Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-280-son)
09.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi PF-80-son Farmoniga muvofiq hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining rolini oshirish, shuningdek, notariuslar faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
1. 2026-yil 1-martdan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha boʻlgan quyidagi fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi joriy etilsin:
(a) notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
(b) yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
(v) ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.
2. Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Notarial palatasining 2026-yil 1-apreldan boshlab notariuslar faoliyatiga quyidagilarni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oliy malaka komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra notarius oʻz roziligi bilan ish faoliyatini yetmish yoshgacha amalga oshirishi mumkin;
(b) davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihoni oʻrniga axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda quyidagi ikki bosqichdan iborat boʻlgan yagona tanlov tartibini joriy etish:
(i) birinchi bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari boʻyicha test sinovlaridan oʻtadi. Bunda test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladi;
(ii) ikkinchi bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi;
(v) mazkur bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan yagona tanlovda ishtirok etishga faqat Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga ruxsat berish;
(g) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga koʻra bajara olmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;
(d) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima koʻrinishidagi muqobil taʼsir choralarini qoʻllash mexanizmini joriy etish;
(j) notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan gerbli (maxsus) blankalarni unifikatsiya qilish orqali yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish. Bunda:
(i) notarial harakatlarni maxsus gerbli blankada rasmiylashtirish taraflarning xohishiga koʻra amalga oshirilishi mumkin;
(ii) videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilgan notarial harakatlar gerbli (maxsus) blankalarda rasmiylashtirilishi talab etilmaydi;
(z) notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlash.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq notarial xizmatlar koʻrsatishda quyidagi talablar bekor qilinadi:
(a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab:
(i) respublika hududida notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — Tizim) majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish;
(ii) notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayllarini elektron qurilmalarda saqlash. Bunda ushbu turdagi audio va videoyozuvlar fayllarini Tizimda toʻgʻridan-toʻgʻri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish. Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.
4. Adliya vazirligiga notariat sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
(a) muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash;
(b) olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni yagona tanlovda ishtirok etmagan holda Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida tayinlash.
5. Quyidagilar:
(a) Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar reja-grafigi 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda:
(a) kamida uch yil davomida notariuslik faoliyatini amalga oshirgan notariuslarga Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius sifatida oʻzlari tanlagan respublikaning istalgan boshqa hududida faoliyatini davom ettirish huquqi beriladi;
(b) davlat notarial idorasi notariusi lavozimi joriy etilganida har bir davlat notarial idorasi uchun kamida bir nafardan notarius yordamchisi va notarius kotibi shtat birliklarini majburiy tarzda joriy etish haqidagi talab tatbiq etilmaydi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab koʻchmas mulk va undagi ulushlar bilan bogʻliq barcha bitimlar notarius tomonidan Tizim orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yuborilib, koʻchmas mulk obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va maʼlumotlar bazalarida yangilanadi.
8. Kadastr agentligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Soliq qoʻmitasi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ 2026-yil 1-aprelga qadar oʻz axborot tizimlarining belgilangan tartibda toʻliq integratsiyasini taʼminlab, maʼlumotlar avtomatik tarzda yangilanishini yoʻlga qoʻysin.
9. Manfaatdor vazirlik va idoralar uch oy muddatda 2022-yil 1-oktabrga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan qoʻyilgan taqiqlarni tegishliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazsin va saqlab qolinishi lozim boʻlgan taqiqlar roʻyxatini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va mol-mulk haqidagi maʼlumotlar (identifikator) asosida shakllantirib, Adliya vazirligiga taqdim etsin.
10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqiq (xatlov)lar roʻyxatini shakllantirsin va ularni bekor qilish choralarini koʻrsin.
11. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:
(a) uch oy muddatda yangi tahrirdagi “Notariat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini. Bunda, shu jumladan, quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etilishi nazarda tutilsin:
(i) vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish;
(ii) er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash;
(iii) meros shartnomasini notarial tasdiqlash;
(iv) mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash;
(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.
12. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) 2026-yil 1-mayga qadar quyidagilarni tasdiqlasin:
(a) davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olishga talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini;
(b) muayyan hudud (notarial okrug)dagi notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash tartibini;
(v) notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish, nikoh shartnomalari, videokonferensaloqa rejimi orqali notarial harakatlarni rasmiylashtirish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
14. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-sentabr,
PQ-280-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar
ROʻYXATI
T/rHudud nomiQoraqalpogʻiston Respublikasi1.Boʻzatov tumani2.Moʻynoq tumaniAndijon viloyati3.Ulugʻnor tumaniQashqadaryo viloyati4.Dehqonobod tumaniBuxoro viloyati5.Qorovulbozor tumaniJizzax viloyati6.Zafarobod tumani7.Yangiobod tumaniNavoiy viloyati8.Tomdi tumani9.Gʻozgʻon shahriSirdaryo viloyati10.Sardoba tumani11.Shirin shahriSamarqand viloyati12.Qoʻshrabot tumaniSurxondaryo viloyati13.Bandixon tumaniToshkent viloyati14.Bekobod tumani Fargʻona viloyati15.Soʻx tumaniXorazm viloyati16.Tuproqqalʼa tumani
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga 2-ILOVA
Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
ROʻYXATI
T/rNotariuslar tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlariAriza beruvchilar toifasiXizmat koʻrsatish shakliXizmat koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatXizmat koʻrsatish muddati1.Notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan hujjatlarning dublikatini berishJismoniy va yuridik shaxslarAnʼanaviy shakldaNotarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikati5 ish kuni2.Idoraviy notarial arxivga topshirilgan notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestr kitobidan koʻchirma berishJismoniy va yuridik shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaReyestr kitobidan koʻchirma2 ish kuni3.Notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan arxiv hujjatlaridan nusxa berishJismoniy va yuridik shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaArxiv hujjatlaridan nusxa2 ish kuni4.Idoraviy notarial arxivda saqlanayotgan hujjatlar boʻyicha arxiv maʼlumotnomasini berishJismoniy va yuridik shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaArxiv maʼlumotnomasi1 ish kuni5.Doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun ariza yuborishJismoniy shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaAriza yuborilganligi haqida maʼlumot1 kun6.Tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish va oʻlim holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilgani boʻyicha maʼlumotnoma berishJismoniy shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaMaʼlumotnoma2 kun7.Otalik belgilanganligi haqida maʼlumotnoma berishJismoniy shaxslarAnʼanaviy va elektron shakldaMaʼlumotnoma2 kun
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga 3-ILOVA
2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar
REJA-GRAFIGI
T/rNotarial harakat nomiIjro muddatiMasʼul ijrochilar1.Barcha turdagi ishonchnomalarni bekor qilish2025-yil dekabrAdliya vazirligi2.Ijro xatlarini yozish3.Nikoh shartnomasini tasdiqlash2026-yil iyunAdliya vazirligi,Ichki ishlar vazirligi4.Boshqa turdagi arizalardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash5.Avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash6.Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar berish2026-yil dekabrAdliya vazirligi,Kadastr agentligi,Ichki ishlar vazirligi,Markaziy bank7.Marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) arizasiga koʻra umumiy mol-mulkdagi ulushga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berish8.Ipoteka shartnomasini tasdiqlash9.Turar joyning oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash2027-yil martAdliya vazirligi,Kadastr agentligi,Ichki ishlar vazirligi10.Turar joyning hadya shartnomasini tasdiqlash11.Qarz shartnomasini tasdiqlash12.Avtomototransport vositasini ayirboshlash shartnomasini tasdiqlash13.Vasiyatnomalarni tasdiqlash14.Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqlash15.Koʻchmas mulkni ayirboshlash toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlash2027-yil sentabrAdliya vazirligi,Kadastr agentligi,Ichki ishlar vazirligi,Markaziy bank16.Turar joyning ijara shartnomasini tasdiqlash17.Noturar joyning ijara shartnomasini tasdiqlash18.Shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqlash19.Koʻchmas mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash20.Avtomototransport vositasidan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga 4-ILOVA
2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/rChora-tadbirlar nomiAmalga oshirish shakliBajarish muddatiMasʼul ijrochilarI. Notariat sohasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish1.“Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish va unda quyidagilarni nazarda tutish:yangi notarial harakatlarni joriy etish, shu jumladan, vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish, er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash, meros shartnomasini notarial tasdiqlash, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash;fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha qarz undirishni notariusning ijro xatlariga asosan amalga oshirish, bunda qarzdordan eʼtiroz kelib tushganda notarius tomonidan ijro xatini bekor qilish hamda ijro xatidagi xatolarni va ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish;notariuslik lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish;xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning ixtiyoriy arizasiga asosan uning litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarga ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yoki sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun mutanosib ravishda qoʻllaniladigan taʼsir choralari (ogohlantirish va jarima), ularning miqdorlari, muddatlari va qoʻllash tartibini belgilash;notarial rasmiylashtiriladigan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlashni yoʻlga qoʻyish.Qonun loyihasi2025-yil dekabrAdliya vazirligi(Tashkulov),Oliy sud(Islamov),Notarial palata(Ashurov),manfaatdor vazirlik va idoralar2.Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish va unda quyidagilarni nazarda tutish:vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish;er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash;meros shartnomasini notarial tasdiqlash;mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash.Qonun loyihasi2025-yil dekabrAdliya vazirligi(Tashkulov),manfaatdor vazirlik va idoralar3.Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni xatlovdan oʻtkazgan holda ularning yangilangan loyihalarini ishlab chiqish. Bunda ijro xatlarini yozish, vasiyatnomalar, meros shartnomalari va nikoh shartnomalarini tasdiqlash hamda notarial harakatlarni masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali amalga oshirish tartiblari belgilanadi.Adliya vazirining buyrugʻi2026-yil aprelAdliya vazirligi(Tashkulov),Notarial palata(Ashurov),manfaatdor vazirlik va idoralar4.Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini olishga talabgorlar uchun tanlov oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini tasdiqlash.Adliya vazirining buyrugʻi2026-yil aprelAdliya vazirligi(Tashkulov),Bilim va malakalarni baholash agentligi(Karimov),Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(Burxanov),Notarial palata(Ashurov),manfaatdor vazirlik va idoralar5.Muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notariuslar lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash tartibini tasdiqlash.Olis (chekka) va notariuslik lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hududlarda (notarial okrugda) davlat notarial idorasi notariusi lavozimini tashkil etish va davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tanlovda ishtirok etmagan holda Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida notariusni tayinlash tartibini joriy etish.Adliya vazirining buyrugʻi2026-yil aprelAdliya vazirligi(Tashkulov),Notarial palata(Ashurov),manfaatdor vazirlik va idoralar6.Notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish.Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi2026-yil martAdliya vazirligi(Tashkulov),Notarial palata(Ashurov),manfaatdor vazirlik va idoralar7.Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish. Bunda Oliy malaka komissiyasi tomonidan:amaliy imtihonni oʻtkazish;notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini 70 yoshgacha uzaytirish masalasini koʻrib chiqish;olis (chekka) va notariuslik lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hududlar (notarial okrug) uchun davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga suhbat asosida notariusni tayinlash nazarda tutiladi.Adliya vazirining buyrugʻi2026-yil martAdliya vazirligi(Tashkulov)8.Talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibini belgilash.Adliya vazirining buyrugʻi2026-yil martAdliya vazirligi(Tashkulov)9.Koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlash jarayonini majburiy audio va video yozuvga qayd etish va “Notarius” AATga yuklash talabini belgilash.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2025-yil noyabrAdliya vazirligi(Tashkulov), Notarial palata(Ashurov)10.Merosxoʻrlarni qasddan yashirish holatlariga yoʻl qoʻygan fuqarolarni noloyiq merosxoʻr deb topish va ularga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2027-yil dekabrAdliya vazirligi(Tashkulov),Oliy sud(Islamov),Bosh prokuratura(Yoʻldoshev),manfaatdor vazirlik va idoralar11.Adliya organlari balansida boʻlgan va xususiy notariuslar ijara huquqi asosida foydalanib kelayotgan binolarni ularga auksion orqali sotish tartibini belgilash.Normativ-huquqiy hujjat loyihasi2026-yil aprel Adliya vazirligi(Tashkulov),Davlat aktivlarini boshqarish agentligi(Ortikov),manfaatdor vazirlik va idoralarII. Notariuslar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish12.Notarial harakatlarni amalga oshirishda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali fuqarolarning shaxsini verifikatsiya qilish mexanizmini yaratish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil dekabrAdliya vazirligi(Tashkulov),Raqamli texnologiyalar vazirligi(Shermatov)13.Barcha notarial idoralarga optik tolali aloqa tarmogʻini oʻrnatish choralarini koʻrish.Amaliy chora-tadbirlar2026-yil yanvarAdliya vazirligi(Tashkulov),Raqamli texnologiyalar vazirligi(Shermatov)14.“E-notarius.uz” axborot portalining mobil ilovasini yaratish.Amaliy chora-tadbirlar2026-yil martAdliya vazirligi(Tashkulov),Raqamli texnologiyalar vazirligi(Shermatov)15.Notariusning ijro xatlarini elektron hujjat sifatida shakllantirish hamda undiruvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlariga elektron hujjat aylanish tizimi orqali yuborish amaliyotini joriy etish.Amaliy chora-tadbirlar2026-yil martAdliya vazirligi(Tashkulov),Bosh prokuratura(Yoʻldoshev),manfaatdor vazirlik va idoralar16.Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar boʻyicha elektron maʼlumot bazasini toʻliq shakllantirish va “Notarius” AATga integratsiya qilish.Amaliy chora-tadbirlar2026-yil aprelOliy sud(Islamov),Adliya vazirligi(Tashkulov)17.Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxati boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborot tizimi va “Notarius” AATni oʻzaro integratsiya qilish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil dekabrAdliya vazirligi(Tashkulov),Bosh prokuratura(Xatamov)III. Notarial idoralar faoliyati samaradorligini taʼminlash18.Notariuslar tomonidan kompozit shaklda quyidagi davlat xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish:notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan hujjatlarning dublikatini berish;notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestr kitobidan koʻchirma berish;notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan arxiv hujjatlaridan nusxa berish;idoraviy notarial arxivda saqlanayotgan hujjatlar boʻyicha arxiv maʼlumotnomasini berish;doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun ariza yuborish;tugʻilganlik, oʻlim, nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralishni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilganligi boʻyicha maʼlumotnoma berish;otalik belgilanganligi haqida maʼlumotnoma berish.Kompleks chora-tadbirlar2026-yil fevralAdliya vazirligi(Tashkulov)19.Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan qoʻshimcha davlat xizmatlari sonini oshirish masalasini koʻrib chiqish.Kompleks chora-tadbirlar2026-yil mayAdliya vazirligi(Tashkulov),manfaatdor vazirlik va idoralar20.Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadigan ariza va ishonchnomalarni “Notarius” AATga yuborish tartibini joriy etish.Kompleks chora-tadbirlar2026-yil iyulAdliya vazirligi(Tashkulov),Tashqi ishlar vazirligi(Saidov)21.Koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlarni kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarda avtomatik tarzda oʻzgartirish tartibini joriy etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish.Kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash2025-yil dekabrKadastr agentligi(Pulatov),Adliya vazirligi(Tashkulov),Energetika vazirligi(Mirzamahmudov),Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi(Xidoyatov),Soliq qoʻmitasi(Kudbiyev),“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ(Asqarov),“Hududgaztaʼminot” AJ(Xodjayev),“Oʻzsuvtaʼminot” AJ(Suvonqulov),manfaatdor vazirlik va idoralarMaʼlumotlarni avtomatik tarzda oʻzgartirish tartibini joriy etish2026-yil 1-aprelga qadar22.2022-yil 1-oktabrga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan qoʻyilgan taqiqlarni tegishliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazish va saqlanib qolinishi lozim boʻlgan taqiqlar roʻyxatini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va obyekt identifikatorlari asosida shakllantirib, Adliya vazirligiga taqdim etish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil dekabrManfaatdor vazirlik va idoralar,Adliya vazirligi(Tashkulov)Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqiq (xatlov)lar roʻyxatini shakllantirish va taqiqdan chiqarish choralarini koʻrish.2026-yil aprel
