Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (589-son)
16.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni hamda “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ularning atmosfera havosiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil boʻlishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan “Oqilona isteʼmol” (“Save food”) dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida” Qonunining 31-moddasiga muvofiq:
belgilangan normadan (yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori koʻrsatkichlardan) yuqori darajada ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini oqizib yuboruvchi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar oqova suvlarni lokal tozalash inshootlarida birlamchi tozalash ishlarini bajarishi kerakligi;
yangi isteʼmolchilarni, shu jumladan, mavjud isteʼmolchilarning yangitdan ishga tushiriladigan, tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) jarayonida belgilangan normadan yuqori darajada ifloslangan oqova suvlarni hosil qiluvchi obyektlarini oqova suvlar tarmoqlariga ulashga faqat oqova suvlarning belgilangan normaga qadar tozalanishini taʼminlaydigan lokal tozalash inshootlari mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan oqova suvlardagi yogʻ-moy mahsulotlari ajratib olinishini taʼminlaydigan yogʻ-moy tutgich uskunalari mavjud boʻlgan umumiy ovqatlanish korxonalariga markazlashgan oqova suv tizimlariga ulanishga ruxsat beriladi;
umumiy ovqatlanish korxonalarida har oyda kamida bir marotaba yogʻ-moy tutgich uskunalarining texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni chiqindi yogʻ-moylardan tozalash, ushbu chiqindi yogʻ-moylarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish taʼminlanadi;
umumiy ovqatlanish korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish uchun gaz taʼminoti, ular boʻlmaganda, yogʻoch yoki tayyor koʻmirdan foydalanishda atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni oʻrnatish choralari koʻriladi.
4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
oziq-ovqat chiqindilarini kompostlash orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda organik oʻgʻitlarni qoʻllash tizimini kengaytirish;
umumiy ovqatlanish korxonalaridagi oqova suv tizimlariga yogʻ-moy tutgich uskunalarini oʻrnatish orqali chiqindi yogʻ-moylardan ikkilamchi xomashyo (xoʻjalik sovunlari, hayvon ozuqalari va boshqalar) ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasida 2026 — 2030-yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb eʼlon qilinsin. Bunda:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar belgilangan tartibda oʻtkazilishi qatʼiy nazoratga olinadi;
aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari koʻriladi;
aholi orasida oʻrtacha kunlik ratsional ovqatlanish normativlari asosida toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha tushuntirish tadbirlari oʻtkaziladi;
oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil boʻlgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga topshirilishi taʼminlanadi.
6. 2026-yil 1-yanvarga qadar:
Sogʻliqni saqlash vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida umumiy ovqatlanish korxonalarining atmosfera havosiga salbiy taʼsirini kamaytirishga oid talablar belgilanishini;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda shaharsozlik normalari va qoidalariga umumiy ovqatlanish korxonalarida oʻrnatiladigan ventilyatsiya va havo filtrlash qurilmalari uchun alohida talablar kiritilishini taʼminlasin.
7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻladigan oziq-ovqat chiqindilarini yigʻib olish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun investitsiya mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
8. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. J. Ramatov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-sentabr,
589-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16 sentabrdagi 589-son qaroriga ILOVA
Umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil boʻlishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan “Oqilona isteʼmol” (“Save food”) dasturini amalga oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
