30-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Mahsulotda (buyumda) ixtironing, foydali modelning formula mustaqil bandiga kiritilgan har bir belgisi yoki unga muodil boʻlgan belgi qoʻllanilgan boʻlsa, bu mahsulot (buyum) patentlangan ixtiro, foydali modeldan foydalanilgan holda tayyorlangan, ixtiro yoki foydali model patenti bilan muhofaza etiladigan usul esa, qoʻllanilgan deb eʼtirof etiladi.
Mahsulotni olish usuliga berilgan patentning amal qilishi aynan shu usul yordamida olingan mahsulotga ham tatbiq etiladi.
Agar patentlangan usul bilan olingan mahsulot yangi boʻlsa, aksini isbotlovchi dalillar mavjud boʻlmagan taqdirda, aynan oʻxshash mahsulot patentlangan usuldan foydalanish orqali olingan hisoblanadi.
Agar mahsulotda patent berilgan sanoat namunasining muhim belgilari majmui boʻlsa, u patentlangan sanoat namunasidan foydalanilgan holda tayyorlangan deb eʼtirof etiladi.
