILOVA
Ishlab chiqarish turlariga koʻra obyektlarning xavflilik sinflari
Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0103-25-son SanQvaN) 2-ILOVA
Hayvonlarni saqlash joylari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi sanitariya-muhofaza zonasi masofasi
Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0103-25-son SanQvaN) 3-ILOVA
Avtomobillarni ochiq turdagi saqlash joylari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi sanitariya-muhofaza zonasi masofasi
Sanitariya-muhofaza zonasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0103-25-son SanQvaN) 4-ILOVA
Oqova suvlarni tozalash qurilmalari bilan aholi turar joylari oraligʻidagi sanitariya-muhofaza zonasi masofasi
Izohlar:
quvvati 280 000 m³/s dan yuqori boʻlgan oqova suv tarmoqlarida yoki oqova suvlarni tozalash hamda choʻkindilarni qayta ishlash texnologiyasidan chetga chiqilganda, sanitariya-muhofaza zonasi (bundan buyon matnda SMZ deb yuritiladi) masofasiga mos ravishda oʻzgartirishlar kiritiladi;
agar aholi turar joylari oqova suvlarni tozalash qurilmalariga nisbatan shamol yoʻnalishi tomonida joylashgan boʻlsa, mazkur jadvalda koʻrsatilgan SMZ oʻlchamlarini kengaytirilishiga (2 barobardan koʻp boʻlmaslik sharti bilan), shamol yoʻnalishida joylashmagan boʻlsa qisqartirilishiga (25 foizdan ortiq boʻlmagan oʻlchamlarda) ruxsat beriladi;
quvvati 200 m3/s dan yuqori boʻlgan oqova suvlarni tozalash qurilmalari hududlarida bijgʻigan choʻkindilarni ushlab qoluvchi maydonlar boʻlmaganda SMZ masofasi 30 foizgacha qisqartiriladi;
filtrlash yuzasi 0,5 ga gacha boʻlgan maydonlar va quvvati 50 m3/s gacha boʻlgan biofiltrdagi mexanik va biologik tozalash qurilmalari uchun SMZ masofasi 100 m etib belgilanadi;
quvvati 15 m3/s dan kam boʻlgan yer osti filtrlash maydonida boʻlgan oqova suvlarni tozalash qurilmalari uchun SMZ masofasi 15 m etib belgilanadi;
handaqlar va qum-shagʻalli filtrlar boʻlgan oqova suvlarni tozalash qurilmalari uchun SMZ masofasi 25 m, septik quduqli oqova suvlarni tozalash qurilmalari uchun 5 m va sizuvchi quduqli oqova suvlarni tozalash qurilmalari uchun 8 m, shamollatish yoʻli bilan balchiqni toʻliq oksidlovchi aerotsion qurilmalar uchun 50 m etib belgilanadi;
sanoat korxonalaridagi oqova suvlarni tozalash qurilmalari uchun SMZ masofasi oqova suvlarni tarkibi va xossalaridan kelib chiqib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 15-avgustdagi 24-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2004-yil 24-avgustda tasdiqlangan “Farmatsevtika sanoati korxonalari, inshootlari va uning obyektlari tasnifi va sanitariya-himoya zonalari” 0164-04-son SanQvaN.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2007-yil 6-sentabrda tasdiqlangan “Yuqori kuchlanishdagi elektr energiyasi uzatish tarmoqlari yaqinida yashovchi aholining xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida” 0236-07-son SanQvaN.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2017-yil 13-noyabrda tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi aholi yashash joylari atmosfera havosining muhofazasi boʻyicha sanitariya qoidalari va meʼyorlari” 0350-17-son SanQvaN.
