Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3672-son)
26.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 26-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3672]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-son “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo sanoat palatasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2025-yil 1-sentabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-avgust,
01/2-40-son
Kelishildi:
Savdo sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 19-avgust
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 19-avgust
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari J. JABBOROV
2025-yil 19-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2025-yil 20-avgustdagi 01/2-40-son buyrugʻiga ILOVA
Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasportni oʻrnatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom talablari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalarida (bundan buyon matnda hududiy inspeksiyalar deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtgan barcha qurilish obyektlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizom talablari davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport — qurilayotgan obyekt tashqarisiga joylashtiriladigan va obyekt haqidagi maʼlumotlarni (obyekt nomi, ruxsatnoma raqami, qurilish muddati va boshqalar), masʼul shaxslar bilan bogʻlanish imkoniyatlarini hamda elektron pasportga havolani oʻz ichiga oluvchi axborot majmui;
buyurtmachi — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va buzishning amalga oshirilishini taʼminlovchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.
2-bob. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport tayyorlash, oʻrnatish tartibi hamda muddatlari
4. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport qurilish obyekti hududiy inspeksiyalarda roʻyxatdan oʻtgan kunda buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki barcha uchun koʻrinadigan joyda majburiy tartibda oʻrnatiladi.
5. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport buyurtmachi tomonidan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda tayyorlanadi. Bunda, QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasportda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
obyektning nomi va manzili;
buyurtmachi tashkilotning nomi;
loyiha tashkiloti nomi;
pudratchi tashkilotning nomi;
buyurtmachining texnik nazorat boʻyicha mutaxassisi familiyasi, ismi, otasining ismi va xizmat telefon raqamlari;
loyihachining mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassisi familiyasi, ismi, otasining ismi va xizmat telefon raqamlari;
pudratchining ichki nazorat boʻyicha mutaxassisi familiyasi, ismi, otasining ismi va xizmat telefon raqamlari;
qurilish muddati (boshlangan sana va yakunlash sanasi);
obyektning umumiy koʻrinishlari;
obyektning qirqimi;
obyektning bosh rejasi;
obyektning bosh reja qaydnomasi;
QR-kod (matrik shtrixli kod) (“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida aks etuvchi havola);
qurilish obyektini hududiy inspeksiyada roʻyxatdan oʻtgan sanasi va raqami.
6. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport qurilish obyektini hududiy inspeksiyalarda roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab, obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar amalda boʻlishi zarur.
7. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport namlik va tashqi taʼsirlarga chidamli materialdan tayyorlangan boʻlishi, umumiy oʻlchamlari 2400x1200 mm ni tashkil etishi hamda yer sathidan kamida 1 m balandlikda oʻrnatilishi lozim.
8. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasportdagi maʼlumotlar davlat tilida bayon etilishi lozim.
9. QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport tashqi taʼsirlar natijasida yaroqsiz holga kelib, QR-kod orqali maʼlumotlarni oʻqish yoki koʻrish imkoni boʻlmasa, u yangilanib, qayta tiklanishi lozim. Bunda, uni yangilash va qayta tiklash buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
10. Qurilish obyekti hududiy inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazilgach, “Shaffof qurilish” axborot tizimida obyektga oid dastlabki maʼlumotlar joylashtirilgan sahifa uchun QR-kod (matrik shtrixli kod) avtomatik tarzda shakllantiriladi. Ushbu QR-kod (matrik shtrixli kod)ni mazkur Nizom ilovasiga muvofiq tarzda joylashtirish lozim.
11. QR-kod (matrik shtrixli kod)da quyidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi havola boʻlishi lozim:
obyektning nomi va manzili haqidagi maʼlumotlar;
buyurtmachining nomi;
loyihachining nomi;
pudratchining nomi;
obyekt qurilishining boshlanish va yakunlanish sanalari;
shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi raqami va sanasi;
qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyekt roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi koʻchirma raqami va sanasi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertiza xulosasi raqami va sanasi.
3-bob. Yakuniy qoida
12. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod)
PASPORT
