Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish toʻgʻrisida (PQ-279-son)
08.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Toshkent viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, oʻquv jarayonlariga eng soʻnggi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi etib Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoq va sohalarida, jumladan, muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish, konchilik sohalarida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash belgilansin.
II. Toshkent viloyatida muhandislik sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish
2. Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali negizida Olmaliq davlat texnika instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar:
(a) Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan bajariladigan amaliy tadbirlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Institut davlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
(b) Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Institutda davom ettiradi hamda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi beriladi;
(v) Institut Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(g) Institut faoliyatini moliyalashtirish:
(i) Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
(ii) 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
III. Taʼlim va ilmiy tadqiqot jarayonlarini amaliyotga integratsiya qilish
5. “Olmaliq KMK” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kombinat) Institutga asosiy sanoat hamkori sifatida biriktirilsin. Kombinat:
(a) 2026-yil 1-yanvarga qadar Institutning mutaxassislik kafedralari filiallarining faoliyatini Kombinat tarkibidagi korxonalarda samarali tashkil etishga koʻmaklashsin;
(b) Institut talabalari, professor-oʻqituvchilari va ilmiy izlanuvchilari uchun oʻquv va tadqiqot jarayonlarini Kombinatning Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish markazi hamda uning tarkibidagi Tajriba-boyitish fabrikasi laboratoriyalarida tashkil etish imkoniyatini yaratsin;
(v) har oʻquv yilida:
(i) Institutning yuqori kurs talabalarini haq toʻlanadigan amaliyotga jalb etsin;
(ii) Kombinatning texnologik va ishlab chiqarish jarayonlarida vujudga keladigan muammolarini Institut bilan hamkorlikda yechishga qaratilgan ilmiy loyihalarni tanlov asosida moliyalashtirsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Institutda geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan ilgʻor muhandislik maktabi (keyingi oʻrinlarda — “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi) Kombinat mablagʻlari hisobiga tashkil etiladi;
(b) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi Institut va Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS” Olmaliq filialiga xizmat koʻrsatadi;
(v) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabida taʼlim olish uchun akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar tanlov asosida saralab olinadi va amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi;
(g) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi yoʻnalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularni texnik va texnologik jihatdan taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;
(d) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabida sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yoʻlga qoʻyiladi;
(j) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalarni sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablagʻlari hisobidan birgalikda moliyalashtirish tizimi joriy etiladi;
(z) “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati Institut va Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS” Olmaliq filialining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Toshkent viloyati hokimligi “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi uchun sanoat hamkorlarini belgilashda mahalliy yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan qoʻyidagi yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻysin:
(a) sanoat hamkorlarining muammolari asosida qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish;
(b) iqtidorli talabalar va yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ular tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish;
(v) zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriyalar tashkil etish.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3153-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Toshkent viloyati hokimi Z.T. Mirzayev belgilansin.
12. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
PQ-279-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-279-son qaroriga 1-ILOVA
Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
(a) muhandislik, sanoat ishlab chiqarish, metallurgiya sohalari va hududning kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
(b) taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini tatbiq etish;
(v) taʼlim jarayoniga yetakchi xorijiy universitetlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan va ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bogʻliq boʻlgan taʼlim dasturlarini joriy etish;
(g) foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha yangi ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, ularni respublikaning geologiya va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda amaliyotga tatbiq qilish boʻyicha takliflar kiritish;
(d) amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-279-son qaroriga 2-ILOVA
Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan bajariladigan amaliy tadbirlar
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini boshlash uchun quyidagi amaliy tadbirlar bajariladi:
(a) uch oy muddatda Institut professor-oʻqituvchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) baholash tizimini ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda joriy etish;
(b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
(i) tanlov asosida Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari va grantlar hisobidan professor-oʻqituvchilar va doktorantlarni yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga stajirovka va malaka oshirishga yuborish;
(ii) oʻzaro kelishuv asosida yetakchi mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari (filiallari) bilan akademik mobillik dasturlarini yoʻlga qoʻyish;
(iii) kadrlar isteʼmolchilarining real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish;
(iv) Institutda bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun darslarni ingliz tilida oʻqitadigan alohida guruhlar tashkil etish;
(v) soha tashkilotlarida professor-oʻqituvchilar ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashgʻulot olib borishlari, talabalar malakaviy amaliyotlarini oʻtashlari uchun zarur shart-sharoitlarga ega Institut mutaxassislik kafedralari filiallarini tashkil etish;
(vi) Institut professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, talabalari tomonidan amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish hamda sotish maqsadida “spin-off” korxonasini tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-279-son qaroriga 3-ILOVA
Olmaliq davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
