Oʻzbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-262-son)
21.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda futbol sport turini yanada rivojlantirish, uning infratuzilmasini yaxshilash, mavjud futbol maydonlaridan samarali foydalanish, iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash va ularni professional sportga yoʻnaltirish hamda ushbu jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) moddiy-texnik bazani xalqaro talablarga moslashtirish va futbol maydonlarini koʻpaytirish orqali futbol bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini oshirish;
(b) iqtidorli futbolchilarni saralab olish, ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini toʻliq raqamlashtirish;
(v) xorijiy davlatlarda professional futbol bilan shugʻullanayotgan oʻzbekistonlik futbolchilarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish.
II. Raqamli texnologiyalarni joriy etish
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining quyidagi imkoniyatlarga ega “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimini (keyingi oʻrinda — axborot tizimi) yaratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi talablariga muvofiq stadionlardagi audio va videotasvirlarni bir nuqtaga uzatish orqali futbol uchrashuvlarida video yordamchi hakam (VAR) tizimini yanada kengaytirish;
(b) futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari oʻquv mashgʻulotlarini onlayn nazorat qilish, futbolchilarning tibbiy va jismoniy koʻrsatkichlarini monitoring qilish hamda shaffof seleksiya tizimini joriy qilish;
(v) sohada amalga oshiriladigan loyihalarning konsepsiyalari, texnik-iqtisodiy parametrlari va boshqa loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtkazish;
(g) futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablarida xodim, trener va futbolchilar davomatini yuritish, videokonferensaloqa tizimini tashkil etish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari bosqichma-bosqich axborot tizimiga ulanadi;
(ii) tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining oʻquv mashgʻulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy koʻrsatkichlarini monitoring qilish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
(b) 2026-yil 1-martga qadar futbol akademiya va maktablari Oʻzbekiston futbolini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shaxsni biometrik identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega planshetlar bilan taʼminlanadi;
(v) 2026-yil 1-martdan boshlab futbol oʻyinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qoʻllashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
(g) Milliy futbol markazida:
(i) iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash boʻyicha Raqamli futbol situatsion markazi tashkil etiladi hamda uning faoliyatiga tajribali murabbiylardan iborat tahlilchilar jalb etiladi;
(ii) futbol uchrashuvlarini markazlashgan tarzda video yordamchi hakam (VAR) tizimidan foydalangan holda kuzatish uchun “VAR” markazi tashkil etiladi;
(iii) axborot tizimidagi maʼlumotlarni saqlash uchun “DATA futbol” markazi tashkil etiladi;
(d) 2026-yil 1-aprelga qadar futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablarida oʻquv mashgʻulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda ularning tibbiy va jismoniy koʻrsatkichlarini monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus dastur va mobil ilova ishga tushiriladi;
(j) 2026-yil 1-dekabrga qadar axborot tizimi “Raqamli sogʻliqni saqlashning yagona platformasi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
III. Futbolchilar seleksiyasi va futbol infratuzilmasini rivojlantirish
4. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va mahallalarda iqtidorli yosh futbolchilarni saralash tartibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining:
(a) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Legionerlar klubi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
(b) “Legionerlar klubi”ga xorijda faoliyat yuritayotgan (yuritgan) oʻzbekistonlik yuqori mahoratli professional futbolchilar va boshqa futbol mutaxassislarini jalb qilish;
(v) “Legionerlar klubi”ga respublikadagi futbol akademiya va maktablarini biriktirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
6. Sport vazirligiga davlat sport taʼlim tashkilotlarining boʻsh turgan yer uchastkalarini keyinchalik nodavlat futbol taʼlim tashkilotlari va futbol klublarini tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Legionerlar klubi” aʼzolariga ajratishga ruxsat berilsin.
7. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish boʻyicha “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etilsin.
8. Belgilansinki, “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi doirasida:
(a) mahallalardagi boʻsh turgan davlat mulki obyektlari (yer uchastkalari) ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini oʻzgartirmaslik sharti bilan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
(b) elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga xarid qilingan boʻsh turgan davlat mulki obyekti (yer uchastkasi)ning qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi;
(v) elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan davlat mulki obyektlari (yer uchastkalari) uch oy davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlangʻich bahosi bosqichma-bosqich 10 foizdan, lekin koʻpi bilan 50 foizgacha pasaytirilgan holda va sotib olish toʻlovlarini uch yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan savdolarga chiqariladi.
9. Davlat mulki obyekti boʻlgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini oʻzgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlansin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Futbolni ommalashtirish va iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qaror ijrosini toʻlaqonli va samarali amalga oshirish uchun 2025-yilda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga Davlat budjetidan qoʻshimcha 15 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.
12. Sport vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi B.N. Kurbanov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
14. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-avgust,
PQ-262-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-262-son qaroriga 1-ILOVA
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va mahallalarda iqtidorli yosh futbolchilarni saralash tartibi
1. “Maktablar futbol ligasi” yangi formatda “Futbolimiz kelajagi sening qoʻlingda” musobaqasi sifatida har yili umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 1 — 4 va 5 — 8-sinflari jamoalari oʻrtasida uch bosqichda (tuman (shahar) — viloyat — respublika) oʻtkazib borish tartibi joriy qilinadi.
2. “Futbolimiz kelajagi sening qoʻlingda” musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan har yili birlamchi sport jihozlari uchun ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan zarur sport jihozlari va anjomlari yetkazib beriladi.
3. “Mahalla ligasi” va “Futbolimiz kelajagi sening qoʻlingda” musobaqalarida ishtirok etuvchi barcha futbolchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimida yuritiladigan elektron reyestrga kiritiladi.
4. Mazkur reyestr Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan yuritiladi va musobaqalarda ishtirok etuvchi futbolchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishlicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan kiritib boriladi.
5. “Mahalla ligasi” va “Futbolimiz kelajagi sening qoʻlingda” musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga 40 foizgacha har oylik ustama toʻlanadi.
Izoh: “Mahalla ligasi” va “Futbolimiz kelajagi sening qoʻlingda” musobaqalarini oʻtkazish tartibi tegishlicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-262-son qaroriga 2-ILOVA
Futbolni ommalashtirish va iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
