Xalqaro moliya institutlarining milliy valyutada ifodalangan obligatsiyalarini chiqarish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3660-son)
11.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3660]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Xalqaro moliya institutlarining milliy valyutada ifodalangan obligatsiyalarini chiqarish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 24-iyun,
10-son
Kelishildi:
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
2025-yil 3-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 24-iyundagi 10-son buyrugʻiga ILOVA
Xalqaro moliya institutlarining milliy valyutada ifodalangan obligatsiyalarini chiqarish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom xalqaro moliya institutlarining Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida ifodalangan obligatsiyalarining chiqarilishini soddalashtirilgan tartibda hisobga olish orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda ularning joylashtirilishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlishi tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xalqaro moliya institutlari (bundan buyon matnda XMI deb yuritiladi) — xalqaro moliya sohasidagi davlatlararo (xalqaro) kelishuvlar asosida tuzilgan tashkilotlar;
XMI obligatsiyalari — Oʻzbekiston Respublikasidagi loyihalar va dasturlarni moliyalashtirish uchun mablagʻ jalb etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida XMI tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hujjatsiz shaklda chiqariladigan obligatsiyalar;
emitent — XMI obligatsiyalarini chiqaruvchi va ular yuzasidan XMI obligatsiyalarining egalari oldida majburiyatlari boʻlgan XMI.
2. Mazkur Nizomda belgilangan tartibni amalga oshirish maqsadida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) xalqaro moliya institutlari roʻyxatini belgilaydi.
2-bob. XMI obligatsiyalari chiqarilishini hisobga olish orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish
3. XMI obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror, XMIning obligatsiyalar dasturi (bundan buyon matnda obligatsiyalar dasturi deb yuritiladi), emissiya risolasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlar, shuningdek XMI obligatsiyalarini chiqarilishi bilan bogʻliq hujjatlar emitentning ichki qoidalari va talablariga muvofiq qabul qilinadi hamda rasmiylashtiriladi.
4. XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish emitent tomonidan vakolatli davlat organiga taqdim etiladigan XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) asosan XMI obligatsiyalarini Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarining yagona davlat reyestrida (bundan buyon matnda YADR deb yuritiladi) hisobga olish orqali amalga oshiriladi.
Vakolatli davlat organi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan obligatsiyalar dasturi doirasida chiqariladigan XMI obligatsiyalari takroran davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
5. Obligatsiyalar dasturi doirasida XMI obligatsiyalari chiqarilishidan kamida besh ish kuni oldin emitent tomonidan vakolatli davlat organiga chiqarish parametrlari va obligatsiyalar dasturining davlat roʻyxatdan oʻtkazilgan raqami koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
Bunda, XMI obligatsiyalari emitent tomonidan vakolatli davlat organiga yuborilgan xabarnomaga muvofiq chiqarilishi lozim.
6. XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun emitent vakolatli davlat organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
a) quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim boʻlgan ariza:
emitent nomi;
emitentning yuridik manzili;
XMI obligatsiyalarining soni va turlari;
bir dona XMI obligatsiyasining nominal qiymati;
chiqarilishning umumiy hajmi;
XMI obligatsiyalari chiqarilishining tartib raqami;
emitentning masʼul xodimi haqida maʼlumot va uning aloqa maʼlumotlari;
b) quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim boʻlgan mazkur Nizomning ilovasidagi shaklda XMI obligatsiyalari chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha anketa:
chiqarish parametrlari;
XMI obligatsiyalari boʻyicha daromad olish tartibi;
XMI obligatsiyalarini joylashtirish tartibi;
XMI obligatsiyalarining muomalasi tartibi;
XMI obligatsiyalarini soʻndirish tartibi;
v) XMI obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qarori, obligatsiyalar dasturi, emissiya risolasi (qimmatli qogʻozlar ommaviy joylashtirilgan taqdirda) yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlarning nusxasi;
g) XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi;
d) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi bilan tuzilgan depozitariy shartnomasining nusxasi.
7. Emitent tomonidan vakolatli davlat organiga ariza, anketa hamda XMI obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror (obligatsiyalar dasturi), emissiya risolasi (qimmatli qogʻozlar ommaviy joylashtirilgan taqdirda) yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlarning nusxasi belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi yoki rus tilidagi tarjimasi bilan birga ingliz tilida taqdim etilishi mumkin.
8. Emitent davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni vakolatli davlat organiga yozma (uch nusxada) yoki elektron shaklda, shu jumladan emitentning pochta manzilidan vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga yuborish orqali taqdim etadi.
Elektron shaklda taqdim etiladigan maʼlumotlar “DOC”, “DOCX”, “XLS”, “XLSX”, “PDF” formatlarda boʻlishi lozim.
9. Emitent vakolatli davlat organiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni elektron tashuvchi orqali taqdim etgan taqdirda, vakolatli davlat organining masʼul xodimi tomonidan emitentga ushbu hujjatlarni qabul qilinganligini tasdiqlovchi xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda qabul qilingan sana koʻrsatilgan holda arizaning nusxasiga imzo qoʻyib beriladi.
10. Emitent vakolatli davlat organiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni elektron pochta manzili orqali taqdim etganda, ushbu hujjatlar sarlavhasi “XMI obligatsiyalari chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza” deb nomlanishi lozim.
Bunda, vakolatli davlat organi tomonidan emitentning davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilingan sanasi ularning vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga kelib tushgan sanasi hisoblanadi.
11. Vakolatli davlat organi tomonidan XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati ular vakolatli davlat organi tomonidan olingan sanadan boshlab oʻn besh kundan oshmasligi kerak. Ushbu muddat davomida vakolatli davlat organi XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi va tegishli maʼlumotlarni YADRga kiritadi yoki XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etadi.
XMI obligatsiyalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi belgi qoʻyilgan XMI obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi anketaning bir nusxasi vakolatli davlat organida qoladi, bir nusxasi shaxsan yoki elektron pochta orqali emitentga beriladi va bir nusxasi qimmatli qogʻozlar chiqarilishini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga topshiriladi.
12. XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish quyidagi hollarda rad etiladi:
ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda;
mazkur Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan yigʻimlar toʻlanmaganda;
emitent vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan XMI roʻyxatida mavjud boʻlmaganda.
13. XMI obligatsiyalariga Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan qimmatli qogʻozning xalqaro identifikatsiya kodi (ISIN), moliyaviy vositalarni tasniflashning xalqaro kodi (CFI) va moliyaviy vositaning qisqacha nomi (FISN) beriladi.
3-bob. XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigʻim
14. XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun emitent vakolatli davlat organiga Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasiga asosan yigʻim toʻlaydi.
15. Vakolatli davlat organi tomonidan XMI obligatsiyalari chiqarilishini (obligatsiyalar dasturini) davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilganda yigʻim qaytarilmaydi.
4-bob. Avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan XMI obligatsiyalari chiqarilishiga (obligatsiyalar dasturiga) oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish
16. Emitent tomonidan ilgari vakolatli davlat organida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan XMI obligatsiyalari chiqarilishiga (obligatsiyalar dasturiga) oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda, emitent mazkur oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisidagi qarorning (obligatsiyalar dasturining), emissiya risolasining (qimmatli qogʻozlar ommaviy joylashtirilgan taqdirda) yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlarning nusxasini taqdim etgan holda bunday oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida vakolatli davlat organini yozma yoki elektron shaklda yoxud vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga yuborish orqali xabardor qilishi shart.
Bunda, vakolatli davlat organi XMI obligatsiyalari chiqarilishiga (obligatsiyalar dasturiga) kiritilgan oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalarni oʻn besh kun ichida YADRda davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
17. Avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan XMI obligatsiyalari chiqarilishiga (obligatsiyalar dasturiga) kiritilgan oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi vakolatli davlat organining qarorining bir nusxasi vakolatli davlat organida qoladi, bir nusxasi shaxsan yoki elektron pochta orqali emitentga beriladi va bir nusxasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga topshiriladi.
5-bob. XMI obligatsiyalarini joylashtirish va ularning muomalasi
18. XMI obligatsiyalarini joylashtirilishiga vakolatli davlat organi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab ruxsat beriladi. Bunda joylashtirish muddati bir yildan oshmasligi lozim.
19. XMI obligatsiyalarini joylashtirish va ularning muomalasi “Toshkent” respublika fond birjasi” AJda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan tijorat banklari oʻrtasida XMI obligatsiyalari bilan REPO operatsiyalarini “Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasi” AJda oʻtkazishga ruxsat etiladi.
20. Emitent davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan XMI obligatsiyalarini joylashtirish muddati oʻtgan kundan keyin oʻn besh kundan kechiktirmasdan, agar barcha XMI obligatsiyalari joylashtirish muddati oʻtmasdan oldin joylashtirilgan boʻlsa, ushbu chiqarilishdagi soʻnggi XMI obligatsiyasi joylashtirilgan kundan keyin oʻn besh kundan kechiktirmasdan vakolatli davlat organiga XMI obligatsiyalarini chiqarish natijalari toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda yoxud vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga yuborish orqali xabardor qiladi.
21. Emitent XMI obligatsiyalari muomalasining muddati oʻtgan kundan keyin oʻn besh kundan kechiktirmasdan, agar barcha XMI obligatsiyalari ushbu muddat oʻtgunicha keyinchalik ularni soʻndirish maqsadida qaytarib sotib olingan boʻlsa, ushbu chiqarishdagi oxirgi XMI obligatsiyasi qaytarib sotib olingan kundan keyin oʻn besh kundan kechiktirmasdan vakolatli davlat organiga XMI obligatsiyalarining muomala muddati tugaganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda yoxud vakolatli davlat organining elektron pochta manziliga yuborish orqali xabardor qiladi.
22. Soʻndirilgan XMI obligatsiyalari vakolatli davlat organining qaroriga asosan bekor qilinadi va XMI obligatsiyalari chiqarilishiga ilgari berilgan davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqami YADRdan chiqarib tashlanadi.
Soʻndirilgan XMI obligatsiyalarini bekor qilish uchun emitent vakolatli davlat organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
emitentning depo hisobvaragʻida ushbu chiqarilishning barcha XMI obligatsiyalari mavjudligini tasdiqlovchi emitentning depo hisobvaragʻidan koʻchirma;
XMI obligatsiyalari chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda (yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlarda) nazarda tutilgan XMI obligatsiyalari boʻyicha barcha majburiyatlar emitent tomonidan bajarilganligini, shuningdek emitent tomonidan toʻlov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklari orqali obligatsiyalar boʻyicha majburiyatlar bajarilgan taqdirda, toʻlov agentining soʻndirilgan chiqarilishdagi obligatsiyalar boʻyicha majburiyatlar emitent tomonidan toʻliq bajarilganligini yozma tasdigʻi.
Soʻndirilgan XMI obligatsiyalarini bekor qilish boʻyicha vakolatli davlat organ tomonidan qaror qabul qilinganda, besh kun ichida ushbu qarorning bir nusxasi emitentga beriladi (shaxsan yoki elektron pochta orqali) va bir nusxasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga topshiriladi hamda bir nusxasi vakolatli davlat organida qoladi.
23. XMI obligatsiyalari birja obligatsiyalari shaklida chiqarilishi mumkin, ularning emissiyasi vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda fond birjasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24. XMI obligatsiyalari boʻyicha daromadlarni toʻlash va ularni soʻndirish korporativ obligatsiyalar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. XMI obligatsiyalari tijorat banklari tomonidan sotib olinganda, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan davlat qimmatli qogʻozlari uchun belgilangan prudensial meʼyorlar va risklarni boshqarish talablari qoʻllaniladi.
6-bob. Emitent tomonidan axborotni oshkor etish
26. Emitent chiqarilayotgan XMI obligatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularni Korporativ axborotning yagona portalida yoki emitentning rasmiy veb-saytida joylashtirish orqali oshkor etishi shart. Bunda, oshkor etiladigan maʼlumotlar roʻyxati vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
7-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Xalqaro moliya institutlarining milliy valyutada ifodalangan obligatsiyalarini chiqarish va roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomiga ILOVA
“TASDIQLANGAN”“ROʻYXATDAN OʻTKAZILGAN”_____________________________________________________________________(emitentning nomi)(roʻyxatdan oʻtkazuvchi vakolatli davlat organining nomi)_____________________________________________________________________(emitent vakolatli shaxsining F.I.O. va imzosi)(roʻyxatdan oʻtkazuvchi vakolatli davlat organ vakolatli shaxsining lavozimi, F.I.O., imzo)______________________-son_________________________-son(sana)(sana)Xalqaro moliya instituti obligatsiyalari chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyichaANKETA_______________________________________________________________________________________(Xalqaro moliya institutining nomi)Identifikatsiya raqami berildi:Mazkur ariza orqali Oʻzbekiston milliy valyutasida ifodalangan xalqaro moliya instituti obligatsiyalari chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishingizni soʻraymiz va quyidagi maʼlumotlarni taqdim etamiz:1. Chiqarish parametrlariObligatsiyalar turiBir dona obligatsiyaning nominal qiymatiObligatsiyalar soniObligatsiyalar chiqarilishining (obligatsiyalar dasturining) umumiy hajmiObligatsiyalar uchun toʻlov usuli2. XMI obligatsiyalari boʻyicha daromad olish tartibiObligatsiyalar boʻyicha mukofotni belgilashObligatsiyalar boʻyicha mukofot toʻlash davriyligi va (yoki) toʻlov sanalari, har bir qimmatli qogʻozga toʻgʻri keladigan daromad summasi koʻrsatilgan holdaObligatsiyalar boʻyicha mukofot hisoblash boshlanadigan sanaObligatsiyalar boʻyicha mukofot toʻlash tartibi va shartlariObligatsiyalar boʻyicha mukofot olish usuli3. XMI obligatsiyalarini joylashtirish tartibiJoylashtirish usuliObligatsiyalarni joylashtirishning boshlanish va tugash sanalari Obligatsiyalarni sotish joyiQimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etuvchi tashkilotning nomi va uning aloqa maʼlumotlari4. XMI obligatsiyalarning muomalasi tartibiObligatsiyalar muomalasining boshlanish va tugash sanalari 5. XMI obligatsiyalarini soʻndirish tartibiObligatsiyalarni soʻndirish sanasiObligatsiyalarni soʻndirish usuliObligatsiyalarni muddatidan oldin soʻndirish imkoniyati va shartlari
