Yangi avlod muhandislarini tayyorlash va muhandislik taʼlimini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-278-son)
08.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Muhandislik yoʻnalishini maktab taʼlimida ustuvor yoʻnalish sifatida joriy etish, mazkur yoʻnalishda taʼlim sifatini oshirish va malakali pedagoglarni taʼlim jarayoniga jalb qilish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi etib muhandislik taʼlimini rivojlantirish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish belgilansin:
(a) mamlakatda yangi avlod muhandis kadrlar tayyorlash, oliy taʼlim tashkilotlarining sanoat bilan uzviy integratsiyasiga asoslangan muhandislik maktablari tarmogʻini tashkil etish;
(b) respublika miqyosida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — umumtaʼlim maktablari) oʻrtasida muhandislikka oid fanlarni oʻqitish boʻyicha raqobat muhitini yaratish hamda umumtaʼlim maktablarini ragʻbatlantirish tizimini joriy etish.
II. Muhandislik maktablari tarmogʻini tashkil etish va muhandislik taʼlim dasturini joriy qilish
2. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimida 1-ilovaga muvofiq faoliyati tugatiladigan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari negizida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) muhandislik maktablariga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Bunda bir sinfda oʻquvchilar soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda:
(i) birinchi oʻquv yilida, istisno tariqasida, 7 — 10-sinflarga, ikkinchi oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining 6-sinf bitiruvchilari orasidan 7-sinfga qabul qilinadi;
(ii) muhandislik maktablarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladigan oʻquvchilarning umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi;
(iii) muhandislik maktablariga oʻz quvvatidan kelib chiqqan holda pulli taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, shu jumladan, qoʻshimcha sinflar ochish va oʻqish uchun toʻlov miqdorini belgilash huquqi beriladi;
(b) muhandislik maktablarida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — muhandislik oliygohlari) bilan integratsiyalashgan muhandislik taʼlim dasturi joriy etiladi:
(i) oʻquv jarayonini 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etish, dastlabki 3 yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlaridan, keyingi 2 yilda muhandislik fanlari boʻyicha boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratish;
(ii) muhandislik maktabining 10-11-sinf hamda muhandislik oliygohlari tegishli taʼlim yoʻnalishining 1-kurs oʻquv rejalarini integratsiya qilish. Bunda oʻquvchi muhandislik oliygohining oʻquv rejasiga oid fanlar (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim fanlari) boʻyicha qoʻshimcha oʻqitiladi;
(iii) oliy taʼlim fanlarini oʻqitishni kredit-modul tizimi asosida tashkil etish va ushbu fanlar boʻyicha akademik koʻrsatkichlarni (Academic Performance) belgilangan tartibda tan olish;
(v) muhandislik maktablarida muhandislik taʼlim dasturini joriy etish 2-ilovada koʻrsatilgan muhandislik oliygohlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
(i) muhandislik taʼlim dasturini joriy etish hamda muhandislik oliygohlari va muhandislik maktablariga uslubiy yordam koʻrsatish uchun mutanosib ravishda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tayanch oliygoh va tayanch maktab sifatida belgilanadi;
(ii) muhandislik taʼlim dasturlari doirasida integratsiya qilinadigan taʼlim yoʻnalishlari muhandislik oliygohi tomonidan mustaqil belgilanadi;
(iii) oliy taʼlim fanlari muhandislik oliygohining professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻqitiladi va ushbu jarayonga oid barcha xarajatlar ushbu muhandislik oliygohining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(g) quyidagi talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tegishli taʼlim yoʻnalishida bir yillik qoʻshimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi:
(i) Scholastic Assessment Test (SAT) xalqaro imtihon tizimi boʻyicha eng kamida 1 300 ball toʻplash yoki Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etiladigan muhandislik oliygohi taʼlim yoʻnalishiga qarab matematika, fizika va kimyo fanlaridan biri boʻyicha eng kamida B2 darajadagi davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlish;
(ii) oliy taʼlim fanlari boʻyicha akademik koʻrsatkichlarni (Academic Performance) oʻrnatilgan talab boʻyicha oʻzlashtirganlik.
Bunda kelgusi oʻquv yilidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat grantini taqdim etish tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlash tizimi boʻyicha davom ettiriladi;
(d) 11-sinf muhandislik maktablari oʻquvchilari uchun ikki oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti (stajirovka) joriy etiladi. Bunda oʻquvchi muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tahsil olayotgan tegishli taʼlim yoʻnalishiga oid ishlab chiqarish korxonasida amaliyot (stajirovka) oʻtashi lozim;
(j) muhandislik maktablari binolarini kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va obodonlashtirish ishlari 3-ilovaga muvofiq 2026 — 2028-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida moliyalashtiriladi.
III. Muhandislik maktablari faoliyatini tashkil etish
4. Muhandislik maktablarida quyidagi boshqaruv lavozimlari joriy etilsin:
(a) oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish boʻyicha akademik direktor;
(b) maʼmuriy-moliyaviy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha ijrochi direktor;
(v) muhandislik maktablarining soha korxonalari bilan yaqindan hamkorligini taʼminlash boʻyicha sanoat bilan aloqalar menejeri.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) akademik direktor lavozimi muhandislik oliygohining shtatlar jadvalida nazarda tutiladi hamda Agentlik bilan kelishilgan holda muhandislik oliygohi direktori tomonidan tayinlanadi;
(b) mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra:
(i) akademik direktor — muhandislik oliygohi dekaniga;
(ii) sanoat bilan aloqalar menejeri — Agentlik tizimidagi hududiy ixtisoslashtirilgan maktabning direktor oʻrinbosariga;
(iii) qolgan barcha maʼmuriy-boshqaruv, pedagogik, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — Agentlik tizimidagi hududiy ixtisoslashtirilgan maktabning tegishli xodimlariga tenglashtiriladi;
(v) akademik direktor, ijrochi direktor va sanoat bilan aloqalar menejeri faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichi bitiruvchi oʻquvchilar oʻqishni muhandislik oliygohida belgilangan tartibda 2-kursdan davom ettirishi hisoblanadi va bir martalik ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy qilinadi;
(g) muhandislik maktablarini saqlash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi
6. 2026-yil 1-yanvardan boshlab har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) oʻtkazilsin.
7. Quyidagilar Tanlovni oʻtkazishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) umumtaʼlim maktablari oʻrtasida STEM fanlarini oʻqitishda raqobat va yangilikka intilish muhitini yaratish;
(b) umumtaʼlim maktablarida STEM fanlari boʻyicha taʼlim jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishga koʻmaklashish;
(v) pedagog oʻqituvchilarning STEM fanlarini oʻqitishga boʻlgan qiziqishi va intilishini kuchaytirish.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Tanlov 3 bosqichda — tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida oʻtkaziladi;
(b) Tanlov natijalariga koʻra uning gʻoliblari quyidagi koʻrinishda ragʻbatlantiriladi:
(i) 4-ilovaga muvofiq tanlov gʻoliblarini moddiy ragʻbatlantirish;
(ii) Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatini tashkil etish;
(iii) Tanlovning respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga Davlat budjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratish.
Bunda innovatsion texnoparkka ega boʻlgan maktablarda mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra fizika oʻqituvchisiga tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. “Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida negizida muhandislik maktablari tashkil etilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlaridan boʻshagan mablagʻlar hisobidan nazarda tutiladi.
11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
13. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
PQ-278-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 1-ILOVA
Faoliyati tugatiladigan va negizida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etiladigan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari
ROʻYXATI
T/rHududlarOʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari nomi*Yangidan tashkil etiladigan muhandislik maktablari nomi1.Qoraqalpogʻiston RespublikasiNukus raqamli texnologiyalar texnikumiNukus shahridagi muhandislik maktabi2.Andijon viloyatiAndijon transport texnikumiAndijon shahridagi muhandislik maktabi3.Buxoro viloyatiBuxoro davlat texnika universiteti akademik litseyiBuxoro shahridagi muhandislik maktabi4.Jizzax viloyatiJizzax politexnika instituti akademik litseyiJizzax shahridagi muhandislik maktabi5.Qashqadaryo viloyatiQarshi davlat texnika universiteti 1-son akademik litseyiQarshi shahridagi muhandislik maktabi6.Navoiy viloyatiNavoiy yuridik texnikumiNavoiy shahridagi muhandislik maktabi7.Namangan viloyatiNamangan davlat texnika universiteti 1-son akademik litseyiNamangan shahridagi muhandislik maktabi8.Samarqand viloyatiSamarqand arxitektura-qurilish texnikumiSamarqand shahridagi muhandislik maktabi9.Sirdaryo viloyatiSobiq Mirzaobod texnologiyalar texnikumi (hozirgi Guliston davlat pedagogika instituti binosi)Mirzaobod tumanidagi muhandislik maktabi10.Surxondaryo viloyatiJarqoʻrgʻon qurilish va transport texnikumiJarqoʻrgʻon tumanidagi muhandislik maktabi11.Toshkent viloyatiToshkent viloyati pedagogika texnikumiAngren shahridagi muhandislik maktabi12.Fargʻona viloyatiFargʻona yuridik texnikumiFargʻona shahridagi muhandislik maktabi13.Xorazm viloyatiUrganch shahar 1-son politexnikumiUrganch shahridagi muhandislik maktabi
Izoh: faoliyati tugatiladigan akademik litsey va texnikumlarda oʻquv jarayoni amaldagi oʻquvchilar uni bitirib olgunga qadar amalga oshirilishi inobatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 2-ILOVA
Muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari
ROʻYXATI
T/rHududlarMuhandislik oliygohlari Muhandislik maktabi 1.Qoraqalpogʻiston RespublikasiNukus davlat texnika universiteti Nukus shahridagi muhandislik maktabi 2.Andijon viloyatiAndijon davlat texnika instituti Andijon shahridagi muhandislik maktabi3.Buxoro viloyatiBuxoro davlat texnika universiteti Buxoro shahridagi muhandislik maktabi4.Jizzax viloyatiJizzax politexnika institutiJizzax shahridagi muhandislik maktabi5.Qashqadaryo viloyatiQarshi davlat texnika universiteti Qarshi shahridagi muhandislik maktabi6.Navoiy viloyatiNavoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Navoiy shahridagi muhandislik maktabi7.Namangan viloyatiNamangan davlat texnika universitetiNamangan shahridagi muhandislik maktabi8.Samarqand viloyatiSamarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiSamarqand shahridagi muhandislik maktabi9.Sirdaryo viloyatiToshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialiMirzaobod tumanidagi muhandislik maktabi10.Surxondaryo viloyatiTermiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Jarqoʻrgʻon tumanidagi muhandislik maktabi11.Toshkent viloyatiToshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali Angren shahridagi muhandislik maktabi12.Fargʻona viloyatiFargʻona davlat texnika universiteti Fargʻona shahridagi muhandislik maktabi13.Xorazm viloyatiAl-Xorazmiy universitetiUrganch shahridagi muhandislik maktabi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 3-ILOVA
Muhandislik maktablarini 2026 — 2028-yillarda kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va obodonlashtirish boʻyicha
MANZILLI ROʻYXAT
T/rHudud nomiQurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan muassasalar nomiQuvvatiJami 2026 — 2028-yillardashu jumladan:2026-yilda2027-yilda2028-yildaJami:7 980142751.Qoraqalpogʻiston RespublikasiNukus shahridagi muhandislik maktabi 360112.Andijon viloyatiAndijon shahridagi muhandislik maktabi900113.Buxoro viloyatiBuxoro shahridagi muhandislik maktabi825114.Jizzax viloyatiJizzax shahridagi muhandislik maktabi525115.Qashqadaryo viloyatiQarshi shahridagi muhandislik maktabi450116.Navoiy viloyatiNavoiy shahridagi muhandislik maktabi600117.Namangan viloyatiNamangan shahridagi muhandislik maktabi820118.Samarqand viloyatiSamarqand shahridagi muhandislik maktabi600119.Sirdaryo viloyatiMirzaobod tumanidagi muhandislik maktabi5401110.Surxondaryo viloyatiJarqoʻrgʻon tumanidagi muhandislik maktabi7201111.Toshkent viloyatiAngren shahridagi muhandislik maktabi4501112.Fargʻona viloyatiFargʻona shahridagi muhandislik maktabi4501113.Xorazm viloyatiUrganch shahridagi muhandislik maktabi5401114.Toshkent shahriMirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab*20011
Izohlar:
1) muhandislik maktablari 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida kapital rekonstruksiya qilinadi;
2) muhandislik maktablarini rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihalari Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi;
3) * Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab uchun zamonaviy laboratoriya va 200 oʻrinli yotoqxona binolari quriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi gʻoliblarini ragʻbatlantirish
MIQDORLARI
Izoh: ragʻbatlantirish toʻlovlari Davlat budjetining tegishli darajadagi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 5-ILOVA
“Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
