“Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida (1191-V-son)
12.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon matnda davlat dasturi deb yuritiladi) 2025-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot”ni taraqqiy ettirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda aholining farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilgan.
Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar koʻrilgan. Davlat dasturining ijrosi hukumatning Rayosati majlislarida tanqidiy-tahliliy muhokama qilib borilgan.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 6 ta qarori, hukumatning 13 ta qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 3 ta qarori hamda 113 ta boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Bundan tashqari hukumat tomonidan mamlakatda olib borilgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan 61 ta qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritilgan.
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarning tahlili mamlakatimizda islohotlarning izchilligini taʼminlash, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish borasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar doirasida qator ishlar bajarilgan. Jumladan, 35 ta yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilib, bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrab olinishi 77 foizga yetkazilgan.
Kambagʻallik darajasini qisqartirish borasida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish uchun 2,4 trln. soʻm yoʻnaltirilgan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ulardan 156 290 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan, 174 885 nafar ayolga 11 trln. 555,9 mlrd. soʻm kredit ajratilgan, shuningdek “Ayollar daftari”ga kiritilgan 518 306 nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan.
“Yoshlar daftari” orqali 36,7 ming nafar yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 121,8 mlrd. soʻm yoʻnaltirilgan. Ishsiz va biznesini boshlash istagidagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar bandligi dasturi” qabul qilinib, 161,5 ming nafar yoshlarning bandligi taʼminlangan.
Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishidagi ustuvor maqsadlarga erishish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan. Izchil iqtisodiy islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlar makroiqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilgan. Xususan, oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulot 7,2 foizga, shu jumladan sanoat 6,6 foizga, qurilish 10,7 foizga, xizmatlar 8,2 foizga, qishloq xoʻjaligi 4 foizga oʻsgan. Eksport ilk bor 10,3 mlrd. dollarga yetgan. Jami qiymati 21 mlrd. AQSH dollari boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobarga oʻsish qayd etilgan.
Barqaror iqtisodiy oʻsish xalqaro reytinglar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining mavqeyini yanada oshirishga xizmat qilgan. Xususan S&P va Moodyʼs xalqaro reyting agentliklari Oʻzbekistonning suveren reytingi boʻyicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirgan.
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish, “yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy etish borasida qator ishlar qilingan.
Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 137 mln. tup daraxt va buta koʻchatlari ekilgan, respublika boʻyicha 55 ta “yashil bogʻ” yaratilgan. 126,2 ming gektar “yashil qoplama”lar himoya oʻrmonzorlari barpo etilgan hamda oʻrmon bilan qoplangan yer maydonlari jami 4,76 mln. gektarga yetkazilgan.
Qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini oshirish yoʻnalishida 547,9 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan, natijada 705 mln. kub metr suv resurslari iqtisod qilingan.
Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan.
Oʻtgan davrda 30 dan ortiq xizmat va servislar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu portalda 54 ta yangi elektron xizmat joriy etilib, jami xizmatlar soni 764 taga yetkazilgan.
“Qonunlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish va koʻrib chiqish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1054-sonli Qonun bilan qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritishda qonun loyihasining va xalqaro shartnoma matnining huquqiy ekspertizasi natijalari hamda qonun loyihasining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etishga doir talablar belgilangan.
“Xavfsiz va tinchlikparvar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar doirasida mamlakatimizning xalqaro munosabatlardagi oʻrnini yanada mustahkamlash va hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha zarur choralar koʻrilgan. Jumladan, Oʻzbekistonning BMTdagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Daraxt ekish va oʻrmonlarni tiklash boʻyicha harakatlar oʻn yilligi” hamda “Zilzilalar qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni” rezolyutsiyalari qabul qilinishi taʼminlangan.
Shuningdek Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) toʻlaqonli aʼzo boʻlishi yoʻnalishida joriy yil 5 — 13-iyun kunlari Jeneva shahrida Oʻzbekiston ishchi guruhining oʻninchi yigʻilishi oʻtkazilgan. 55 ta qonunchilik hujjatining qabul qilinishi orqali 130 dan ortiq hujjat JST bitimlari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan.
Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishini taʼminlashda, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda parlament va hukumat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori bilan vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar va boshqa tashkilotlar Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga biriktirilgan. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan 50 dan ortiq ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan hamda hamkorlik rejalari tasdiqlangan.
Ushbu hamkorlik doirasida Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 2 marotaba eshitilgan, 4 marotaba “hukumat soati” oʻtkazilgan, mansabdor shaxslarga 5 ta parlament soʻrovi va 103 ta deputat soʻrovi yuborilgan. Shuningdek Qonunchilik palatasining qoʻmitalari majlislarida davlat organlari rahbarlarining axboroti 47 marotaba eshitilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida davlat dasturidagi bajarilishi belgilangan jami 277 ta topshiriqdan 224 tasining ijrosi toʻliq taʼminlangan, 25 tasining ijro muddati uzaytirilgan. Shu bilan birga 28 tasining ijrosini taʼminlash boʻyicha boshlangan ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Jumladan, eksport qilinayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish hamda xorijiy xaridorlarning shikoyatlari bilan ishlash tizimini yoʻlga qoʻyishga (4-ilova, 57-band), moliyaviy hisob tizimiga moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini keng joriy etishga (5-ilova, 2-band), respublika sanoatida hududiy sanoat ulushini 45 foizga olib chiqishga (5-ilova, 4-band), tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini kamaytirishga (11-ilova, 4-band) qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Biologik xavfsizlik toʻgʻrisida”gi (8-ilova, 22-band), “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish toʻgʻrisida”gi (5-ilova, 21-band) kabi, shuningdek sud tizimini moliyalashtirishda sud hokimiyati mustaqilligining kafolatlarini kuchaytirishga (11-ilova, 22-band), “Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan (11-ilova, 27-band) qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga qisqa muddatlarda kiritilishini taʼminlash zarur.
Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan Davlat budjeti mablagʻlarining oʻzlashtirilishini hamda maqsadli sarflanishini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yilga moʻljallangan har chorak kesimida tegishli yoʻnalish va hudud boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlash kerak.
Bundan tashqari Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan koʻtarilgan eksport geografiyasi va tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish ishlarini jadallashtirish, tibbiy profilaktikaga eʼtiborni kuchaytirish, taʼlim sifatini tubdan yaxshilash, yoshlarning bandligini taʼminlash, agrologistika markazlarini qurish, “yashil bogʻlar” yaratish, suv resurslarini tejash, davlat ekologik nazorat inspeksiyasining nazorati samaradorligini tubdan oshirish, “Ekofaol fuqaro” platformasini ishga tushirish kabi masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi lozim.
Davlat dasturidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar sohalar va hududlar kesimida, natijadorlik nuqtai nazaridan tahliliy yoritilishi maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan 25 ta va bajarilishi yakunlanmagan 28 ta topshiriqda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish;
davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan mutasaddi vazirliklar va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish;
davlat dasturida ikkinchi yarim yillikda ijro etilishi belgilangan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
davlat dasturida nazarda tutilgan har bir tadbirning, shu jumladan ijro muddati “yil davomida”, “doimiy” etib belgilangan vazifalarning bajarilishini ularning natijadorligi nuqtai nazaridan tahlil qilib borish;
2025-yilga moʻljallangan har chorak kesimida tegishli yoʻnalish va hudud boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi holatini doimiy tahlil qilish;
davlat dasturida belgilangan qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda ishlab chiqishda Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
davlat dasturining bajarilishi yuzasidan hisobotni muhokama qilish jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal qilish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini izchil davom ettirish;
davlat dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarning joylardagi ijro etilishi holati deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida oʻrganib borilishini taʼminlash;
davlat dasturida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tadbirlarning samarali tashkil qilinishi hamda ularga ajratilayotgan budjet mablagʻlarining maqsadli oʻzlashtirilishi ustidan parlament va deputat nazoratini kuchaytirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz majlislarida davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi holati yuzasidan mutasaddi vazirliklar va idoralar masʼullarining axborotini eshitib borsin hamda bu borada monitoring yuritsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 12-avgust,
1191-V-son
