16-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad qilish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1083-son) · Sana: 21.08.2025 · Amalda
Fondni, uning vakolatxonalari va filiallarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunda nazarda tutilgan hollarda rad qilinishi mumkin.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad qilish asoslantirilgan boʻlishi kerak. Fondni, uning vakolatxonalari va filiallarini tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning fondni, uning vakolatxonalari va filiallarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan, shuningdek mazkur organning davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlarini buzganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin”;
6) 24-moddaning uchinchi qismidagi “yigirma” degan soʻz “oʻttiz” degan soʻz bilan almashtirilsin;
7) 25-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fondning yillik moliyaviy hisobotini, auditorlik tashkilotining xulosasini koʻrsatgan holda (bundan hisobot davrida bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud boʻlmagan fondning oʻz faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazmaganligi hollari mustasno)”;
8) 33-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud boʻlmagan fond uchun ushbu kalendar yilda oʻz faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-76-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 1, 2-modda; 2008-yil, № 12, 634-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2020-yil, № 7, 449-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 11-moddaning uchinchi qismidagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” degan soʻzlar “Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning alohida boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 12-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat subsidiyasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan va maxsus loyihalar bilan bogʻliq boʻlmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy koʻmakdir.
