Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3662-son)
11.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3662]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-iyul,
14/12-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 10-iyuldagi 14/12-son qaroriga ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solishni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kafolatlar berish tashkiloti (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) — yuridik va jismoniy shaxslarning kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyatini bajarish boʻyicha kafolatlar (kafilliklar) (bundan buyon matnda kafolat deb yuritiladi) berish faoliyatini professional asosda (bir yil davomida oʻn martadan koʻp kafolatlar berish) amalga oshiruvchi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
risk-appetit — tashkilot strategik maqsadlariga va biznes-reja koʻrsatkichlariga erishishda oʻzining tavakkalchiliklarni boshqarish salohiyatidan kelib chiqqan holda, qabul qilishga tayyor boʻlgan tavakkalchiliklarning eng yuqori darajalari va turlari;
kredit tavakkalchiligi — qarzdor tomonidan tashkilot oldidagi majburiyatlarini shartnoma yoki qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan muddat va shartlarda bajarilmasligi (lozim darajada bajarilmasligi) oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻqotish (zarar) va (yoki) rejalashtirilgan daromadni olmaslik tavakkalchiligi.
2. Tashkilot:
shaxsning kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyatini, shuningdek islomiy moliya operatsiyalari bilan bogʻliq majburiyatini bajarish boʻyicha kafolat berishga;
kredit tashkilotlariga ular tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan xizmatlarni koʻrsatish uchun moliyaviy mablagʻlar taqdim etishga;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa moliyaviy xizmatlarni koʻrsatishga haqli.
3. Tashkilot tomonidan kafolat va moliyaviy mablagʻ berish tartibi hamda shartlari tashkilotning kuzatuv kengashi qarori bilan belgilanadi.
4. Tashkilot kredit byurosi bilan kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish orqali kredit axborotidan foydalanishi mumkin.
5. Tashkilot pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlarini, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini va ularning qarz qimmatli qogʻozlarini sotib olishga, banklar bilan repo operatsiyalariga yoʻnaltirishi, shuningdek bankka omonatlar (depozitlar) sifatida kiritishi mumkin.
2-bob. Tavakkalchiliklarni boshqarish borasidagi minimal talablar
1-§. Umumiy qoidalar
6. Tashkilot taqdim etilgan moliyaviy mablagʻlar va berilgan kafolatlar oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlash hamda muammolarni dastlabki bosqichda aniqlash maqsadida kredit tashkilotlari kesimida va kafolat portfeli kesimida kamida har oyda tahlil oʻtkazishi kerak.
7. Tashkilot foiz stavkalarining oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida berilgan moliyaviy mablagʻlarning muddatlari va ularning manbalari muddatlari oʻrtasidagi tafovutni muvofiqlashtirib borishi kerak.
8. Tashkilot aktivlar va majburiyatlar oʻrtasida yuzaga keladigan muddatlar va foiz stavkalariga doir nomutanosibliklar boʻyicha risk-appetitini belgilaydi.
2-§. Tashkilotda tavakkalchiliklarni boshqarishga oid ichki hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etish
9. Tashkilotning kuzatuv kengashi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini samarali tashkil etish uchun quyidagi ichki hujjatlarni tasdiqlashi lozim:
tavakkalchiliklarni boshqarish siyosatini;
tashkilotni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq keluvchi risk-appetitni;
kredit tavakkalchiligini boshqarish siyosatini;
likvidlilikni boshqarish siyosatini.
10. Tavakkalchiliklarni boshqarish siyosati likvidlilik, bozor, foiz, kredit, operatsion hamda tashkilotning faoliyatiga xos boshqa tavakkalchiliklarni boshqarishni oʻz ichiga olishi lozim.
11. Risk-appetit doirasida tashkilotning tavakkalchilikka moyilligi chegaralab turilishi, tashkilot faoliyatining barqarorligi taʼminlanishi hamda uning muassislari (aksiyadorlari) kapitalining qiymatini saqlab turish uchun tavakkalchiliklar aniqlanishi va samarali boshqarilishi lozim.
12. Tashkilotning kredit tavakkalchiligini boshqarish siyosati quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
kuzatuv kengashi, ijro etuvchi organ hamda tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinmaning kredit tavakkalchiligini boshqarishga oid vazifa va majburiyatlarini;
kredit tavakkalchiliklarini aniqlash, ularni hisoblash, baholash, nazorat qilish hamda yumshatish, shuningdek ular haqida hisobot berish tartibini;
portfel kafolati (kredit tashkilotining kredit (moliyalashtirish) portfeli boʻyicha berilgan kafolat) va moliyaviy mablagʻlarni berish uchun kredit tashkilotlariga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlarini;
qarzdor kredit tashkilotlariga moliyaviy mablagʻlar berish limitlarini oʻrnatish tartibini;
portfel kafolati, prinsipalga (kafolat berishni soʻragan shaxs) kafolat va moliyaviy mablagʻlar berish uchun talab etiladigan hujjatlarni;
moliyaviy mablagʻning taʼminotga nisbati boʻyicha minimal talablarni;
taʼminotga nisbatan muvofiqlik mezonlarini;
muddatidan avval toʻlangan summa yoki muddati oʻtgan qarzdorliklar yuzaga kelganda taʼminotni oʻzgartirish shartlarini;
kafolat berish uchun prinsipalga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlarini;
kafolat limitlarini oʻrnatish tartibini;
kafolatlar va berilgan moliyaviy mablagʻlar portfelining sohalar hamda hududlar boʻyicha diversifikatsiyasini.
13. Tashkilotning likvidlilikni boshqarish siyosati kamida quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
kuzatuv kengashi, ijro etuvchi organ, shuningdek tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinmaning aktiv va passivlarni boshqarishga doir vazifa va majburiyatlarini;
likvidlilik tavakkalchiliklarini aniqlash, hisoblash, baholash, nazorat qilish, bartaraf etish boʻyicha uslublar va ular haqida hisobot berish tartibini;
likvidlilikning stress-testlar asosidagi tahlilini;
likvidlilikni boshqarish boʻyicha tegishli nazorat choralarini.
14. Mazkur Nizomda belgilangan ichki hujjatlar umumlashgan holda yoki alohida qabul qilinishi mumkin. Zaruratga koʻra, yil davomida barcha siyosatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Barcha siyosatlar ularning izchilligi va muvofiqligini taʼminlash maqsadida uch yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqilishi lozim.
3-§. Tavakkalchiliklarni boshqarish tuzilmasi faoliyatini tashkil etish
15. Tashkilotda tavakkalchiliklarni boshqarishda ishtirok etuvchilarning vazifalari, majburiyatlari va vakolatlari aniq taqsimlanishi lozim.
16. Tashkilotning tavakkalchiliklarni boshqarish tuzilmasi quyidagilardan tashkil topishi lozim:
kuzatuv kengashi;
ijro etuvchi organ;
tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinma;
tavakkalchiliklarni boshqarishga masʼul boʻlgan boshqa boʻlinmalar.
17. Tashkilotning kuzatuv kengashi oʻz vakolatlari doirasida tavakkalchiliklarni boshqarish ustidan nazoratni amalga oshiradi.
18. Tashkilotning ijro etuvchi organi kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan siyosatlarni amalga oshirishga, shu jumladan tashkilotda tavakkalchiliklarni aniqlash, hisoblash, boshqarish, monitoring qilish va hisobot berishga qaratilgan samarali ichki nazorat tizimi faoliyatini yoʻlga qoʻyishga masʼuldir.
19. Tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinmaning vazifa va funksiyalari tashkilotning muassisi (aksiyadori) tarkibida tuzilgan tavakkalchiliklarni boshqarishga masʼul boʻlgan tegishli tarkibiy boʻlinma tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
20. Tashkilotning tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinmasi uning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
21. Tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinma rahbari quyidagi vazifalarni bajarishi lozim:
kuzatuv kengashi, tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi (mavjud boʻlganda) va ijro etuvchi organga tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinma hisobotlarini kiritish;
tavakkalchiliklarning tashkilotning moliyaviy holati, kapitali va likvidliligiga taʼsirini kamaytirish yuzasidan takliflarni kuzatuv kengashi, tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi (mavjud boʻlganda) hamda tashkilotning ijro etuvchi organiga kiritish;
tavakkalchiliklarni boshqarishga doir ishlarni muvofiqlashtirish, tegishli boʻlinmalardan tavakkalchiliklarni boshqarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish va ularni jamlash.
22. Tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinma rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, tashkilot bu haqda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari va sabablarini koʻrsatgan holda tashkilotning rasmiy veb-saytida eʼlon qilishi lozim.
3-bob. Tashkilotning aktivlari va balansdan tashqari moddalari sifatini tasniflash hamda ular boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish
23. Tashkilot aktivlarni va balansdan tashqari moddalarni sifatiga koʻra tasniflaydi hamda ular boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar yaratadi. Bunda, kafolat, kredit tashkilotlariga berilgan moliyaviy mablagʻlar, investitsiyalar hamda kredit tavakkalchiligi mavjud boʻlgan boshqa aktivlar va hisobi balansdan tashqari moddalarda yuritiladigan kafolatlar sifatiga koʻra tasniflanadi.
24. Qarz oluvchining (prinsipalning) kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyati, shuningdek islomiy moliya operatsiyalari bilan bogʻliq majburiyati kredit tashkilotida qaysi toifada tasniflangan boʻlsa, tashkilot tomonidan prinsipalning kredit tashkiloti oldidagi mazkur majburiyatni bajarish boʻyicha berilgan kafolat ham mos ravishda shu toifada (“standart”, “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” yoki “umidsiz”) tasniflanishi lozim.
25. Tashkilot tomonidan kredit tashkilotlariga joylashtirilgan moliyaviy mablagʻlar sifati quyidagicha tasniflanadi:
asosiy qarz va (yoki) foizlar oʻz muddatida qaytarilishiga shubha mavjud boʻlmaganda — “standart”;
asosiy qarz va (yoki) foizlarni qaytarish muddati 5 kungacha kechiktirilganda — “substandart”;
asosiy qarz va (yoki) foizlarni qaytarish muddati 5 kundan 10 kungacha kechiktirilganda — “qoniqarsiz”;
asosiy qarz va (yoki) foizlarni qaytarish muddati 11 kundan 30 kungacha kechiktirilganda — “shubhali”;
asosiy qarz va (yoki) foizlarni qaytarish muddati 31 va undan ortiq kunga kechiktirilganda, shuningdek moliyaviy mablagʻ joylashtirilgan kredit tashkilotining litsenziyasi chaqirib olingan yoki boshqacha tartibda uni tugatish ishlari boshlanganda — “umidsiz”.
26. Tashkilotning aktivlari sifatiga koʻra:
“substandart” deb tasniflanganda — 10 foiz;
“qoniqarsiz” deb tasniflanganda — 25 foiz;
“shubhali” deb tasniflanganda — 50 foiz;
“umidsiz” deb tasniflanganda — 100 foiz miqdorida tashkilot xarajati hisobidan ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxira shakllantirilishi lozim.
Bunda, sifati “standart” deb tasniflangan aktivlar, yuqori likvidli aktivlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga nisbatan talablar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxira yaratish talab qilinmaydi.
27. Tashkilot mazkur Nizomning 24 va 25-bandlarida koʻrsatilgandan tashqari boshqa aktivlari sifatini Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2696, 2015-yil 14-iyul) asosida tasniflashi va ushbu aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralarni shakllantirishi lozim.
4-bob. Ichki nazoratga qoʻyiladigan talablar
28. Kuzatuv kengashi oʻz vazifalarini bajarishda unga koʻmaklashuvchi qoʻmitalar, shu jumladan audit, tavakkalchilikni boshqarish hamda boshqa masalalar boʻyicha qoʻmitalarni tashkil etishi mumkin.
29. Kuzatuv kengashi oʻz vazifalarini bajarishda tashkilotda samarali va ehtiyotkorlik bilan boshqarishni taʼminlovchi, jumladan uning aʼzolari oʻrtasida masʼuliyatning taqsimlanishini va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha boshqaruv tuzilmasini joriy etishi lozim.
30. Tashkilotning ijro etuvchi organi tomonidan oʻz faoliyatida qonunchilik hujjatlariga, tashkilotning ustavi va siyosatlariga rioya etilishini, buxgalteriya hisobida va moliyaviy hisobotlarda maʼlumotlarning toʻliq hamda ishonchli tarzda aks ettirilishi taʼminlanishini, xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan qoidalari va tartib-taomillariga rioya etilishini, aktivlarning saqlanishini, shuningdek tashkilotni boshqarish yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishini tekshirish hamda monitoring olib borish maqsadida tashkilotda ichki audit xizmati tashkil etiladi. Tashkilotning ichki audit xizmati kuzatuv kengashiga hisobdordir.
31. Ijro etuvchi organ tashkilotning moliyaviy holati, Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan prudensial normativlarning bajarilishi, tashkilotni rivojlantirish strategiyasiga erishish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek ichki nazoratni amalga oshirishda aniqlangan kamchiliklar toʻgʻrisida kuzatuv kengashiga har chorakda hisobotlar taqdim etadi.
32. Tashkilotda korporativ boshqaruv aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari asosida yoʻlga qoʻyiladi.
5-bob. Tashkilotda buxgalteriya hisobi, hisoboti va audit
33. Tashkilotning yillik moliyaviy hisobotlari Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tuzilishi hamda tashqi audit tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim.
34. Tashkilotning auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilgan yillik moliyaviy hisoboti, auditorlik xulosasi va auditorlik tekshiruvi natijasi boʻyicha tashkilot rahbariyatiga berilgan tavsiyalar moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay tashkilot tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladi.
35. Tashkilot oshkoralik tamoyillari asosida yillik moliyaviy hisobotini moliya yili tugaganidan keyin tashkilot aksiyadorlarining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin matbuotda va oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
36. Tashkilot moliyaviy va nazoratga doir hisobotlarini mazkur Nizomning 1 — 11-ilovalariga muvofiq shakllarda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha Markaziy bankka taqdim etishi lozim.
Agar oyning 10-sanasi dam olish yoki bayram kuniga toʻgʻri kelsa, bunda hisobotlar dam olish yoki bayram kunidan keyingi ish kunida taqdim etilishi lozim. Taqdim etilgan moliyaviy hisobotlarda xato va kamchiliklar aniqlanganda, kamchiliklar tuzatilib, ular aniqlangan kundan eʼtiboran ikki ish kunida qayta taqdim etilishi shart.
37. Moliyaviy va nazoratga doir hisobotlardagi maʼlumotlar hisobot oyining oxirgi kunida amalga oshirilgan amaliyotlarni hisobga olgan holda mazkur hisobot oyining oxirgi sanasi holatiga koʻrsatilishi kerak.
38. Moliyaviy va nazoratga doir hisobotlar tashkilot ijro etuvchi organi rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
6-bob. Prudensial normativlar
1-§. Kapitalning yetarlilik koeffitsiyenti
39. Tashkilot kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti tashkilot jami xususiy kapitalining uning jami aktivlari va hisobi balansdan tashqari moddalarda yuritiladigan kafolatlari yigʻindisiga nisbati orqali hisoblanadi va ushbu koeffitsiyent 10 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
40. Tashkilot kapitalining yetarlilik koeffitsiyentini hisoblashda tashkilot tomonidan yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qilingan barcha investitsiyalar jami aktivlar hamda xususiy kapitaldan chegiriladi.
2-§. Likvidlilikni qoplash koeffitsiyenti
41. Likvidlilikni qoplash koeffitsiyenti 100 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
42. Likvidlilikni qoplash koeffitsiyenti yuqori likvidli aktivlarning keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqimga nisbati sifatida aniqlanadi. Bunda, yuqori likvidli aktivlarga quyidagilar kiradi:
naqd pul;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy bankning qimmatli qogʻozlari;
“Standard & Poor`s”, “Fitch Ratings” va “Moody`s Investors Service” kompaniyalaridan birining “B-” / “B3” reyting darajasidan kam boʻlmagan reyting baholariga ega mahalliy banklarda ochilgan talab qilib olinguncha hisobvaraqlardagi mablagʻlar.
43. Keyingi 30 kun ichidagi kirim keyingi 30 kundagi chiqimning 75 foizidan oshgan taqdirda, kirim sifatida chiqimning 75 foizi olinadi.
44. Tashkilot tomonidan berilgan kafolatlar boʻyicha shartnomaga muvofiq majburiyatning bajarilishiga 30 kun va undan kam muddat qolganda, ushbu kafolat summasining 5 foizi chiqim sifatida hisob-kitoblarga kiritiladi.
3-§. Bir qarz oluvchiga (prinsipalga) yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar (prinsipallar) guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdori
45. Tashkilotning bir qarz oluvchi (prinsipal) yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar (prinsipallar) guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori tashkilot xususiy kapitalining 20 foizidan oshmasligi kerak, bundan kredit tashkiloti bilan yuzaga keladigan tavakkalchilik mustasno. Tashkilotning bir kredit tashkiloti uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori tashkilot jami aktivlari va hisobi balansdan tashqari moddalarda yuritiladigan kafolatlari yigʻindisining 30 foizidan oshmasligi kerak.
46. Bir qarz oluvchi (prinsipal) yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar (prinsipallar) guruhining, bitta kredit tashkilotining hamda tashkilotga aloqador shaxslarning tashkilot oldida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kafolat;
kredit tashkilotlariga berilgan moliyaviy mablagʻlar;
investitsiyalar;
kredit tavakkalchiligi mavjud boʻlgan boshqa aktivlar va balansdan tashqari moddalar.
47. Qarzdorlar (prinsipallar) quyidagi hollarda oʻzaro aloqador deb hisoblanadi:
a) yuridik shaxslar oʻrtasida, agar:
bir yuridik shaxs bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar guruhi tarkibida boshqa yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) 20 foiz va undan ortigʻiga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa;
bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxs ustidan nazoratni amalga oshirsa;
yuridik shaxslar uchinchi shaxsning yoki u bilan birgalikda harakat qiluvchi shaxslarning nazorati ostida boʻlsa;
yuridik shaxslarning taʼsischilari yoki rahbarlari bir xil tarkibda boʻlsa;
b) jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida, agar:
jismoniy shaxs bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki birgalikda faoliyat koʻrsatuvchi shaxslar guruhi tarkibida, yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) 20 foiz va undan ortigʻiga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa;
jismoniy shaxs yuridik shaxs ustidan nazoratni amalga oshirsa;
jismoniy shaxs yuridik shaxs kuzatuv kengashi, boshqaruvi aʼzosi boʻlsa yoki mansabdor shaxsi hisoblansa;
jismoniy shaxsda yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) 20 foiz va undan ortigʻiga egalik qiladigan yoki egalikni nazorat qiladigan boshqa yuridik shaxsga nisbatan rahbarlik vakolati boʻlsa;
jismoniy shaxsning yuridik shaxs nazoratni amalga oshiradigan boshqa yuridik shaxsda boshqaruvga oid vakolatlari mavjud boʻlsa.
48. Ikki yoki undan ortiq qarzdorlar (prinsipallar) faqatgina respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari (mahalliy yoki xorijiy), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi yoki xalqaro taraqqiyot banklari tomonidan nazorat asosida oʻzaro aloqador boʻlsa, ular oʻzaro aloqador qarz oluvchilar (prinsipallar) hisoblanmaydi.
4-§. Tashkilotga aloqador boʻlgan bir shaxsga (prinsipalga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng koʻp miqdori
49. Tashkilotga aloqador boʻlgan bir shaxsga (prinsipalga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng koʻp miqdori tashkilot xususiy kapitalining 10 foizidan oshmasligi lozim.
50. Tashkilotga aloqador boʻlgan barcha shaxslarga (prinsipallarga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng koʻp miqdori tashkilot xususiy kapitalining 25 foizidan oshmasligi lozim.
5-§. Yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) investitsiyalarning eng koʻp miqdori
51. Tashkilotning boshqa yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) jami investitsiyalarining eng koʻp miqdori tashkilot xususiy kapitalining 20 foizidan oshmasligi lozim.
7-bob. Tashkilotni qayta tashkil etish va tugatish
52. Tashkilotni qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. Yakuniy qoida
53. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
_________________________________________________________________ning(tashkilotning nomi)Aktivlar sifatini tasniflash va ular boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun yaratilgan zaxiralar20__ y “____”___________ holatigaming soʻmdaT/rAktivlar tarkibiAktivlar qoldigʻiAktivlar sifati(I-standart,II-substandart,III-qoniqarsiz,IV-shubhali,V-umidsiz)Ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun haqiqatda yaratilgan zaxiralarJamiSifat toifasi boʻyicha aktivlarIIIIIIIVVIIIIIIIVVI. Jami aktivlar1.Kassadagi naqd pul va boshqa toʻlov hujjatlari2.Markaziy bankdagi mablagʻlar3.Banklarga qoʻyilgan depozitlar va boshqa mablagʻlar4.Kredit tashkilotlariga berilgan qisqa muddatli (bir yildan kam) moliyaviy mablagʻlar5.Kredit tashkilotlariga berilgan uzoq muddatli (bir yil va undan yuqori) moliyaviy mablagʻlar6.Mijozlarning majburiyatlari — Kafolat va kafilliklar7.Investitsiyalar8.Sud jarayonidagi aktivlar9.Olinishi lozim boʻlgan hisoblangan foizlar10.Olinishi lozim boʻlgan hisoblangan foizsiz daromadlar11.Asosiy vositalar12.Nomoddiy aktivlar13.Boshqa aktivlarII. Balansdan tashqari moddalar1.Kafolat va kafilliklar2.Kredit tavakkalchiligi mavjud balansdan tashqari boshqa moddalarRahbar imzosi:________________________________F.I.O.Bosh buxgalter imzosi:________________________________F.I.O.
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
_________________________________________________________________ning(tashkilotning nomi)Prudensial normativlar hisob-kitobi20__ y “____”___________ holatigaT/rKoʻrsatkichlarHisob-kitoblar formulasiBelgilangan normativning minimal miqdoriBelgilangan normativning joriy koʻrsatkichiFarqi1.Kapital yetarliligi koʻrsatkichi1.1.Kapitalning yetarlilik koeffitsiyentixususiy kapital (minus: yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qilingan barcha investitsiyalar)10%jami aktivlar (minus: yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qilingan barcha investitsiyalar) + kafolat va kafilliklar2.Likvidlilik koʻrsatkichi2.1.Likvidlikni qoplash meʼyoriyuqori likvidli aktivlar100%keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqim3.Qarzdorlar bilan operatsiyalar3.1.Bir qarz oluvchi (prinsipal) yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar (prinsipallar) guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdoribir qarz oluvchi yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning jami miqdori20%xususiy kapital3.2.Bir kredit tashkiloti uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdoribir kredit tashkiloti uchun tavakkalchilikning jami miqdori30%jami aktivlar + kafolat va kafilliklar3.3.Tashkilotga aloqador boʻlgan bir shaxsga (prinsipalga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng koʻp miqdoritashkilotga aloqador boʻlgan bir shaxsga (prinsipalga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning jami miqdori10%xususiy kapital3.4.Tashkilotga aloqador boʻlgan barcha shaxslarga (prinsipallarga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng koʻp miqdori tashkilotga aloqador boʻlgan barcha shaxslarga (prinsipallarga) toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning jami miqdori 25%xususiy kapital4.Investitsiyalar4.1.Yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) investitsiyalarning eng koʻp miqdoriyuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) investitsiyalarning jami miqdori20%xususiy kapitalRahbar imzosi:___________________________F.I.O.Bosh buxgalter imzosi:___________________________F.I.O.
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Kafolatlar berish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
