Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini joriy etish toʻgʻrisida (580-son)
15.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 7-fevraldagi 77-son qaroriga asosan hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini hisoblash uslubiyati va yuritish tartibini belgilash hamda ushbu jarayonni raqamlashtirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirish, xususan tadbirkorlar va investorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini baholash va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini qulay biznes sharoitlarini yaratishga undashga imkon beradigan taʼsirchan vositani shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2025-yil dekabr oyidan boshlab mamlakatning ichki investitsiya muhiti “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi” (keyingi oʻrinlarda — reyting) elektron platforma orqali (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) baholanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Reyting koʻrsatkichlari asosida “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi”ni baholash reglamenti (keyingi oʻrinlarda — reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
elektron platforma orqali reyting 2025-yil uchun sinov tariqasida baholanadi hamda 2026-yildan boshlab reglamentga muvofiq belgilangan muddatlarda yuritiladi;
reyting tegishli koʻrsatkichlar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) kesimida baholanadi;
reglamentga 2-ilovada qayd etilgan masʼullar tomonidan 2024-yil yakuni boʻyicha tegishli statistik maʼlumotlar joriy yil 1-noyabrga qadar elektron platformaga haqqoniy kiritilishi taʼminlanadi, bunda kiritilgan statistik maʼlumotlar ochiq maʼlumot hisoblanib, elektron platformada aks ettiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi tadbirkorlar oʻrtasida reglamentga muvofiq shaffof va xolisona soʻrovlar oʻtkazish hamda tegishli maʼlumotlarning axborot tizimiga 2025-yil 1-noyabrga qadar kiritilishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
reglament va unga 2-ilovada qayd etilgan masʼullar tomonidan elektron platformaga ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, ularni oʻz vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlari rahbarlariga belgilangan tartibda intizomiy javobgarlik choralari qoʻllanadi;
sinov tariqasidagi reyting baholash natijalari 2026-yil 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritiladi;
reyting natijalari 2026-yil 31-avgustga qadar Vazirlar Mahkamasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga:
elektron platforma operatori sifatida reglament va unga 2-ilovada qayd etilgan masʼullarning reyting baholashni amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin;
zarurat boʻlganda qaror bilan tasdiqlanayotgan reglamentga, jumladan, reyting koʻrsatkichlari tizimi hamda ularni hisoblash usullariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
5. Ushbu qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi belgilansin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
mazkur qaror ijrosini sifatli taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda reglament va unga 2-ilovasida qayd etilgan masʼullarning samarali faoliyatini tashkil etsin va muvofiqlashtirsin, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
elektron platformaga kiritilgan statistik koʻrsatkichlar va soʻrov natijalarini oʻz vaqtida umumlashtirsin hamda reytingni aniqlasin;
ushbu qarorning maqsad va vazifalariga erishish, shuningdek, baholash mezonlari va tahlil usullarini aniqlash maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Milliy statisika qoʻmitasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning masʼul xodimlari uchun davriy seminarlar tashkil etsin;
2026-yil 1-sentabrga qadar yirik xalqaro reyting agentligini jalb qilgan holda reglamentni takomillashtirsin;
b) reglament va unga 2-ilovada qayd etilgan masʼullar — elektron platformaga maʼlumotlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli kiritilishi hamda soʻrovlar oʻtkazilishi uchun barcha zarur choralarni koʻrsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda elektron platformani modernizatsiya qilish, texnik qoʻllab-quvvatlash va belgilangan tartibda vakolatli organlardan ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Soliq qoʻmitasi tegishliligi boʻyicha oʻzining axborot tizimlarini uch oy muddatda elektron platformaga API darajasida integratsiya qilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-sentabr,
580-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-sentabrdagi 580-son qaroriga ILOVA
Reyting koʻrsatkichlari asosida “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi”ni baholash
REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar) investitsiyaviy jozibadorligi reytingini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
baholash ishtirokchilari — baholash jarayonida ishtirok etuvchi, jumladan, hudud (tuman/shahar) investitsiya salohiyatini hisoblashda statistik maʼlumotlarni elektron platformaga kiritish, boshqaruv samaradorligini baholashda tuman (shahar) tadbirkorlari oʻrtasida soʻrovlarni oʻtkazish hamda reyting ballarini hisoblash uchun masʼul tashkilot;
baholash operatori — baholash jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, elektron platformani boshqarish va natijalarni taqdim etish uchun masʼul tashkilot;
biznesga koʻmaklashuvchi institut va tashkilotlar — hudud (tuman/shahar)da tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan, tartibga soluvchi organlar, institutlar va boshqa tashkilotlarni huquqiy va maʼmuriy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan, biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yordam beradigan koʻrsatkichlar majmui;
boshqaruv samaradorligi — tuman (shahar) tadbirkorlari soʻrovi natijalari asosida tartibga solish muhiti, biznesni qoʻllab-quvvatlash institutlari va infratuzilmadan qanoatlanish darajasini baholovchi koʻrsatkichlar majmui boʻlgan reyting baholash yoʻnalishi;
investitsiya salohiyati — hudud (tuman/shahar)ning mehnat, tabiiy, yer, moliyaviy, texnologik va innovatsion resurslari, shuningdek, infratuzilma va raqobatbardoshlik jihatidan rivojlanish darajasini ifodalovchi koʻrsatkichlar majmui boʻlgan reyting baholash yoʻnalishi;
infratuzilma — hudud (tuman/shahar)ning infratuzilma bilan taʼminlangani (transport, kommunal tarmoq va aloqaning rivojlangani), shu jumladan, erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) va kichik sanoat zonalari (KSZ)ni baholovchi koʻrsatkichlar majmui;
infratuzilmadan qanoatlanish — hudud (tuman/shahar)ning iqtisodiy faoliyati samaradorligi va raqobatbardoshligini taʼminlovchi transport, kommunikatsiya va energetika tarmoqlarining rivojlanish darajasini, shuningdek, ishchi kuchining malakasi va ommabopligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
mehnat resurslari — hudud (tuman/shahar) aholisining mehnat faoliyati uchun zarur boʻladigan jismoniy rivojlanish va intellektual qobiliyatga ega boʻlgan qismini, shu jumladan, ishsizlik darajasini ifodalovchi koʻrsatkichlar majmui;
moliyaviy resurslar va qoʻllab-quvvatlash — hudud (tuman/shahar)da oʻzlashtirilgan investitsiyalar, hududdagi kredit va depozitlar hajmi hamda bank infratuzilmasi rivojlanishini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
omil — reytingga alohida taʼsir koʻrsatuvchi koʻrsatkichlar majmui;
omillar vazni — reytingni baholashda har bir omilning nisbiy ahamiyatini koʻrsatgan holda ularga belgilanuvchi ulush yoki foiz;
raqobatbardoshlik — ichki bozordagi tovar unumdorligi, hudud (tuman/shahar)ning tovar aylanmasi, shuningdek, korxonalar demografiyasi koʻrsatkichlari majmui;
reyting — koʻrsatkichlar asosida hudud (tuman/shahar)ning investitsiyaviy jozibadorligi boʻyicha respublikadagi oʻrnini aniqlash natijasi;
reyting koʻrsatkichlari — hudud (tuman/shahar) investitsiyaviy jozibadorligi darajasini baholash uchun statistik maʼlumotlar, soʻrov natijalari hamda miqdoriy yoki sifat koʻrsatkichlari tizimi;
subkoʻrsatkichlar — hudud (tuman/shahar) reyting koʻrsatkichlariga taʼsir koʻrsatuvchi kichik miqdoriy yoki sifat koʻrsatkichlari;
tabiiy resurslar va yer resurslari — hudud (tuman/shahar) tabiiy resurslari va foydali qazilmalarining asosiy turlari balans zaxiralari bilan taʼminlangani, sugʻoriladigan yerlar, shuningdek, sanoat uchun yerlar taqsimotini ifodalovchi koʻrsatkichlar majmui;
tartibga solish muhiti — hudud (tuman/shahar)da mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish, kadastr hisobi, qurilish uchun ruxsatnomalar, litsenziyalar va sertifikatlar berish, shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish tartib-taomillari samaradorligini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
texnologik va innovatsion resurslar — hududda ilmiy-tadqiqot sohasidagi xodimlar soni, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar uchun moliyaviy xarajatlar, shuningdek, innovatsion faollikni ifodalovchi koʻrsatkichlar majmui;
elektron platforma — maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, tahlil qilish va reytingni hisoblash uchun maxsus platforma.
3. Koʻrsatkichlar asosida “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi”ni baholashning maqsadi investorlar uchun qulay muhit yaratish, hududlar raqobatbardoshligini oshirish va investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish uchun hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini aniqlash hamda ularning reytingini shakllantirish hisoblanadi.
4. Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi koʻrsatkichlar asosida ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq yuritiladi.
2-bob. Reyting baholash yoʻnalishlari, omillari va koʻrsatkichlari
5. Reyting ikki yoʻnalishda baholanadi:
a). Investitsiya salohiyati. Mazkur yoʻnalishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq statistik koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlardan iborat boʻlgan ustuvor omillar va ularning vaznlari asosida hudud (tuman/shahar)lar investitsiya salohiyati baholanadi.
Hududlar kesimida 6 ta ustuvor omil va ularning vaznlari asosida investitsiya salohiyati baholanadi:
mehnat resurslari (omil vazni — 10 foiz);
tabiiy resurslar va yer resurslari (omil vazni — 20 foiz);
moliyaviy resurslar va qoʻllab-quvvatlash (omil vazni — 20 foiz);
texnologik va innovatsion resurslar (omil vazni — 10 foiz);
infratuzilma (omil vazni — 20 foiz);
raqobatbardoshlik (omil vazni — 20 foiz).
Tuman (shahar)lar kesimida 5 ta ustuvor omil va ularning vaznlari asosida investitsiya salohiyati baholanadi:
mehnat resurslari (omil vazni — 10 foiz);
tabiiy resurslar va yer resurslari (omil vazni — 22,5 foiz);
moliyaviy resurslar va qoʻllab-quvvatlash (omil vazni — 22,5 foiz);
infratuzilma (omil vazni — 22,5 foiz);
raqobatbardoshlik (omil vazni — 22,5 foiz).
b). Boshqaruv samaradorligi. Mazkur yoʻnalishda hudud (tuman/shahar)larda tadbirkorlarning soʻrov natijalari orqali ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlar asosida boshqaruv samaradorligi baholanadi.
Hudud (tuman/shahar)lar kesimida soʻrov natijalari orqali 3 ta ustuvor omil oʻrtacha arifmetik qiymati asosida boshqaruv samaradorligi baholanadi:
tartibga solish muhiti;
biznesga koʻmaklashuvchi institut va tashkilotlar;
infratuzilmadan qanoatlanish.
6. Har bir tuman (shahar)dagi tadbirkorlik subyektlari soʻrovda ishtirok etishida soʻrovnomalarni toʻldirish va toʻliq maʼlumot yigʻish yuzasidan quyidagi maxsus formula asosida soʻrovda ishtirok etuvchi tadbirkorlarning minimal soni aniqlanadi hamda faoliyat turi (OKED-2) va hajmi (mikro (kichik), oʻrta, yirik) mezonlarining teng ulushlarida namunaviylik taʼminlanadi:
bunda: n — tadbirkorlarning minimal soni; Z — ishonch intervali, 99 foiz Z koeffitsiyent 2,58 ga teng; r — 0,5; q — 0,5; ∆ — xatolik chegarasi 0,01 ga teng.
Bunda 50 foiz tadbirkorlik subyektlari soʻrovnomalarni toʻldirmasligi va 10 foiz tadbirkorlik subyektlari anketalarni toʻliq toʻldirmasligi ehtimoli inobatga olinib, soʻrov oʻtkaziladigan tadbirkorlik subyektlari minimal soni mos foizlar asosida oshiriladi.
7. Tadbirkorlar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tanlanadi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Baholash operatori va ishtirokchilarining vazifalari
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi reytingni baholash operatori boʻlib, quyidagi vazifalarni bajarish uchun masʼul hisoblanadi:
baholash jarayonini umumiy muvofiqlashtirish;
elektron platformani boshqarish;
natijalarni taqdim etish.
9. Quyidagilar baholash ishtirokchilarining vazifalari hisoblanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi:
investitsiya salohiyati koʻrsatkichlari uchun statistik maʼlumotlarni yigʻish va taqdim etish;
maʼlumotlarni elektron platformaga oʻz vaqtida kiritish;
maʼlumotlar sifatini taʼminlash;
b) ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq masʼul vazirlik va idoralar:
investitsiya salohiyati koʻrsatkichlari uchun statistik maʼlumotlarni yigʻish va taqdim etish;
maʼlumotlarni elektron platformaga oʻz vaqtida kiritish;
maʼlumotlar sifatini taʼminlash.
Bunda Milliy statistika qoʻmitasi asosiy masʼul boʻlgan koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlar qoʻmita tomonidan, qolgan koʻrsatkichlar masʼul vazirlik va idoralar tomonidan kiritiladi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi:
tuman(shahar)lar tadbirkorlari oʻrtasida soʻrovlarni tashkil qilish va oʻtkazish;
soʻrov maʼlumotlarining elektron platformaga kiritilishini taʼminlash;
soʻrov jarayonining shaffofligini taʼminlash.
10. Baholash jarayonini muvofiqlashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida quyidagi tarkibda ishchi guruhlar tuziladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimining birinchi oʻrinbosari — ishchi guruh rahbari;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili — ishchi guruh rahbari oʻrinbosari;
Milliy statistika qoʻmitasi vakili;
Savdo-sanoat palatasi vakili;
ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq masʼul vazirlik va idoralar vakillari.
4-bob. Elektron platformaga maʼlumotlarni kiritish tartibi
11. Baholash maʼlumotlari elektron platforma orqali yigʻiladi va saqlanadi. Elektron platforma baholash operatori tomonidan boshqariladi.
12. Baholash operatori tomonidan har bir baholash ishtirokchisi (ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq masʼul vazirlik va idoralar hamda Savdo-sanoat palatasi) uchun alohida login va parol beriladi.
Login va parol ishtirokchilarga maxfiyligi taʼminlangan elektron pochta yoki rasmiy xat orqali yuboriladi.
13. Elektron platformaga maʼlumotlarni kiritish tartibi:
statistik maʼlumotlarni — Milliy statistika qoʻmitasi va ushbu Reglamentga 2-ilovada qayd etilgan masʼul vazirlik va idoralar elektron platformaga tegishli koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlar boʻyicha ushbu Reglamentga 1-ilovada belgilangan muddatlarda kiritadi.
soʻrov maʼlumotlari — Reglamentga muvofiq tanlangan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu Reglamentga 1-ilovada belgilangan muddatlarda elektron platforma orqali toʻldirilishi Savdo-sanoat palatasi tomonidan taʼminlanadi.
14. Baholash ishtirokchilari elektron platformaga maʼlumotlar toʻgʻri va sifatli kiritilishiga masʼul hisoblanadi, notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish yoki baholashni amalga oshirish belgilangan tartibda javobgarlikka asos boʻlishi mumkin.
5-bob. Reyting koʻrsatkichlari xususiyatlari va ularni baholash bosqichlari
15. Reyting koʻrsatkichlari quyidagi xususiyatlarga ega:
koʻrsatkichlar va subkoʻrsatkichlar mohiyati, maqsadi va taʼsiriga qarab toʻgʻridan-toʻgʻri va teskari munosabatda boʻladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatdagi koʻrsatkich yoki subkoʻrsatkichlar reytingga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bunda koʻrsatkich qiymati qanchalik katta boʻlsa, reyting balli shunchalik katta boʻladi, teskari munosabatda esa aksincha boʻladi.
Tegishli statistik koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlarning oʻlchov birligi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri yoki teskari munosabatdaligi ushbu Reglamentga 2-ilovada koʻrsatilgan.
Soʻrov natijalari asosidagi koʻrsatkich va subkoʻrsatkichlarning oʻlchov birligi va toʻgʻridan-toʻgʻri yoki teskari munosabatdaligi ushbu Reglamentga 3-ilovada koʻrsatilgan.
16. Reyting ballari 4 ta bosqichda elektron platforma orqali hisoblanadi:
1-bosqichda:
statistik maʼlumotlarni baholash ishtirokchilari, jumladan, ushbu Reglamentga 2-ilovada qayd etilgan masʼul vazirlik va idoralar elektron platformaga kiritadi.
Elektron platformaga soʻrovnoma maʼlumotlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan kiritiladi.
2-bosqichda:
reyting koʻrsatkichlarining qiymatlari turlicha boʻlgani sababli ular quyidagi formulalar yordamida normallashtiriladi:
bunda: Xij — “j” hududdagi “i” reyting koʻrsatkichi.
Maʼlum chegaralari boʻlmagan koʻrsatkichlar uchun muayyan hududning reytingini aniqlashda:
koʻrsatkichning eng kichik qiymati (X min) mamlakat miqyosidagi eng kichik qiymat sifatida belgilanadi. Tuman yoki shahar uchun ham eng kichik qiymat butun mamlakat boʻyicha koʻrsatkichlar asosida;
koʻrsatkichning eng katta qiymati (X max) mamlakat miqyosidagi eng katta qiymat sifatida aniqlanadi. Tuman yoki shahar uchun ham eng katta qiymat butun mamlakat boʻyicha koʻrsatkichlar asosida qabul qilinadi.
3-bosqichda:
koʻrsatkich balli tegishli subkoʻrsatkichlarning oʻrta arifmetik qiymati;
omillarning balli tegishli koʻrsatkichlarning oʻrta arifmetik qiymati;
yoʻnalishlarning bali bu tegishli omillarning:
a) investitsiya salohiyati yoʻnalishi boʻyicha — belgilangan vazniga muvofiq oʻrtacha tortilgan qiymati;
b) boshqaruv samaradorligi yoʻnalishi boʻyicha — oʻrtacha arifmetik qiymat sifatida aniqlanadi.
4-bosqichda:
hudud (tuman/shahar)lar yakuniy reyting balli quyidagi formula asosida hisoblanadi:
yakuniy reyting balli = 0,7*IP + 0,3*AYE
bunda:
IP — hudud (tuman/shahar)ning investitsiya salohiyati yoʻnalishi boʻyicha toʻplagan balli;
AYE — hudud (tuman/shahar)ning boshqaruv samaradorligi yoʻnalishi boʻyicha toʻplagan balli.
6-bob. Baholash natijalarini taqdim etish va ulardan foydalanish
17. Baholash operatori reyting baholash natijalari boʻyicha tahliliy maʼlumotnoma tayyorlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
18. Umumiy reyting natijalari Vazirlar Mahkamasi hamda hudud (tuman/shahar) reytingi natijalari tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yigʻilishlarida muhokama qilib boriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
19. Ushbu reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Reyting koʻrsatkichlari asosida “Hududlarning investitsiya jozibadorligi reytingi”ni baholash reglamentiga 1-ILOVA
Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini yuritish
SXEMASI
Reyting koʻrsatkichlari asosida “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi”ni baholash reglamentiga 2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining “Investitsiya salohiyati” yoʻnalishi boʻyicha
STATISTIK KOʻRSATKICHLAR
Reyting koʻrsatkichlari asosida “Hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi”ni baholash reglamentiga 3-ILOVA
“Boshqaruv samaradorligi” yoʻnalishi boʻyicha
SOʻROVNOMA
