20-modda. Patent berish haqidagi talabnomaning davlat ekspertizasi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Davlat muassasasi patent berish haqidagi talabnoma boʻyicha rasmiy ekspertiza, foydali model haqidagi talabnoma ekspertizasi hamda ixtiro haqidagi talabnomaning yoki sanoat namunasi haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasidan iborat boʻlgan davlat ekspertizasini oʻtkazadi.
Talabnoma beruvchi patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy mobaynida talabnomada koʻrsatilgan sanoat mulki obyektining mohiyatini oʻzgartirmagan holda unga tuzatishlar, aniqliklar yoki qoʻshimcha materiallar kiritish huquqiga ega. Patent berish haqidagi talabnoma boʻyicha tuzatishlar, aniqliklar yoki qoʻshimcha materiallar patent boji toʻlangan taqdirda, koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin, lekin Davlat muassasasi patent berish haqida qaror qabul qilguniga qadar taqdim etilishi mumkin.
Belgilangan talablar buzilgan holda rasmiylashtirilgan patent berish haqidagi talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga soʻrov yuborilib, unda shu soʻrov yoʻllangan sanadan eʼtiboran uch oy ichida tuzatishlar kiritilgan yoki yetishmayotgan materiallarni taqdim etish taklif qilinadi. Agar talabnoma beruvchi soʻralgan materiallarni yoki belgilangan muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrsatilgan muddatda taqdim etmasa, patent berish haqidagi talabnoma chaqirib olingan hisoblanadi. Belgilangan muddat talabnoma beruvchining iltimosnomasiga koʻra shu muddat oʻtgan sanadan keyin koʻpi bilan oʻn ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Sanoat mulki obyekti birligi talablari buzilgan holda topshirilgan patent berish haqidagi talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga tegishli soʻrov unga yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy muddat ichida ushbu obyektlardan qaysi biri koʻrib chiqilishi lozimligini xabar qilish hamda tegishincha talabnoma hujjatlariga aniqliklar kiritish taklif qilinadi. Dastlabki talabnoma materiallariga kiritilgan boshqa obyektlar alohida talabnomalarga ajratilishi mumkin. Agar talabnoma beruvchi ushbu obyektlardan qaysi birini koʻrib chiqish zarurligini xabar qilmasa va aniqlik kiritilgan materiallarni taqdim etmasa, ixtiro, foydali model formulasida yoki sanoat namunasi tavsifida birinchi qilib koʻrsatilgan obyekt davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi.
