Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-prezidentining shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza qilish toʻgʻrisida (220-XII-son)
15.02.1991
Hujjat kuchini yo‘qotgan 18.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Boshligʻi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentining shani va qadr-qimmatiga putur yetkazilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini eʼtirof etgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi qaror qiladi:
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentini oshkora haqoratlaganlik yoki ularga nisbatan tuhmat qilganlik —
uch ming soʻmgacha miqdorda jarima solish yoki ikki yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm etish yoxud uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Matbuotdan yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan xuddi shunday xatti-harakatlar —
ikki yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm etish yoxud olti yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentini haqoratlovchi yoki ularning shaxsiga nisbatan tuhmatni oʻz ichiga oluvchi materialni eʼlon qilgan ommaviy axborot vositasiga sud qaroriga koʻra yigirma besh ming soʻmgacha miqdorda jarima solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentini haqoratlovchi yoki ularga nisbatan tuhmatni oʻz ichiga oluvchi materialni takroran tarqatgan ommaviy axborot vositasining faoliyati sud qaroriga koʻra toʻxtatilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
220-XII-son
