7-modda. Foydali modelning patentga layoqatlilik shartlari
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Agar foydali model sifatida koʻrsatilgan obyekt yangi boʻlsa va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, u huquqiy muhofaza qilinadi.
Agar foydali modelning muhim belgilari majmui texnika taraqqiyoti darajasidan maʼlum boʻlmasa, u yangi deb hisoblanadi.
Texnika taraqqiyoti darajasi talabnomada koʻrsatilgan foydali model amalga oshirishi mumkin boʻlgan vazifalarni bajara oladigan vositalar haqidagi Oʻzbekiston Respublikasida hamma foydalana oladigan barcha maʼlumotlarni, shuningdek ularni qoʻllashga doir maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Foydali model, agar undan amalda foydalanish mumkin boʻlsa, sanoatda qoʻllash mumkin deb hisoblanadi.
Foydali modelga taalluqli axborotning muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita shu axborotni olgan har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor etilishi, agar foydali modelga patent berish haqidagi talabnoma axborot oshkor etilgan sanadan eʼtiboran koʻpi bilan olti oy ichida Vazirlikka topshirilgan boʻlsa, foydali modelning patentga layoqatliligini tan olishga taʼsir koʻrsatadigan holat sifatida eʼtirof etilmaydi. Bunda ushbu holni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida boʻladi.
Har qanday sohada:
mahsulotga (xususan, qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, oʻsimliklar yoki hayvonlar hujayralarining turlariga);
usulga (moddiy vositalar yordamida moddiy obyekt ustida xatti-harakatlarni amalga oshirish jarayoniga) taalluqli boʻlgan texnik yechim foydali model sifatida eʼtirof etiladi.
Ushbu Qonun 6-moddasining toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan obyektlar foydali modellar sifatida muhofaza qilinmaydi.
