Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot hamda Yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida (606-son)
27.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga muvofiq teatr sanʼatida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish, dramaturglar va yosh rejissorlarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga muvofiq:
dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti va sanʼat arbobi Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot (keyingi oʻrinlarda — mukofotlar) taʼsis etilganligi;
ushbu mukofotlar boʻyicha tanlovlar har ikki yilda oʻtkazilib, ularning gʻoliblarini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlash belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining 2026-yildan boshlab mukofotlar boʻyicha tanlovlar gʻoliblarini pul mukofoti, diplom va statuetkalar bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Quyidagilar:
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy hamda yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarga tavsiya etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
mukofotlar oʻzbek dramaturgiyasi va rejissurasi sohasida faol ijod qilayotgan mohir dramaturglar va yosh rejissorlarga teatr sanʼatini rivojlantirish va teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qoʻshgan munosib hissasi uchun beriladi;
mukofotlarning diplom va statuetkalarini tayyorlash hamda gʻoliblarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda mukofotlarning diplom va statuetkalari namunasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Badiiy akademiya bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-sentabr,
606-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-sentabrdagi 606-son qaroriga 1-ILOVA
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy hamda yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarga tavsiya etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning
TARKIBI
Izoh. Mazkur Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-sentabrdagi 606-son qaroriga 2-ILOVA
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot (keyingi oʻrinlarda — mukofot)ga nomzodlarni koʻrib chiqish, gʻoliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Mukofot bilan dramaturgiya sohasida faol ijod qilayotgan mohir dramaturglar teatr sanʼatini rivojlantirish va teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qoʻshgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
Mukofot bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin. Bir shaxs mukofot bilan bir marta mukofotlanadi.
3. Mukofot gʻoliblarini aniqlash uchun har ikki yilda bir marotaba ushbu Nizomga muvofiq tanlov oʻtkaziladi.
4. Mukofot gʻolibiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 (ellik) barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti hamda mukofotning diplom va statuetkalari beriladi.
2-bob. Mukofotga nomzodlarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
5. Mukofotga nomzodlarni taqdim etish, koʻrib chiqish va taqdirlash ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Faol ijod qilayotgan dramaturglarni mukofot bilan taqdirlash boʻyicha takliflar vazirlik va idoralar, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tanlov oʻtkaziladigan yilning 15-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi nomzodlar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqadi hamda tanlov oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy hamda yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarga tavsiya etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taqdim etadi.
8. Komissiya tanlov oʻtkaziladigan yilning 1-martiga qadar nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqib, ularni quyidagi mezonlar asosida baholaydi hamda eng munosib bir nafar nomzod boʻyicha yakuniy qaror qabul qiladi:
oʻz asarlari bilan oʻzbek adabiyoti va teatr sanʼati rivojiga hissa qoʻshgani, uni jahonga tanitish orqali milliy qadriyatlarimiz, millatimizning ulugʻligini dunyoga tarannum etgani;
oʻz asarlarida yoshlarning ajdodlarga munosib avlod boʻlib yetishishini, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhini tarannum etgani, zamon qahramonlari timsolini aks ettirgani hamda milliy qahramonlar siymosini gavdalantirgani;
oʻz asarlarida milliy gʻurur tushunchasi bilan hamohang tarzda umuminsoniy gʻoyalarni targʻib qilgani, teatrlar repertuarini mavzu va gʻoya jihatidan puxta boʻlgan dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga munosib hissa qoʻshgani.
Komissiya mukofotga tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlari xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
9. Komissiya qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining mukofot bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi tanlov oʻtkaziladigan yilning 10-martiga qadar qabul qilinadi.
10. Mukofot 27-mart — Xalqaro teatr kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning tegishli oʻrinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
11. Bir martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalarni tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofotga nomzodlarni taqdim etish, koʻrib chiqish va taqdirlash
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-sentabrdagi 606-son qaroriga 3-ILOVA
Yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot (keyingi oʻrinlarda — mukofot)ga nomzodlarni koʻrib chiqish, gʻoliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Mukofot bilan rejissura sohasida faol ijod qilayotgan, ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan oʻttiz besh yoshdan oshmagan iqtidorli rejissorlar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qoʻshgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
Mukofot bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin. Bir shaxs mukofot bilan bir marta mukofotlanadi.
3. Mukofot gʻoliblarini aniqlash uchun har ikki yilda bir marotaba ushbu Nizomga muvofiq tanlov oʻtkaziladi.
4. Mukofot gʻolibiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 (ellik) barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti hamda mukofotning diplom va statuetkalari beriladi.
2-bob. Mukofotga nomzodlarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
5. Mukofotga nomzodlarni taqdim etish, koʻrib chiqish va taqdirlash ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Faol ijod qilayotgan yosh rejissorlarni mukofot bilan taqdirlash boʻyicha takliflar vazirlik va idoralar, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tanlov oʻtkaziladigan yilning 15-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi nomzodlar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqadi hamda tanlov oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy hamda yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarga tavsiya etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taqdim etadi.
8. Komissiya tanlov oʻtkaziladigan yilning 1-martiga qadar nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqib, ularni quyidagi mezonlar asosida baholaydi hamda eng munosib bir nafar nomzod boʻyicha yakuniy qaror qabul qiladi:
yosh isteʼdod egalarining qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgani;
oʻz ijodiy faoliyati davomida yangi, zamonaviy mavzudagi milliy mumtoz hamda jahon klassik asarlarini sahnalashtirgani, shu bilan bir qatorda, yangi talqindagi eksperimental asarlarga qoʻl urgani;
mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, oʻzbek milliy madaniyati va teatr sanʼati nufuzini jahon miqyosida oshirishda munosib hissa qoʻshgani;
turli janr va yoʻnalishdagi spektakllarni sahnalashtirgani hamda respublika va xalqaro miqyosdagi davlat tadbirlari, festivallarni tashkil etish va oʻtkazishda rejissor sifatida ishtirok etgani.
Komissiya mukofotga tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlari xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
9. Komissiya qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining mukofot bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi tanlov oʻtkaziladigan yilning 10-martiga qadar qabul qilinadi.
10. Mukofot 27-mart — Xalqaro teatr kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning tegishli oʻrinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
11. Bir martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalarni tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Yosh rejissorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotga nomzodlarni taqdim etish, koʻrib chiqish va taqdirlash
SXEMASI
