Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida (507-son)
08.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga muvofiq eshik va derazalarning xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — texnik reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
eshik va derazalarning xavfsizlik talablari;
eshik va derazalarni milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash;
texnik reglament talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazorati.
2. Texnik reglamentni joriy etish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi, mazmuni hamda uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
4. Texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach amalga kiritilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-avgust,
507-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-avgustdagi 507-son qaroriga 1-ILOVA
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisida
TEXNIK REGLAMENT
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Texnik reglament eshik va derazalarga hamda ularning elementlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishi va bajarilishi majburiy boʻlgan yagona talab va qoidalarni belgilaydi.
2. Ushbu Texnik reglament talablari quyidagi mahsulotlarga tatbiq etilmaydi:
ushbu Texnik reglament amalga kiritilguniga qadar ishlab chiqarilgan eshik va derazalar;
foydalanishda boʻlgan eshik va derazalar;
milliy hunarmandchilik mahsulotlari va oʻz ehtiyojlari uchun yasalgan eshik va derazalar.
3. Ushbu Texnik reglament talablari quyidagi tur va tasnifdagi eshik hamda derazalarga taalluqlidir:
a) eshiklar:
moʻljallanishidan kelib chiqib (binoga kirish eshiklari, jamoat, ishlab chiqarish va qoʻshimcha bino hamda inshootlarning xonalariga kirish uchun ichki kirish eshiklari, xonalar oʻrtasidagi eshiklar, sanuzellar eshiklari);
profil elementlarining materiallari boʻyicha (plastik, alyumin, taxta, poʻlat eshiklar);
konstruktiv bajarilishiga koʻra (ikki tavaqali, tebranuvchan, suriladigan, yigʻiladigan eshiklar);
b) derazalar:
funksional moʻljallanishidan kelib chiqib (asosiy, maxsus, shovqindan himoyalovchi, sindirishga chidamli, qoʻshimcha xonalar (zinapoyalar kataklari, texnik qavatlar, chordoqlar, yertoʻlalar) uchun);
profil elementlarining materiallari boʻyicha (plastik, alyumin, poʻlat, kompozit);
konstruksiya turi boʻyicha (bir qavatli, juft qavatli, ajratilgan, ajratilgan-juft).
4. Ushbu Texnik reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
deraza — binoning tashqi devorining oʻrnatilgan va tabiiy yoritish, shuningdek, xonani ventilyatsiya qilish, uni tashqi iqlim va boshqa taʼsirlardan himoya qilish uchun moʻljallangan jihozi;
deraza qanoti — derazaning ochilib-yopiladigan qismi;
zichlagich — turli materiallardan tayyorlanib, suv, havo, bugʻ, harorat va changdan himoya qilish, germetiklikni taʼminlash va eshik hamda derazalarning ishlatish samaradorligini oshirish uchun qoʻllanadi;
muvofiqlikni baholash organi — muvofiqlikni baholashga oid faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
rom — deraza oynasini ushlab turishga moʻljallangan, profildan tayyorlanadigan, binoga mahkam qotiriladigan karkas va agar mavjud boʻlsa, unga harakatlanuvchi sharnirlar bilan ulanadigan tavaqa (oynasiz) konstruksiyasi;
furnitura — eshiklar uchun tutqichlar, derazalar uchun tutqichlar, qoplamali derazatokcha, oynalar va eshiklar uchun ulagichlar, oyna va eshik bloklari uchun ilgaklar, oynalar, eshiklar uchun ulagichlar va qulf (toʻsiq), qulflarning ochiluvchi qismlari, aluminiy hamda PVX uchun qopqoqlar, adapterlar va boshqa plastik qismlar;
eshik — teshiklarni toʻldirish uchun moʻljallangan va eshik blokidan, eshik blokini mahkamlash, montaj toʻqimasi, toʻldiruvchilar va qoplamalar tizimidan iborat boʻlgan devor konstruksiyasining elementi boʻlib, iqlim, shovqin va boshqa taʼsirlardan, shuningdek, ruxsatsiz toʻsiqlardan himoya qilishni taʼminlash vositasi;
eshik va deraza uchun profillar — koʻndalang kesimda konstruksiya massasining imkon qadar kamaytirgan holda egilishga boʻlgan mustahkamlikni, tashqi muhitdan himoyani hamda energiya samaradorligini taʼminlashga qaratilgan samarali shaklga ega chiziqli element.
5. Ushbu Texnik reglamentga 1-ilovada eshik va derazalarning turlari va tiplari roʻyxati, 2-ilovada tasniflari keltirilgan.
6. Eshik va derazalarning majburiy texnik talablari, ekspluatatsiya xususiyatlari hamda foydalanish tavsiflari Texnik reglamentga 3-ilovada belgilangan eshik va derazalar uchun muhim xususiyatlar roʻyxatiga muvofiq boʻlishi kerak.
7. Eshik va derazalar qonunchilikda belgilangan tartibda muvofiqligi tasdiqlangandan soʻng realizatsiyaga chiqariladi.
Ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan eshik va derazalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiyaga chiqarilmaydi.
2-bob. Xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy xavfsizlik talablari
8. Eshik va derazalar shunday loyihalashtirilishi va ishlab chiqarilishi kerakki, bunda ular moʻljallanishi boʻyicha qoʻllanilganda va foydalanish hujjatlarida koʻrsatilgan qoidalarga rioya etilganda quyidagilarni taʼminlaydigan qilib ishlab chiqarilishi shart:
mexanik xavfsizlik;
kimyoviy xavfsizlik;
yongʻin xavfsizligi;
ekologik xavfsizlik;
energiya tejamkorlik.
Eshik va derazalar ular moʻljallanishi boʻyicha qoʻllanilganda va foydalanish hujjatlarida koʻrsatilgan qoidalarga rioya etilishi hamda quyidagilarni taʼminlaydigan qilib ishlab chiqarilishi shart:
mexanik xavfsizlik;
kimyoviy xavfsizlik;
yongʻin xavfsizligi;
ekologik xavfsizlik.
9. Bino va inshootlarning tegishli loyiha hujjatlarida konstruksiya elementi sifatida eshik va derazalarga Texnik reglamentda nazarda tutilmagan talablar belgilangan boʻlsa, eshik va derazalar ushbu loyihaviy talablarga ham muvofiq boʻlishi lozim.
10. Ishlab chiqaruvchi eshik va derazalarning texnik hujjatlarida quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi lozim:
texnik xizmat koʻrsatish;
ehtiyot qismlarni almashtirish;
mahsulotning yuza qoplama materiallari;
barcha komponentlari;
yigʻish usullari;
xizmat qilish muddati;
foydalanish shartlari;
shamol yukiga qarshilik koʻrsatkichiga doir maʼlumotlar.
11. Deraza va balkon bloklari hamda balkon derazalarining konstruksiyalari xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar va insonlar salomatligi hamda xavfsizligini taʼminlash uchun xonalarni shamollatishni taʼminlashda deraza bloklariga texnik yechimlar 4-ilovaga muvofiq bajarilishi lozim.
12. Eshik va derazalarni tamgʻalash, komplektlash hamda yetkazib berishga doir xavfsizlik talablari 5-ilovada belgilangan.
13. Deraza va balkon bloklari, balkon oynalaridan foydalanish hamda texnik xizmat koʻrsatish uchun xavfsizlik talablari ushbu Texnik reglamentga 6-ilovada keltirilgan.
2-§. Mexanik xavfsizlik talablari
14. Eshik va derazalar mexanik xavfsizlik nuqtai nazaridan quyidagi sinovlardan oʻtkaziladi:
shamol yukiga chidamliligi;
takroriy ochilish va yopilish qarshiligi;
turli iqlimlarda oʻzgarmasligi.
15. Oʻtkazilgan sinov natijalariga muvofiq eshik va derazalar ushbu Texnik reglamentga 2-ilovaga muvofiq tasniflanishi kerak.
16. Eshiklar belgilangan mexanik mustahkamlik sinfiga muvofiq ishlab chiqilishi taʼminlanishi kerak.
17. Favqulodda vaziyatlar uchun qoʻyilgan eshiklarning qurilmalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan sinovdan oʻtkazilishi lozim.
3-§. Kimyoviy xavfsizlik talablari
18. Eshik va derazalarning kimyoviy xavfsizligi atrof-muhitga uchuvchi kimyoviy moddalarning eshik va derazalardan barcha chiqarilgan moddalar bilan birgalikdagi taʼsiri inson organizmiga bevosita yoki bilvosita salbiy taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilgan miqdorda chiqarilmasligi bilan taʼminlanishi kerak.
19. Eshik va derazalardan foydalanilganda ulardan birinchi xavflilik sinfiga tegishli kimyoviy moddalar ajratib chiqarilmasligi kerak.
20. Eshik va derazalardan umumlashuvchi taʼsirga ega boʻlgan bir nechta zararli kimyoviy moddalar ajrab chiqishida, ularning konsentratsiyasining chegaraviy ruxsat etilgan konsentratsiyaga nisbati birdan oshmasligi kerak.
21. Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq eshik va derazalar xonada 2 balldan koʻp boʻlmagan oʻziga xos zararli hid chiqarmasligi lozim.
22. Eshik va derazalarning har bir turi uchun boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda xavfsizlik talablari belgilangan boʻlsa, eshik va derazalar ushbu xavfsizlik talablariga ham muvofiq boʻlishi lozim.
23. Eshik bezaklari uchun ishlatiladigan boʻyoqlarda qoʻrgʻoshin boʻlmasligi kerak.
24. Eshik va derazalarni ishlab chiqarish uchun moʻljallangan polimer profillarni ishlatish davrida inson organizmiga zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-§. Yongʻin xavfsizligi talablari
25. Eshik va derazalarni ishlab chiqarish yongʻin xavfsizligiga oid normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
26. Eshik va derazalarni ishlab chiqarishda qoʻllanadigan materiallarning kuzatuv hujjatlarida ularning yongʻin xavfsizligi boʻyicha maʼlumotlari koʻrsatilishi lozim.
5-§. Ekologik xavfsizlik talablari
27. Eshik va derazalar ishlab chiqarilishida atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi zarur.
6-§. Materiallar, komponentlar va qistirmalarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
28. Eshik va derazalarni tayyorlashda foydalaniladigan materiallar hamda komponentlar iqlim taʼsiriga va korroziyaga chidamli boʻlishi kerak.
29. Eshik va derazalarning asosiy tarkibiy qismlari — shisha paket, zichlovchi qistirmalar, deraza furnituralari, qulflar va halqalar, shuningdek, pardozlash materiallari (qoplamalar) va yopishtiruvchi moddalar (yopishqoq birikmalar) ularga oid boʻlgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlarga muvofiq boʻlishi lozim.
30. Poʻlat elementlari yuzalarida yoriqlar, mexanik shikastlanishlar, oʻyiqlar, egriliklar, zanglar boʻlmasligi kerak.
31. Tarkibiy komponentlarning poʻlat qismlari mustahkamlikni taʼminlaydigan poʻlat navlardan tayyorlanishi kerak.
3-bob. Eshik va derazalarning muvofiqligini baholash
32. Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiyaga chiqariladigan eshik va derazalarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi baholanishi shart.
33. Eshik va derazalarning ushbu Texnik reglamentning talablariga muvofiqligi sertifikatlash shaklida tasdiqlanadi.
34. Eshik va derazalarning ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi sertifikatlash yoʻli bilan quyidagi sxemalarning birini qoʻllash orqali tasdiqlanadi:
1S sxema — seriyali ishlab chiqariladigan eshik va derazalarni sertifikatlashtirishda qoʻllanadi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) hisoblanadi va sertifikatlangan mahsulotlar muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanishini taʼminlaydi;
3S sxema — eshik va derazalar toʻpi uchun qoʻllanadi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi va sertifikatlangan mahsulotlar muvofiqlik belgisi bilan (import qilingan mahsulotlar ariza beruvchiga qulay shaklda) tamgʻalanishini taʼminlaydi;
4S sxema — yagona (bitta) eshik va deraza uchun Texnik reglamentda belgilangan sinov va oʻlchash jarayonida ushbu buyumga putur yetkazilmasa qoʻllanadi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi.
35. Muvofiqlik sertifikati Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-avgustdagi 502-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
4-bob. Texnik reglament talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazorati
36. Texnik reglament talablariga rioya qilish boʻyicha davlat nazorati Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, shuningdek, boshqa vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
37. Ushbu Texnik reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 1-ILOVA
Eshik va derazalarning turlari va tiplari
ROʻYXATI
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 2-ILOVA
Eshik va derazalarning
TASNIFLARI
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 3-ILOVA
Eshik va derazalar uchun muhim xususiyatlar
ROʻYXATI
Izoh: “ * ” - binoning ichki xonalariga (tashqi muhitdan toʻsib turuvchi devorlarga oʻrnatilmaydigan eshik va derazalar) oʻrnatiladigan eshik va derazalarga taalluqli emas.
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 4-ILOVA
Deraza va balkon bloklari hamda balkon derazalarining konstruksiyalari xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar va insonlar salomatligi hamda xavfsizligini taʼminlash uchun xonalarni shamollatishni taʼminlashda deraza bloklariga
TEXNIK YECHIMLAR
1-bob. Deraza va balkon bloklari konstruksiyasi xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
1. Mahsulot konstruksiyalarini xavfsiz ishlab chiqarish, tashqi oʻlchamlari, ochilish sxemalari, ochilmaydigan tavaqalardan foydalanish imkoniyati, asosiy foydalanish xususiyatlari, material, rang va boshqa parametrlar aniq mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun texnik topshiriqda yoki obyekt uchun loyiha hujjatlarida belgilanishi kerak.
2. Balkon bloklarini xavfsiz ishlab chiqarish uchun mahsulotning umumiy oʻlchamlari va gabariti, shuningdek, ochilgan tavaqalarning oʻlchamlari va vazni, maydoni, kengligi hamda balandligi nisbati profilli tizimlar va furnitura tizimlarini ishlab chiqaruvchilarning tavsiyalari asosida olinishi kerak.
3. Ochilish elementlarining oʻlchamlari profil kesimining statik xususiyatlarini, ochilish turi va ochilish elementlarining massasini, kutilayotgan ish yuklarini hisobga olgan holda belgilanadi.
4. Mahsulotning ruxsat etilgan chegaraviy umumiy oʻlchamlari va maydoni, shuningdek, ochilish tavaqalarining oʻlchamlari va ogʻirligi, maʼlum bir profilli tizimi, insonlar hayoti xavfsizligi hamda furnitura tizimi uchun ularning kengligi va balandligi nisbati laboratoriya sinovlari asosida aniqlanishi kerak.
5. Xavfsiz ishlash uchun deraza va balkon bloklari konstruksiyasining profil elementlari yaxlitligini buzmasdan, ikki qavat oynali deraza oynalarni va zichlagichlarini almashtirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Deraza va balkon bloklaridagi qistirmalarni almashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlarida koʻrsatilishi kerak.
6. Harakatlanish imkoniyati cheklangan insonlar tomonidan oyna bloklaridan foydalanish qulay boʻlishi uchun tutqichlarni romning pastki gorizontal profiliga oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
7. Deraza va balkon bloklari insonlarning xavfsizligi va qulayligi uchun mahsulotining funksional xususiyatlarini kengaytiradigan qoʻshimcha qurilmalar bilan jihozlanishi mumkin: jalyuzilar, rolikli jalyuzilar, chivinga qarshi toʻrlar, havo taʼminoti moslamalari, xavfsizlik moslamalari (masalan, oʻrnatilgan qulfli rom tutqichi, yosh bolalarning xavfsizligi uchun qulf).
8. Insonlarning salomatligini taʼminlash uchun deraza bloklarining dizayni egilish va burilish (koʻtarish) orqali ochilishga sozlanishi, qanotlar yoki shamollatish klapanlari yordamida xonalarni shamollatish imkoniyatini taʼminlashi kerak. Mahsulotlarni loyihalashtirishda harorat va namlik sharoitlarini tartibga soluvchi quyidagi qurilmalardan foydalanishga ruxsat beriladi: iqlim klapanlari, tirqishli va koʻp bosqichli shamollatish, shuningdek, shakllanishi tufayli intensiv shamollatishni taʼminlaydigan parallel tortiladigan va egilib ochiladigan moslamalar.
9. Ostonali boʻlgan balkon bloklarida insonlarning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash uchun termal boʻshliq bilan “iliq” poldan foydalanish tavsiya etiladi.
2-bob. Balkon derazalari konstruksiyasining xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
11. Xavfsiz ishlash uchun parallel — ikki yoqqa suriladigan balkon derazalarining dizayni aluminiy, yogʻoch yoki polimer profillardan tayyorlangan, yuqori va pastki yoʻnaltiruvchilardan hamda shaffof (shisha, polimer) toʻldiruvchilardan iborat boʻlishi kerak.
Konstruksiyaning harakatlanuvchi qismlari (tavaqalar) ularning romga mahkamlanishi, ochilishi, yopilishi va harakatlanishini taʼminlaydigan harakatlanuvchi moslamalar (furnituralar, yoʻnaltiruvchi roliklar, ilmoqlar) bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Bu ularning romga oʻrnatilishini hamda ulardan foydalanganda xavfsiz ochilishi, yopilishi va harakatlanishini taʼminlaydi.
12. Romsiz oyna konstruksiyasi yuqori va pastki yuk koʻtaruvchi aluminiy profillar, pishiq shisha tavaqalar toʻplami va tavaqalarni harakatlantirish uchun qurilmalardan iborat boʻlishi lozim. Shisha elementlar yuqori va pastki tavaqa profillarga bitta komponentli yoki ikki komponentli poliuretan yelim yordamida yoki boshqa mahkamlash usuli bilan oʻrnatilishi kerak.
3-bob. Inson salomatligi va xavfsizligini taʼminlash uchun xonalarni shamollatishni taʼminlashda deraza bloklariga texnik yechimlar
13. Shamollatish moslamalari bilan jihozlanmagan xonalarda (misol uchun, devor shamollatish klapanlari) meʼyorlashtirilgan mikroiqlim koʻrsatkichlarini taʼminlash uchun tashqi havo quyidagi sabablarga koʻra deraza bloklari orqali kirib kelishi kerak:
deraza bloklarining konstruksiyasiga oʻrnatilgan shamollatish klapanlari, shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan hajmlarda tashqi havo oqimini taʼminlaydi;
fortochkalar, kirish yoʻlaklaridagi derazalar (framugalar), qaytariladigan, burilib-qaytariladigan, parallel-suriladigan va qayrilib ochiladigan tavaqalar yordamida davriy shamollatishni taʼminlaydi.
14. Taʼminot klapanlarining konstruksiyasi qurilmaning ishlashini kuchaytiradigan qoʻshimcha mexanik qurilmalarni oʻz ichiga olishi mumkin.
15. Havo almashinuvi rejimlari tavaqasi, qopqoq, planka va boshqalarni ochish uchun turli cheklovchilar yordamida qoʻlda, bosimning pasayishi qiymatiga qarab oʻzini oʻzi boshqarish rejimida, shuningdek, ishlab chiqaruvchining takliflariga muvofiq avtomatik rejimda tartibga solinishi mumkin.
16. Balkonga qaragan deraza va balkon bloklari uchun shamollatish moslamalari, havo oqimi uchun asboblar (ochiladigan tavaqalar, shamollatish panjaralari va boshqalarni ochish) bilan jihozlanganda balkon derazasi konstruksiyada koʻrsatilishi kerak.
17. Mikroiqlim koʻrsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimcha tadbir sifatida deraza bloklarini loyihalashtirishda cheklangan shamollatish tizimidan zichlagichdagi teshiklar shaklida foydalanish yoki mini-klapanlarni oʻrnatish mumkin.
18. Ochiladigan eshiklarda rom furnituralarining tutqichini rom furnituralarini ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan maʼlum bir joyga koʻchirish orqali amalga oshiriladigan ochilish (tirqishli shamollatish) paytida boʻshliqlarni sozlash imkonini beruvchi furnituralardan foydalanish kerak.
19. Parallel ochiladigan deraza bloklarining tavaqalari shamollatish uchun sozlanishi nazorat oʻlchamlari bilan kengaytirish imkoniyatlariga ega boʻlishi mumkin.
Shamollatish qurilmasi samaradorligini taʼminlash uchun qanotning kengayishi romga yoki egilish burchagiga parallel boʻlishi mumkin.
20. Tibbiy tashkilotlarning deraza bloklarida egilish va burilish, burilish va egilish, parallel surilish, egilish va siljish usulidagi ochilishdan foydalanish kerak. Xonani shamollatish uchun shamollashni bartaraf etadigan, tabiiy havo almashinuvini taʼminlaydigan parallel tortiladigan yoki egilib-qayta tortiladigan tavaqadan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 5-ILOVA
Eshik va derazalarni tamgʻalash, komplektlash hamda yetkazib berishga doir
XAVFSIZLIK TALABLARI
1-bob. Eshik va derazalarni tamgʻalashga doir xavfsizlik talablari
1. Har bir mahsulot suv oʻtkazmaydigan boʻyoq yoki ishlab chiqaruvchining nomi (tovar belgisi), mahsulotning belgisi, ishlab chiqarilgan sanasi va/yoki buyurtma raqami koʻrsatilgan yorliq, mahsulotning texnik nazorat boʻlimi tomonidan qabul qilinganligini tasdiqlovchi belgi (shtamp) bilan tamgʻalanadi. Tamgʻa ob-havoga chidamli boʻlishi va odatda mahsulotning teskari tomonida joylashgan boʻlishi kerak.
2. Mahsulotlarga kiritilgan qulflash moslamalari va shisha paketlar ushbu mahsulotlar uchun texnik hujjatlarga muvofiq tamgʻalanishi kerak.
3. Deraza bloklari korxona tomonidan ishlab chiqarilgan shisha paketlar bilan butlanishida buyurtmachi bilan kelishilgan holda, shisha paketlarni alohida tamgʻalamaslikka, balki shisha paketlarni tamgʻalash boʻyicha maʼlumotlarni tamgʻada va mahsulot pasportida yoki boshqa hujjatlarda koʻrsatilgan deraza birliklarining texnik xususiyatlarini aks ettirishga ruxsat beriladi.
4. Toʻliq boʻlmagan zavod tayyorligidagi mahsulotlarni yetkazib berishda mahsulotlarning muhim tarkibiy qismlari va uzellari (rom moslamalari, shisha paketlar va boshqalar) ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlarida belgilangan talabga muvofiq oʻz tamgʻalariga ega boʻlishi kerak.
2-bob. Eshik va derazalarni komplektlash va yetkazib berishga doir xavfsizlik talablari
5. Deraza va balkon bloklari zavodda toʻliq tayyor boʻlishi: oʻrnatilgan qulflash moslamalari, ilmoqlar, shisha/shisha-paketlar, zichlovchi qistirmalar, sirtga ishlov berish yakunlangan, old yuzalarda himoya plyonkasi boʻlishi kerak.
Mahsulotlarni yetkazib berish toʻplami chivinga qarshi toʻrlar, jalyuzilar, deraza eshigi, chaspak, deraza tokchalari va boshqa qismlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Mahsulot tekisligidan tashqariga chiqadigan qulflash moslamalari oʻrnatilmagan, lekin mahsulot bilan yetkazib berilishi mumkin.
Zavodda toʻliq tayyor boʻlmagan mahsulotlarni yetkazib berishda mahsulotning tayyorlik darajasi ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi kelishuv asosida ularni ishlab chiqarish (yetkazib berish) shartnomasida belgilanadi.
6. Isteʼmolchiga yetkazib berilganda mahsulotning toʻliq toʻplami buyurtmada (shartnomada) belgilangan talablarga javob berishi va mijoz (isteʼmolchi) bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
7. Yetkazib berish toʻplami quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak: toʻplamning qismlari, agregatlari va elementlarining tavsifi, pasporti, mahsulotlardan foydalanish yoʻriqnomasi.
8. Buyurtmachining (isteʼmolchining) talablariga binoan, agar oʻrnatish shartlari shartnomada (buyurtmada) maxsus belgilanmagan boʻlsa, ishlab chiqaruvchi mahsulotlarni oʻrnatish boʻyicha standart koʻrsatmalar beradi.
9. Mahsulotlarni haqiqiy konfiguratsiyasi va operatsion xususiyatlari haqida maʼlumotni oʻz ichiga oluvchi mashinada oʻqiladigan belgilar (masalan, QR kodi yoki RFID yorligʻi) bilan qoʻshimcha ravishda tamgʻalash tavsiya etiladi.
Maʼlumot maxsus qurilma (skaner va boshqalar) tomonidan oʻqish uchun ochiq boʻlishi va binoning operatsion axborot modeliga kiritish uchun qulay format va shaklda taqdim etilishi kerak. Mahsulotlarni bunday belgilar bilan jihozlashga qoʻyiladigan talablar, shuningdek, unga kiritilgan maʼlumotlarning hajmi, formati va turi obyektni loyihalash bosqichida koʻrsatiladi.
Eshik va derazalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 6-ILOVA
Deraza va balkon bloklari, balkon oynalaridan foydalanish hamda texnik xizmat koʻrsatish uchun
XAVFSIZLIK TALABLARI
1. Deraza va balkon bloklari, balkon oynalari foydalanish va texnik xizmat koʻrsatish vaqtida xavfsiz boʻlishi hamda normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq binolarning xavfsizligi boʻyicha umumiy talablarga javob berishi kerak.
Xavfsiz ishlashga qoʻyiladigan talablar, shu jumladan, bolalar uchun himoya qulfining mavjudligi binoning loyiha hujjatlarida yoki deraza va balkon bloklarini ishlab chiqarish uchun texnik hujjatlarda belgilanishi, shuningdek, mahsulot pasportida va/yoki umumiy hujjatda binoning ishlashi uchun, shu jumladan xavfsizlik tizimlariga va oyna bloklarining xavfsiz ishlashiga qoʻyiladigan talablar aks ettirilishi kerak.
2. Deraza va balkon bloklari texnik xizmat koʻrsatish paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf va baxtsiz hodisalar (oynalar vayron boʻlganda shisha parchalaridan shikastlanishi, derazalarni yuvishda odamning yiqilib tushishi va boshqalar)ni hisobga olgan holda ishlab chiqarilishi kerak.
3. Kombinatsiyalangan ochiluvchi deraza va balkon bloklaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Loyiha hujjatlari mahsulotlarning xavfsiz ishlashini va davriy texnik xizmat koʻrsatishni (shu jumladan, shisha yuvish) taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni koʻzda tutishi kerak.
5. Xavfsiz foydalanishni taʼminlash uchun deraza jihozlari quyidagilarni taʼminlashi kerak:
a) tabaqani “Ochiq” rejimdan “Shamollatish” rejimiga va orqaga egilish hamda burilish yoki egilish-burilish usullari bilan oʻtkazishda notoʻgʻri harakatlardan himoyani;
b) tabaqa va framugalar uchun ochilish burchagi cheklovlarining mavjudligini;
v) ikki tomonga suriladigan oyna bloklari va balkon oynalari tushib qolishidan tabaqalarni himoyalashni;
g) framugani boshqarish imkoniyatlarini.
6. Xonada kattalar nazoratisiz boʻlgan bolalarning xavfsizligini taʼminlash uchun quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
egilish-burilish usulidan foydalanish — bu birinchi navbatda dastani burish orqali tabaqani egib, soʻngra dastagini dastlabki (yopiq) holatiga qaytarish orqali dastagini toʻliq ochilish holatiga oʻtkazishni nazarda tutish;
tabaqaning burilish teshigini qulflaydigan, lekin uning qaytarma holatida ishlashiga imkon beradigan bolalar uchun xavfsizlik qulflardan foydalanish;
bolalar uchun xavfsizlik qulflari oyna blokining konstruksiyasi va qulfning oʻziga qarab, burilish-ochilishini qulflash funksiyasini majburiy bajarish;
bolalar himoya qulfi kalit bilan (yaʼni qulflash mexanizmiga ega) va/yoki qulflash mexanizmidan foydalanmasdan maxsus kalit (tutqich) bilan qulflanishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-avgustdagi 507-son qaroriga 2-ILOVA
Eshik va derazalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish
SXEMASI
