32-modda. Sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini berish
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Patent egasi boʻlmagan har qanday shaxs patent bilan muhofaza qilingan sanoat mulki obyektidan faqat patent egasining ruxsati bilan litsenziya shartnomasi asosida foydalanishga haqli.
Patent egasi sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini har qanday shaxsga berish toʻgʻrisida (ochiq litsenziya) Vazirlikka ariza topshirishi mumkin. Bu holda patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun undiriladigan patent boji shunday ariza toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Vazirlik tomonidan eʼlon qilinganidan keyingi yildan boshlab ellik foizga kamaytiriladi.
Ochiq litsenziyani olish istagini bildirgan shaxs patent egasi bilan oddiy (nomutlaq) litsenziya berish toʻgʻrisida shartnoma tuzishi shart. Shartnoma shartlari boʻyicha nizolar sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Patent egasining ochiq litsenziyaga nisbatan huquq berish haqidagi arizasi chaqirib olinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat mudofaasi va xavfsizligini taʼminlash, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish bilan bogʻliq soʻnggi zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda, sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanilishiga uni bu haqda eng qisqa muddatda xabardor qilgan va keyinchalik mutanosib miqdorda unga tovon toʻlagan holda ruxsat berishi mumkin.
Tovon miqdorini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
