Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida (PQ-274-son)
08.09.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Mamlakatimizda muhandislik sohasida ilgʻor texnik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish koʻnikmalariga ega, iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasiga koʻmaklasha oladigan, innovatsion mahsulot va xizmatlar yarata oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning uzviyligi va oʻzaro integratsiyasini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadi etib muhandis kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro taʼlim standartlariga javob beradigan namunaviy oliy taʼlim muassasasini tashkil etish orqali rivojlanib borayotgan sanoat tarmoqlarini yuqori malakali muhandis kadrlar bilan taʼminlash belgilansin.
II. Muhandislik sohasi uchun xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan “Boston consulting group” konsalting kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — “BCG” kompaniyasi) oʻrtasida 2025-yil 8-iyul kuni yangi texnika universitetini tashkil etish boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universiteti tashkil etilsin hamda uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “ToshTech” texnika universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) faoliyati “BCG” kompaniyasi bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyiladi;
(b) Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
(v) Universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil hisoblanadi;
(g) Universitetga bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish shartlarini, mustaqil belgilash vakolati beriladi;
(d) Universitetda:
(i) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan bir yillik tayyorlov kursi (foundation) joriy etiladi;
(ii) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim jarayoni yoʻlga qoʻyiladi;
(iii) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichlari joriy etiladi;
(j) Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida davlat va xorijiy tillarda amalga oshiriladi. Bunda:
(i) 2029/2030 oʻquv yiliga qadar oʻqishga qabul qilingan talabalar toʻliq davlat granti asosida oʻqitiladi;
(ii) talabalarni davlat granti asosida oʻqitish xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish “Yangi Oʻzbekiston” universiteti uchun oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
5. Quyidagilar:
(a) “ToshTech” texnika universitetining vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
(b) “ToshTech” texnika universiteti vasiylik kengashining asosiy vazifalari 3-ilovaga muvofiq;
(v) “ToshTech” texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Universitet faoliyatini moliyalashtirish
6. Belgilansinki, Universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish, xususan, taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, axborot tizimlarini yaratish hamda “BCG” kompaniyasi tomonidan Universitetni tashkil etish va rivojlantirish strategiyasi doirasida koʻrsatiladigan qoʻshimcha (shu jumladan, yordamchi pudrat tashkilotlari) xizmatlar boʻyicha xarajatlarni qoplash:
(a) 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida hamda joriy yilda maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
(b) 2026-yildan boshlab belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutiladi.
7. 2029-yil 1-iyunga qadar Universitet tomonidan chetdan olib kelinadigan muqobili Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilma, dasturiy va texnik vositalar hamda butlovchi qismlar bojxona bojidan ozod etilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
10. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
PQ-274-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-274-son qaroriga 1-ILOVA
“ToshTech” texnika universitetining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
Quyidagilar Universitetning asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
(a) muhandislik, energetika, uskunasozlik (hardware engineering), sunʼiy intellekt, mexanika muhandisligi, elektronika va avtomatika muhandisligi, neft va gaz, geologiya qidiruv va kon-metallurgiya sohalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan, xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash;
(b) “taʼlim muhiti — uchinchi oʻqituvchi” tamoyili asosida talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlash, oʻquv materiallarini samarali va puxta oʻzlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay taʼlim muhitini shakllantirish;
(v) taʼlim jarayonini xorijiy ilgʻor tajriba va zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan taʼlim dasturlari hamda taʼlim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
(g) muhandis kadrlarni tayyorlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro hamkor oliy taʼlim tashkilotlari bilan zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etish, sanoat tarmoqlarida mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni tashkil etish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish;
(d) taʼlim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar yetakchi taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
(j) muhandislik yoʻnalishidagi xorijiy bestseller oʻquv adabiyotlarini davlat tilida chop etish va taʼlimning barcha bosqichlarida qoʻllashni joriy etish;
(z) iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoji asosida zamonaviy laboratoriya majmuasini tashkil etish hamda bir vaqtning oʻzida tarmoqlar, talabalar va oʻqituvchilarni jalb etgan holda keng koʻlamda xoʻjalik faoliyatini olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-274-son qaroriga 2-ILOVA
“ToshTech” texnika universitetining vasiylik kengashi
TARKIBI
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vasiylik kengashi raisi kengash tarkibiga yangi aʼzolarni, shu jumladan, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislarini qoʻshimcha ravishda kiritish va uning tarkibidan chiqarish, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning ekspertlari va mutaxassislarini jalb etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-274-son qaroriga 3-ILOVA
“ToshTech” texnika universiteti vasiylik kengashining asosiy vazifalari
Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
(a) Universitetning strategik rivojlanish rejasini belgilash, zarur hollarda konsalting xizmati koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish;
(b) Universitet faoliyati toʻlaqonli tashkil etilishini taʼminlash, uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq masalalarni hal etish;
(v) zarur loyiha hujjatlarini tayyorlash, qurilish-montaj va taʼmirlash-tiklash ishlarini, Universitetni jihozlash, infratuzilmasini yaratish va moddiy-texnik taʼminlashga doir vazifalarni muvofiqlashtirib borish;
(g) talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish, mehnat bozori talabini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash;
(d) Universitetda oʻqish uchun toʻlov-kontrakt qiymatini belgilash;
(j) talabalarni qabul qilish parametrlarini mehnat bozori konyunkturasini oʻrganish va hamkor ish beruvchilar buyurtmalari asosida belgilash;
(z) Universitet faoliyatini rivojlantirish uchun homiylik xayriyalari, grantlar va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;
(i) Universitet kampusini tashkil etish va uning infratuzilmasini rivojlantirish, Universitetning moddiy-texnika, oʻquv-uslubiy bazasini mustahkamlash;
(k) iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar taʼsis etish, talabalarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-274-son qaroriga 4-ILOVA
“ToshTech” texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: ushbu “yoʻl xaritasi”ga “BCG” kompaniyasi tavsiyalariga koʻra Universitetning vasiylik kengashi qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
