Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0096-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (16-son)
27.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 29-iyulda hisobga olindi, hisob raqami 362]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 410-son “Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va 2022-yil 30-dekabrdagi 731-son “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0096-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2009-yil 17-noyabrda tasdiqlangan Olimpiya zaxiralari kollejlari va sportga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlarida oziq-ovqat mahsulotlarining sutkalik maqbul meʼyorlari (0274-09-son SanQvaM) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-iyun,
16-son
Kelishildi:
Sport vaziri A. IKRAMOV
2025-yil 13-iyun
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2025-yil 9-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 27-iyundagi 16-son qaroriga ILOVA
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0096-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari (bundan buyon matnda muassasalar deb yuritiladi) oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari — Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari (kattalar va yoshlar) dasturidan oʻrin olgan sport turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlashga yoʻnaltirilgan oʻrta va professional davlat sport-taʼlim muassasalari;
sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari — yuqori malakali mutaxassislar hamda sportning olimpiya va milliy turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlashga yoʻnaltirilgan ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim davlat sport-taʼlim muassasalari.
2-bob. Oʻquvchi-sportchilar uchun oziq-ovqat ratsioniga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
2. Oʻquvchi-sportchilarning ratsional ovqatlanishini taʼminlash maqsadida kunlik taomnoma toʻgʻri tuzilishi lozim.
3. Oʻquvchi-sportchilarning ratsioni oqsil va uglevodga boy boʻlishi kerak.
4. Oʻquvchi-sportchilarning ovqatlanish ratsioni quyidagilarda sarflanadigan energiya miqdorini hisobga olgan holda tuzilishi kerak:
odatdagi mashgʻulotlar sharoitida;
shiddatli mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkazilayotganda;
uzoq davom etadigan sport musobaqalarida.
5. Oʻquvchi-sportchilar uchun oziq-ovqat ratsioni quyidagi sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi kerak:
ratsionning kunlik kaloriya miqdori oʻquvchi-sportchilar energiya sarflariga mutanosib boʻlishi;
ratsionning kimyoviy tarkibi, kaloriya miqdori va hajmi sport turini hamda tayyorgarlik davrini hisobga olgan holda oʻquvchi-sportchi organizmining ehtiyojlari va xususiyatlariga mos kelishi;
oziq-ovqat tarkibidagi oqsillar, yogʻlar va uglevodlar balanslashgan boʻlishi, ularning miqdori sport turini va mashgʻulot jarayonining intensivligi hisobga olingan nisbatlarda boʻlishi;
yetishmayotgan mahsulotlar faqat ularning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan almashtirilishi (jumladan, oqsil va yogʻ miqdori boʻyicha);
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsiz (zaharli moddalar va patogen bakteriyalarni oʻz ichiga olmagan holda) boʻlishi.
6. Suzish, ot sporti va motosport, oʻrta va uzoq masofalarga yugurish, futbol, shuningdek mushaklarning qisqa muddatli zoʻriqishi bilan bogʻliq boʻlgan sport turlarida ratsiondagi yogʻlar ulushi kamaytirilishi kerak.
7. Oʻquv-mashq mashgʻulotlari davrida oqsillar, yogʻlar va uglevodlar nisbati 1: (0,8-0,9): (3,5 — 4,5), qishki sport turlarida esa bu nisbat 1:1: (3,5 — 4,7) boʻlishi lozim.
8. Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilari uchun kunlik oziq-ovqat toʻplami (11 — 13 yosh) mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchi-sportchilari uchun kunlik oziq-ovqat toʻplami (14 yoshdan kattalar) 2-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
9. Oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarning xilma-xilligiga rioya qilish uchun taomnoma sport turi, mashgʻulotlarning rejimi va davomiyligini hisobga olgan holda 10 — 15 kun uchun tuzilishi kerak.
10. Taomnomani tuzishda oziq-ovqat mahsulotlarining bir-biri bilan kombinatsiyasi (oqsilning sabzavot bilan yaxshiroq soʻrilishi), ozuqaviy moddalarning hazm boʻlishi hisobga olinishi lozim.
11. Kundalik oziq-ovqat toʻplamida koʻrsatilgan biror-bir mahsulot boʻlmasa, uning ozuqaviy va biologik qiymatini saqlab qolish uchun uning oʻrnini bosuvchi mahsulotga almashtirish mazkur sanitariya qoidalarining 3-ilovasiga asosan amalga oshirilishi kerak.
12. Har kuni oʻquvchi-sportchilarning ratsionida goʻsht, baliq, parranda goʻshti, sut va sut mahsulotlari, tuxum, don va dukkakli mahsulotlar, yangi meva va rezavorlar, koʻkatlar, sabzavotlar, oʻsimlik yogʻi va sariyogʻ, non va tabiiy sharbatlar boʻlishi kerak.
13. Muassasalarda kun davomida bir xil mahsulotlardan iborat taomlarni, hafta davomida esa bir xil taomlarni tayyorlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Oʻquvchi-sportchilar uchun ratsionni tuzishda mahsulotlarga ishlov berish usulini, oshqozonda ozuqaviy moddalarni hazm qilish vaqtini, ularning ichaklarda harakatlanish tezligini va mahsulotlarning organizmda soʻrilishini hisobga olish shart.
15. Mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkaziladigan kunlarda taomnomada meteorizmni (qorinni dam qiluvchi) chaqiradigan mahsulotlar (dukkakli mahsulotlar, javdar noni, tuzlangan karam va boshqalar) va tarkibida achiydigan uglevodlar mavjud boʻlgan mahsulotlar (olma, uzum sharbatlari va boshqalar) cheklanishi kerak.
16. Isteʼmol qilinadigan taom juda issiq yoki sovuq boʻlmasligi lozim.
17. Nonushtaga oshqozon-ichak trakti peristaltikasini (navbatma-navbat qisqarishini) ragʻbatlantiradigan, oʻsimlik tolalariga boy mahsulotlarni kiritish kerak.
18. Oʻquvchi-sportchilarning kundalik ratsioniga tozalanmagan (rafinadlanmagan) oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻi bundan mustasno) 14 yoshgacha boʻlgan oʻquvchi-sportchilar uchun 15 gr, 14 yoshdan kattalar uchun 30 gr miqdorida kiritish lozim.
19. Oʻquvchi-sportchilar uchun kunning birinchi yarmida hayvon oqsiliga boy taomlar tayyorlanishi lozim.
20. Birinchi nonushta tarkibidagi kaloriya miqdori kun davomidagi umumiy ovqatlanish miqdorining 20 — 25 foizini, ikkinchi nonushta tarkibidagi kaloriya esa 10 — 15 foizni tashkil etishi kerak.
21. Yuqori yuklamali mashgʻulotlardan soʻng birinchi va ikkinchi nonushta tarkibidagi kaloriya miqdorini kun davomidagi umumiy ovqatlanish ulushini 30 foizgacha oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
22. Sport turlari va mashgʻulotlarning oʻtkazilish davomiyligiga qarab kundalik ratsion taqsimlanishi lozim.
23. Mashgʻulotlar, jumladan yuqori jismoniy yuklamali mashgʻulotlar ertalabga toʻgʻri kelsa, u holda oʻquvchi-sportchilarning birinchi nonushtasi yuqori kaloriyali (kun davomidagi umumiy ovqatlanish miqdorining 30 foizgacha), kichik hajmli, oson hazm boʻladigan (shakar, fosfor, C vitamini) va ozuqaviy moddalarga boy boʻlishi, ammo tez eruvchi yogʻlar va oʻsimlik tolalariga boy mahsulotlar boʻlmasligi kerak.
Bunda, birinchi nonushta ratsioniga goʻsht, kolbasa, pishloq, kakao yoki qahva hamda sabzavotlarni (kartoshka, pomidor, sabzi, yashil piyoz va piyoz) kiritishga yoʻl qoʻyiladi.
24. Tushlik tarkibidagi kaloriya miqdori umumiy ovqatlanish miqdorining 30 — 35 foizini tashkil qilishi kerak.
25. Tushlik ratsioni koʻp miqdorda hayvon oqsili, uglevodlar, yogʻlar, oʻsimlik tolasiga boy mahsulotlar, don va dukkakli mahsulotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
26. Agar asosiy mashgʻulotlar yoki musobaqalar tushlikdan keyin oʻtkazilsa, unda tushlik kichik hajmli va oson hazm boʻladigan taomlardan iborat boʻlishi hamda tushlik ratsionidagi oʻsimlik tolasiga boy, sekin hazm boʻladigan taomlar esa nonushtaga kiritilishi kerak.
Bunda, tushlikdagi nisbiy kaloriya miqdori 30 foizgacha kamaytirilib, nonushta va kechki taom tarkibidagi kaloriya miqdori unga mos ravishda orttirilishi lozim.
27. Ikkinchi tushlik (tolmachoy) tarkibidagi kaloriya miqdori umumiy ovqatlanish miqdorining 5 — 10 foizini tashkil qilishi kerak.
Bunda, ikkinchi tushlik uchun oʻquvchi-sportchilarga meva va shirinliklar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Kechki taomdagi kaloriya miqdori 25 — 30 foiz boʻlishi kerak.
29. Kechki taom ratsionida oqsil va yogʻ miqdori nonushta va tushlikdagiga nisbatan kam miqdorda boʻlishi kerak.
30. Kechki taom tarkibida sekin hazm boʻluvchi mahsulotlar cheklanishi hamda sut, sabzavot va baliqli taomlar, mevalar boʻlishi lozim.
31. Toʻliq tungi uyquni taʼminlash uchun kechki taom yotishdan 3-4 h oldin berilishi lozim.
Bunda, kechki taom tarkibida yogʻ, qizarib pishgan ovqatlar, qandolat mahsulotlari boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Kechki ovqatdan keyin (uyquga yotishdan oldin) ikkinchi kechki taom berilishi lozim.
Bunda, ikkinchi kechki taom tarkibida qoʻshimcha oqsilga boy boʻlgan bir stakan sut mahsuloti, mevalar va sabzavotlar boʻlishi kerak.
33. Oʻquvchi-sportchilarning umumiy ovqatlanish ratsionida achchiq taomlarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Ortiqcha vaznga ega boʻlgan, semirib ketgan oʻquvchi-sportchilarning ovqatlanish ratsionidan tuz, non va qandolat mahsulotlari hamda yogʻli taomlar chiqarib tashlanishi lozim.
3-bob. Oʻquvchi-sportchilarning umumiy ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
35. Terlash orqali organizmda yoʻqotilgan koʻplab minerallarni tezroq tiklash uchun ovqatlanishda sut va sut mahsulotlari, sabzavot va mevalar, mineral suvlardan foydalanish lozim.
36. Ovqatlanishda quyidagilarga rioya qilish lozim:
ovqatlanish besh mahal boʻlishi;
ovqatlanishlar orasidagi tanaffus 5 h dan oshmasligi;
zoʻriqtiruvchi mashgʻulotlarni och qoringa oʻtkazishga, shuningdek ovqatlanishni bevosita sport musobaqalari oldidan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi;
sport musobaqalari davrida ovqatlanish musobaqa boshlanishidan 2-3 h oldin, chiqishlar tugagandan soʻng esa kamida 40 — 45 min dan keyin (jismoniy yuklamaning ovqat hazm qilish tizimiga tormozlovchi taʼsiri namoyon boʻlmasligi uchun) amalga oshirilishi.
37. Kun davomidagi ovqatlanish ulushi quyidagicha boʻlishi lozim:
nonushta (7.30 — 8.00) — 20 — 25 foiz;
ikkinchi nonushta (10.00 — 10.30) — 10 — 15 foiz;
tushlik (13.00 — 13.30) — 30 — 35 foiz;
tolma choy (17.00) — 5 — 10 foiz;
kechki ovqat (19.30 — 20.00) — 25 — 30 foiz.
38. Oʻquvchi-sportchilarning yosh guruhlaridan kelib chiqib sport turlari uchun umumiy ozuqa moddalariga boʻlgan kunlik ehtiyoj mazkur sanitariya qoidalarining 4-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
39. Ovqatlanishda foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha kunlik toʻplamlarini shakllantirishda ushbu sanitariya qoidalarining 4-ilovasida keltirilgan energiya sarfining nisbati hisobga olinishi lozim.
40. Ovqatlanishni tashkil etishda quyidagilarga rioya qilish kerak:
makro va mikronutrientlarga boy boʻlgan sifatli va yangi oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish;
oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar xavfsiz boʻlishi lozim;
ovqatlanish bilan bogʻliq alimentar yuqumli kasalliklarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik;
oʻquvchi-sportchilarda sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish koʻnikmalarini shakllantirish;
kunlik taomnoma asosida taomlarni tayyorlash va taomnomani ovqatlanish zalida koʻrinadigan tarzda osib qoʻyish;
oshpazlarni sanminimum dasturi asosida gigiyenik oʻqitish va tarbiyalash hamda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
41. Kunlik taomnomalar muassasalarning tibbiyot xodimi (shifokor yoki hamshira) tomonidan tuzilishi lozim.
42. Joriy kunda mashgʻulotlarda qatnashuvchi oʻquvchi-sportchilar soni taomnomada nazarda tutilgan bolalar sonidan 10 nafarga koʻp yoki kam boʻlsa, tibbiyot xodimi (shifokor yoki hamshira) tomonidan taomnomaga oʻzgartirish kiritilishi hamda mahsulotlar omborga qaytarilishi yoki qoʻshimcha mahsulotlar ajratilishi lozim.
43. Muassasalarda oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini oʻrganish boʻyicha brakeraj komissiyasi (bundan buyon matnda brakeraj komissiyasi deb ataladi) tashkil etilishi lozim.
44. Oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini oʻrganish natijalari alohida yuritiladigan brakeraj jurnallarida qayd etilishi kerak.
45. Brakeraj jurnaliga oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, mazasi, kunlik sinama olinganligi, ovqatni tarqatish haqidagi maʼlumotlar har kuni tibbiyot xodimi (shifokor yoki hamshira) tomonidan kiritib boriladi.
46. Kunlik taomnomani tuzishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
nonushta uchun 250 — 300 g sutli turli xil yormali boʻtqalar, 50 — 100 g qaynatilgan tuxum yoki 15 — 50 g pishloq, 150 g non, 200 — 250 ml choy yoki sutli qahva yoki kompot;
tushlik uchun 250 — 300 ml shoʻrva (goʻshtli yoki sabzavotli), 200 — 250 g goʻshtli asosiy taom (palov, kartoshka goʻsht bilan, makaron goʻsht bilan), 150 — 200 g sabzavotli salat, 150 — 200 g non, 200 — 250 ml mevali kompot yoki sharbat;
tolmachoy uchun 200 — 250 ml sut mahsuloti, 50 g quruq mevalar yoki bulochka;
kechki ovqat uchun 200 — 250 g baliq yoki tovuq goʻshti, 150 — 200 g sabzavotli garnir (grechka, guruch, kartoshka), 150 — 200 g sabzavotli salat, 200 — 250 ml mevali kompot yoki choy;
uyquga yotishdan oldin 200 — 250 ml kefir yoki sut.
4-bob. Oʻquvchi-sportchilar tomonidan isteʼmol qilinadigan ichimliklarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
47. Bolalardagi ichak disbakteriozi, shuningdek gipovitaminozlarning oldini olish maqsadida oʻquvchi-sportchilarga tarkibida askorbin kislotasi, lakto- va bifidumbakteriyalarga boy ichimliklar berilishi zarur.
48. Oʻquvchi-sportchilar organizmida mavjud suv-tuz balansini saqlash maqsadida mashgʻulotdan oldin, mashgʻulot davomida va mashgʻulotdan soʻng quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
oʻquvchi-sportchilar tomonidan suvni isteʼmol qilish va uni sarflanish oʻrtasidagi muvozanatni saqlash;
suvni kichik qismlarga (har biri 30 — 60 mldan oshmagan) boʻlib ichishga ruxsat berish.
49. Oʻquvchi-sportchilar tomonidan isteʼmol qilinadigan ichimliklar miqdori soatiga 1 l dan oshmasligi kerak.
50. Issiq havoda va yuqori yuklamali mashgʻulotlardan soʻng isteʼmol qilinadigan ichimliklarning harorati 12 — 15°C boʻlishi kerak.
51. Issiq havoda va yuqori yuklamali mashgʻulotlardan soʻng koʻp miqdorda sovitilgan ichimlikni isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
52. Oʻquvchi-sportchilar isteʼmol qiladigan kunlik ichimlik miqdori 2,5 — 3 l atrofida boʻlishi kerak.
53. Oʻquvchi-sportchilarga mashgʻulot tugagandan soʻng toza tabiiy suv, optimal muvozanatli mineral suv (1 l dagi tuzning miqdori 1 gr dan koʻp boʻlmagan), 4 — 6 foiz uglevodli-mineral ichimliklar eritmalari, mineral suvlar, meva sharbatlari (kuniga 2 stakandan oshmagan holda), sabzavot sharbatlari, mevali sharbatlar, choy, sut isteʼmol qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
54. Oʻquvchi-sportchilarning quyidagi ichimliklarni isteʼmol qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
uglevod gellari (ular har doim suv bilan olinishi kerak);
gazlangan suv va uglevod miqdori 8 foizdan ortiq boʻlgan glukoza-elektrolit eritmalari.
55. Mashgʻulotdan oldin, mashgʻulot davomida yoki mashgʻulotdan keyin gazlangan energetik ichimliklarni isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
56. Muassasalarda oʻquvchi-sportchilar tomonidan isteʼmol qilinadigan ichimlik suvini yetkazib berish quyidagi shakllarda tashkil etilishi lozim:
statsionar ichimlik favvoralari;
idishlarda qadoqlangan suv.
57. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining 5-ilovasida keltirilgan.
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0096-25-son SanQvaN) 1-ILOVA
Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilari uchun kunlik oziq-ovqatlar toʻplami (11 — 13 yosh)
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0096-25-son SanQvaN) 2-ILOVA
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchilari uchun kunlik oziq-ovqat toʻplami (14 yoshdan kattalar)
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0096-25-son SanQvaN) 3-ILOVA
Kundalik oziq-ovqat toʻplamida koʻrsatilgan oziq-ovqat mahsulotlarini uning oʻrnini bosuvchi mahsulotlarga almashtirish normalari
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga 0096-25-son SanQvaN) 4-ILOVA
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ozuqa moddalariga (gr) va energiyaga boʻlgan kunlik ehtiyoji
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari oʻquvchi-sportchilarining ovqatlanishiga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0096-25-son SanQvaN) 5-ILOVA
