Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0101-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (21-son)
01.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 2 sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 369]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0101-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2003-yil 28-oktabrda tasdiqlangan “Oʻzbekiston shaharlarida turar-joy massivlarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari” 0144-03-son SanQvaM oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 1-avgust,
21-son
Kelishildi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirning birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2025-yil 29-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 22-iyul
Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2025-yil 4-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 4-iyul
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 1-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 1-avgustdagi 21-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0101-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligiga doir sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
qurilish zichligi — qurilgan hudud maydonini yer uchastkasining umumiy maydoniga nisbati;
turar joy mavzesi — magistral koʻchalarga tutash, turar joy binolari va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari majmuasi boʻlgan, shahar turar joy qurilishining birlamchi birligi;
kam qavatli turar joy binolari — mansarda qavatini ham qoʻshib hisoblaganda 1 — 3 qavatli turar joy binolari;
oʻrta qavatli turar joy binolari — mansarda qavatini ham qoʻshib hisoblaganda 4 — 9 qavatli turar joy binolari;
koʻp qavatli turar joy binolari — 10 — 16 qavatli turar joy binolari.
2. Aholi punktlaridagi turar joy mavzelarini loyihalashtirish va rekonstruksiya qilishda quyidagilarga rioya qilinishi lozim:
shovqin yutuvchi va mikroiqlimni moʻtadillashtiruvchi mavjud yashil maydonlarni saqlash va yangi yashil maydonlarni yaratishga;
yashil maydonlarni qisqartirmaslik, zarur funksional zonalar, dam olish joylari, oʻyin maydonchalari, shuningdek turar joy binolari aholisi uchun jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadigan joylar, bolalar oʻyingohlarini yoʻq qilmaslikka.
3. Turar joy mavzelaridagi dam olish joylari, xoʻjalik maydonlari, yashil hududlar, sugʻorish moslamalarini joylashtirish uchun moʻljallangan joylar oʻrnida turar joy binolari va avtoturargohlarni loyihalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishda qurilish zichligiga doir sanitariya-gigiyena talablari
4. Qurilish zichligi quriladigan hudud maydonini yer uchastkasining umumiy maydoniga nisbatidan kelib chiqib belgilanishi lozim.
5. Aholi punktlarida turar joy binolarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, zichlashtirishda qurilish turiga koʻra, quyidagi zichlik koeffitsiyentlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi:
koʻp qavatli turar joy binolarini yangidan qurish hududlari uchun — 1,2;
rekonstruksiya qilinadigan koʻp qavatli turar joy binolarini hududlari uchun — 1,6;
kam va oʻrta koʻp qavatli turar joy binolarini qurish hududlari uchun — 0,8;
tomorqali (yakka tartibdagi) uy-joylar hududlari uchun — 0,4.
6. Yangi turar joy mavzelari, kichik dahalar, turar joy majmualarini loyihalash va qurishda mazkur sanitariya qoidalarining ilovalarida keltirilgan koʻrsatkichlar hisobga olinishi kerak.
7. Yangi qurilayotgan turar joy binolariga tutash hududda kamida quyidagi turdagi oʻyin maydonchalari joylashtirilishi lozim:
tinch dam olish uchun maydonchalar — goʻdaklar, kattalar va qariyalar uchun birlashtirilgan dam olish joylari;
bolalar uchun oʻyin maydonchalari — ilk bolalik (bir yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolalar), maktabgacha boʻlgan kichik yosh (uch yoshdan toʻrt yoshgacha), maktabgacha boʻlgan oʻrtacha yosh (toʻrt yoshdan besh yoshgacha), maktabgacha boʻlgan katta yosh (besh yoshdan yetti yoshgacha) bolalar uchun belanchaklar, argʻimchoqlar, dovonlar, suv havzalari bilan jihozlangan joylar;
bolalar uchun shovqinli oʻyin maydonchalari — maktab yoshidagi (yetti yosh va undan katta) bolalar uchun sport gimnastika anjomlari (voleybol, basketbol toʻrlari, devorlar) bilan jihozlangan maydonlar (yashash binolarining derazalaridan 30 — 40 m masofada);
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish maydonchalari (yetti yosh va undan katta boʻlgan bolalar uchun);
suv qurilmalari maydonchalari (chayqash va choʻmilish hovuzlari);
xoʻjalik maydonchalari.
Bunda, turar joy binolariga tutash hududlardagi maydonchalar mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
8. Turar joy mavzelarida umumiy foydalanish uchun yashil maydonlar, turar joy binolariga toʻgʻridan-toʻgʻri tutash, shuningdek turli maqsadlar uchun uchastkalarga ajratuvchi chiziqlar koʻrinishidagi maydonlarni loyihalashda SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalari (hisob raqami 261, 2024-yil 24-iyun) talablariga rioya qilinishi zarur.
9. Turar joy mavzelaridagi yashil maydonlarning sigʻimlari mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
10. Turar joy mavzelarini rivojlantirish uchun turli xil hajmli rejalashtirish yechimlari quyidagi uchta asosiy turga boʻlinadi:
I — yopiq va yarimyopiq;
II — tarqalgan;
III — yagona hajmda birlashtirilgan.
3-bob. Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishda qurilish zichligiga erishishga doir sanitariya-gigiyena talablari
11. Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini qurilish zichligi boʻyicha quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
aholi punktining bosh rejasini oʻrganish;
jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha sotsiologik tadqiqotlarni oʻtkazish.
12. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining 3-ilovasida keltirilgan.
Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0101-25-son SanQvaN) 1-ILOVA
Turar joy binolariga tutash hududlardagi maydonchalar sigʻimlari
Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0101-25-son SanQvaN) 2-ILOVA
Turar joy mavzelaridagi yashil maydonlarning sigʻimlari
Oʻzbekiston hududlarida turar joy mavzelarini rivojlantirishning maqbul va ruxsat etilgan zichligi boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0101-25-son SanQvaN) 3-ILOVA
