331-modda. Sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.
Patent egasining arizasi asosida Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) sanoat mulki obyektlaridan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshiradi. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan oʻtkaziladigan tekshiruvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jarimalar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladigan tekshiruvlar asosida adliya organi tomonidan solinadi. Bunda tekshiruv davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, u tegishincha adliya organining va huquqbuzar yuridik shaxsning (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi.
Huquqbuzar (uning vakili) dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, adliya organining mansabdor shaxsi ushbu faktni koʻrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak.
Undirilgan jarima miqdorining oʻn foizi Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
