Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (615-son)
30.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-62-son qarori ijrosini taʼminlash, oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini iqtisodiyotning barcha sohalarida amaliy koʻnikmalarga ega kadrlar qilib tayyorlash hamda ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-62-son qaroriga muvofiq kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan yoshlarni elektron platforma orqali, shu jumladan, ish beruvchilarning talabnomalarini kiritishni nazarda tutgan holda ishga joylashtirish tizimini joriy qilish nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari (keyingi oʻrinlarda — bitiruvchilar)ning amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirishni elektron platforma orqali amalga oshirish;
bitiruvchilarning amaliyotini tashkil etish boʻyicha shartnomani elektron shaklda rasmiylashtirish;
elektron platformani “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilish orqali oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini monitoring qilish.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) 2026-yil 1-yanvarga qadar bitiruvchilarning amaliyot oʻtashi hamda ish beruvchilarning talabnomalarini kiritishni nazarda tutgan holda, ularni ishga joylashtirishni raqamlashtirish va tegishli axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan platformani ishga tushirsin.
Bunda elektron platformani ishlab chiqish va qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
b) 2026-yil 1-mayga qadar elektron platformani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga, Soliq qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining tegishli axborot tizimlariga hamda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilsin;
v) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchilarning amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirish jarayonlarini platforma orqali amalga oshirishni yoʻlga qoʻysin.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan, biroq band boʻlmagan bitiruvchilarni ishga joylashtirish va ularning bandligini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-sentabr,
615-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentabrdagi 615-son qaroriga ILOVA
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining korxona (tashkilot)larda ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashi va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
amaliyot — taʼlim berish jarayonida bitiruvchilar tomonidan oʻzlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash, egallanadigan kasb va mutaxassislik boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlish uchun oʻquv jarayonining korxona (tashkilot)da tashkil etiladigan amaliy qismi;
bitiruvchi — oʻquv rejasidagi fanlarni oʻzlashtirgan, oʻqish davrida toʻplashi lozim boʻlgan kreditlarni toʻliq toʻplagan va amaliyotlarni muvaffaqiyatli yakunlagan oliy taʼlim tashkiloti talabasi yoki kasbiy taʼlim tashkiloti oʻquvchisi;
korxona (tashkilot) — taʼlim tashkiloti bilan bitiruvchilar amaliyotini tashkil etish boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
platforma — oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkiloti) bitiruvchilarining amaliyot oʻtash, malaka oshirish hamda ishga joylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining elektron axborot tizimi.
Platforma Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.
3. Ushbu Nizom qoidalari nodavlat oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi.
2-bob. Bitiruvchilarning amaliyotini tashkil etish
4. Bitiruvchilarning amaliyoti ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi.
5. Taʼlim tashkiloti har yili 1-oktabrga qadar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga (keyingi oʻrinlarda — Dastur) kiritilgan korxona (tashkilot) bilan bitiruvchilar amaliyotini oʻtashi boʻyicha shartnoma tuzish maqsadida platforma orqali ushbu korxona (tashkilot)ga soʻrov yuboradi.
6. Amaliyotni tashkil etish boʻyicha taʼlim tashkiloti va korxona (tashkilot) oʻrtasida shartnoma amaliyot boshlanishidan kamida uch hafta oldin platforma orqali rasmiylashtiriladi.
7. Taʼlim tashkiloti amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin amaliyotni tashkil etish boʻyicha buyruq asosida bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga kiritadi hamda korxona (tashkilot)ga yuboradi.
8. Korxona (tashkilot) platformaga amaliyot boshlanishidan kamida uch kun oldin bitiruvchilarga amaliyotni oʻtkazish boʻyicha biriktirilgan masʼul (xodim)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.
9. Amaliyot boshlangandan u tugagunga qadar amaliyot davrida taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan amaliyot rahbari va korxona (tashkilot)dan biriktirilgan masʼul (xodim) platforma orqali bitiruvchilarning amaliyotda qatnashishining kunlik davomatini yuritadi.
10. Amaliyot yakunida taʼlim tashkiloti va korxona (tashkilot) bitiruvchilar tomonidan amaliyotni oʻtash davrida bajarilgan ishlarning natijalari va ularning egallagan amaliy koʻnikmalarini baholaydi.
Bitiruvchi amaliyotdan chetlashtirilgan taqdirda, taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan amaliyot rahbari chetlashtirilganlik toʻgʻrisidagi hujjatni platformaga yuklaydi.
3-bob. Bitiruvchilarni ishga joylashtirishni tashkil etish
11. Bitiruvchilarni ishga joylashtirish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi.
12. Taʼlim tashkiloti har yili yakuniy davlat attestatsiyasi xulosasi asosida bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga kiritadi.
13. Korxona (tashkilot) Dasturga har oyning 25-sanasiga qadar oʻzlari uchun zarur kadrlar, shu jumladan, vakant lavozimlar haqidagi maʼlumotlarni kiritib boradi.
14. Taʼlim tashkiloti oʻzini oʻzi band qilgan bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga har yili avgust oyida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali kiritib boradi.
Mazkur bitiruvchilar “oʻzini oʻzi band qilgan” sifatida hisobotlarda aks ettiriladi.
15. Bitiruvchilarni ishga qabul qilgan korxona (tashkilot) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Dasturda boʻlmaganda, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi platforma orqali ushbu ish beruvchilarga doimiy ravishda Dasturda roʻyxatdan oʻtishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
16. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishga joylashmagan va platformada “bandligi taʼminlanmagan” bitiruvchilarning manzilli roʻyxatini platforma orqali Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimiga real vaqt rejimida yuboradi. Bunda ushbu roʻyxat asosida hududlar kesimida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ularning bandligini taʼminlash choralari koʻriladi.
Ishga qabul qilingan va mehnat shartnomalari Dasturda roʻyxatdan oʻtkazilgan bitiruvchilar platformada avtomatik tarzda “bandligi taʼminlangan” sifatida qayd etiladi.
17. Bitiruvchilar ishga joylashgandan soʻng malaka oshirishga ehtiyoj mavjud boʻlganda, ular tomonidan taʼlim tashkilotiga murojaat qilinadi.
4-bob. Platforma orqali bitiruvchilarning amaliyot oʻtashi va ularni ishga joylashtirishda korxona (tashkilot) hamda taʼlim tashkilotlarining huquqlari va majburiyatlari
18. Korxona (tashkilot) bitiruvchilar amaliyotini tashkil qilish va ishga qabul qilishda quyidagi huquqlarga ega:
amaliyot davrida platforma orqali bitiruvchilarning bilimini baholash;
taʼlim tashkiloti tomonidan amaliyotga yoʻnaltirilgan bitiruvchilar taʼlim yoʻnalishi va kasbi hamda amaliyot dasturi korxona (tashkilot) faoliyat sohasiga mos boʻlmasa, taʼlim tashkiloti bilan yuborilgan amaliyot shartnomasini kelishmaslik;
bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin platforma orqali olish;
bitiruvchilarga amaliyot jarayonlarida taʼlim tashkilotidan biriktirilgan amaliyot rahbari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platforma orqali olish;
bitiruvchi amaliyotdan chetlashtirilgan taqdirda, taʼlim tashkilotiga bitiruvchini amaliyotdan chetlashtirilganini tasdiqlovchi hujjatni platformaga yuklash boʻyicha soʻrov yuborish;
taʼlim tashkilotining qisqa muddatli kurslarida malaka oshirish hamda kasbga oʻrgatish toʻgʻrisidagi takliflari va ular uchun belgilangan toʻlov miqdori bilan platforma orqali tanishish.
19. Korxona (tashkilot) bitiruvchilar amaliyotini tashkil etishda oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda bitiruvchilar amaliyotini tashkil etish boʻyicha shartnomani platformada rasmiylashtirish;
platformada korxona (tashkilot) tomonidan bitiruvchilarga amaliyotni oʻtkazish boʻyicha masʼul (xodim)larni biriktirish;
amaliyot davrida platforma orqali bitiruvchilarni amaliyotda qatnashishining kunlik davomatini olib borish va ular faoliyati samaradorligini baholash;
kasblar boʻyicha qisqa muddatli kurslarda malaka oshirishga ehtiyoj boʻlgan taqdirda, ushbu xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga kiritish;
platformaga vakant lavozimlar haqidagi maʼlumotlarni kiritish va eʼlon qilish.
20. Taʼlim tashkiloti bitiruvchilarning amaliyotini tashkil qilishda quyidagi huquqlarga ega:
korxona (tashkilot)ning amaliyot jarayonlarini tashkil etish holatini baholash;
korxona (tashkilot)ga amaliyot oʻtash uchun yuboriladigan bitiruvchilarga biriktiriladigan masʼul (xodim)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platforma orqali olish;
korxona (tashkilot)ning vakant lavozimlari haqidagi maʼlumotlari bilan platforma orqali tanishish.
21. Taʼlim tashkiloti bitiruvchilarning amaliyotini tashkil qilishda oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
korxona (tashkilot) bilan hamkorlikda bitiruvchilar amaliyotini tashkil etish boʻyicha shartnomani platformada rasmiylashtirish;
korxona (tashkilot)ga amaliyot oʻtash uchun yuboriladigan bitiruvchilar tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni amaliyot boshlanishidan kamida bir hafta oldin platformaga kiritish;
bitiruvchilarga amaliyot jarayonlarida taʼlim tashkilotidan amaliyot rahbarini biriktirish va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga kiritish;
platforma orqali bitiruvchilarni amaliyotda qatnashishining kunlik davomatini hamda faoliyati va samaradorligi baholanishini monitoring qilish;
korxona (tashkilot) tomonidan amaliyotda ishtirok etmagan bitiruvchilarni amaliyotga jalb etish yoki amaliyotdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi takliflari asosida tegishli choralar koʻrish;
bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni platformaga kiritish.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Platformaga maʼlumotlarning oʻz vaqtida va toʻgʻri kiritilishiga taʼlim tashkilotlarining birinchi rahbarlari hamda korxona (tashkilot) rahbarlari masʼul hisoblanadi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarning amaliyot oʻtash va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining amaliyotini platforma orqali tashkil etish
SXEMASI
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarning amaliyot oʻtash va ularni ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni platforma orqali tashkil etish
SXEMASI
