Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida (1213-V-son)
18.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2025-yil 19-avgust kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida”gi QL-86-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (“Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori yoki harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida”) (ikkinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-123-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Atom energiyasi sohasidagi munosabatlar yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi QL-124-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“Bank tizimini isloh qilish hamda banklarni transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi T. Ishmetovning javobi haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A. Ikramovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar orasida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida;
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni koʻrsatish, shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha kelishuv komissiyasini tuzish haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. XODJAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 18-avgust,
1213-V-son
