Tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (495-son)
05.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, hududlarda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida zaxira va imkoniyatlarni ishga solish hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va tasdiqlash;
drayver loyihalarni moliyalashtirish;
drayver loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash, muvofiqlashtirish va monitoring qilish.
2. Belgilansinki:
drayver loyihalarni shakllantirish va ularni samarali amalga oshirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimliklari;
drayver loyihalar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul tashkilotlar hisoblanadi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-avgust,
495-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-avgustdagi 495-son qaroriga ILOVA
Tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish maqsadida davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan, sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlaridagi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Drayver loyiha deganda hududning zaxira va imkoniyatlarini hisobga olgan holda, maʼlum iqtisodiy oʻsishni, oʻzgarishni yoki harakatlantiruvchi omilni yuzaga keltiradigan sanoat, xizmatlar koʻrsatish sohalari va qishloq xoʻjaligining rivojlanishiga turtki beradigan loyihalar tushuniladi.
3. Quyidagilar drayver loyiha amalga oshiriladigan sohalar va yoʻnalishlar hisoblanadi:
a) sanoatda:
mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish uchun mikrosanoat markazlarini tashkil etish;
maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi boʻsh yer maydonlaridan samarali foydalanish;
boʻsh turgan bino va inshootlarda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash hamda saqlashni yoʻlga qoʻyish;
ixtisoslashgan mahallalarda kooperatsiya asosida ishlab chiqarishni kengaytirish;
ishlab chiqarish korxonalari quvvatidan toʻliq foydalanish va kengaytirish;
b) xizmat koʻrsatishda:
yoʻllar boʻylarida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini, shu jumladan, “Service point” va “Service area”lar tashkil etish;
tuman markazi va unga tutash hududlardan oqib oʻtuvchi suv havzalari boʻylarida, tabiiy va sunʼiy koʻllar qirgʻoqlarida sohilboʻyi turizm va dam olish maskanlarini tashkil etish;
turizm obyektlari (uy mehmonxonalari, savdo shoxobchalari va boshqalar) tashkil qilish orqali tashrif buyuruvchilar (xorijiy va mahalliy turistlar oqimini koʻpaytirish) sonini oshirish hamda ularga uzoq muddat qolish imkoniyatlarini yaratish;
aholi gavjum joylarda savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida tunu kun faoliyat koʻrsatuvchi zamonaviy koʻchalarni tashkil etish;
master-reja ishlab chiqilgan hududlardagi istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
istirohat bogʻlarini kengaytirish va zamonaviylashtirish orqali qoʻshimcha savdo-servis obyektlari hamda yashil hududlarni tashkil qilish;
hududlarda mavjud bozorlar quvvatlarini oshirish, faoliyatini tartibga solish, yangi bozorlar va ularning filiallarini tashkil etish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boʻsh turgan bino-inshootlardan maqsadli va samarali foydalanish;
renovatsiya asosida eski uylar oʻrnida pastki qavatlarida xizmat koʻrsatishga moʻljallangan koʻp qavatli zamonaviy turar va noturar joy binolarini barpo etish uchun infratuzilmani yaratish;
hududlarni rivojlantirish boʻyicha master-rejalarni ishlab chiqish;
yuqori daromadli kasblarga va xorijiy tillarga oʻqitishni yoʻlga qoʻyish;
v) qishloq xoʻjaligida:
aholiga ijara asosida ajratilgan qishloq xoʻjaligi yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun infratuzilmani yaratish;
yer maydonlarini oʻzlashtirish, foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash;
eski bogʻ va tokzorlarni yangilash hamda ularning oʻrnida yangi serhosil (intensiv) bogʻlarni tashkil etish orqali mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish;
ixtisoslashgan mahallalarda kooperatsiya asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish;
chorvachilik, baliqchilik, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish.
4. Davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratish tartibi:
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz, ichimlik suvi va oqova suv, sugʻorish suvi taʼminoti, yoʻl infratuzilmasi) barpo etish, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va boshqa qurilish-taʼmirlash ishlarini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hamda boshqa manbalardan mablagʻlar ajratish;
tadbirkorlik uchun qulay muhitni yaratish boʻyicha takliflar tayyorlash va maslahat xizmatlari koʻrsatish hamda yuzaga keladigan boshqa muammolarini hal qilish.
5. Drayver loyihalarni shakllantirishda quyidagi talablar inobatga olinishi lozim:
ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan sohalar va yoʻnalishlarga muvofiq amalga oshirilishi;
drayver loyihani amalga oshirish natijasida kamida uch va undan ortiq tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishi yoki faoliyati kengaytirilishi (davlat-xususiy sheriklik, renovatsiya dasturi, boʻsh turgan davlat mulki obyektlarida, bozorlar va savdo komplekslari, ixtisoslashtirilgan markazlarda yakka loyihalarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash, saqlash, eski bogʻ va tokzorlarni yangilash orqali serhosil (intensiv) bogʻ tashkil qilish, samarasiz va boʻsh turgan qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida kooperatsiya asosida mahsulotlar yetishtirish loyihalarni amalga oshirish bundan mustasno);
tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi ish oʻrinlari yaratilishi.
2-bob. Drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va tasdiqlash
6. Drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va ishga tushirish tuman (shahar) hokimlari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Drayver loyihalar ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga asosan shakllantiriladi, kelishiladi va tasdiqlanadi.
Bunda drayver loyihalar:
har yili 1-noyabrga qadar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi;
bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ushbu drayver loyihalarni oʻn ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻn besh ish kuni ichida drayver loyihani joyiga chiqqan holda oʻrganadi va drayver loyihalarning yakuniy roʻyxatini tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuboradi;
kelishilgan drayver loyihalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Drayver loyihalarni istiqbolsiz deb topish va boshqasiga almashtirish
8. Drayver loyihalar quyidagi holatlarda istiqbolsiz deb topiladi:
drayver loyihani amalga oshirish uchun tanlangan yer maydonlari hamda bino va inshootlardan foydalanish imkoniyati boʻlmaganda;
drayver loyihani amalga oshirish uchun tashabbuskorlar aniqlanmaganda;
drayver loyiha taklifidagi aholi bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatkichlar amalga oshiriladigan tadbirlarga nomuvofiq boʻlganda;
drayver loyiha bilan bogʻliq oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan fors-major holatlar yuzaga kelganda.
9. Istiqbolsiz deb topilgan drayver loyihalar quyidagi tartibda boshqasiga almashtiriladi:
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirgan holda istiqbolsiz deb topilgan drayver loyihalar oʻrniga yaratiladigan ish oʻrinlarini kamaytirmasdan boshqa istiqbolli drayver loyiha takliflari shakllantiriladi;
istiqbolsiz deb topilgan drayver loyihalar hamda boshqa taklif qilinayotgan istiqbolli drayver loyihalarning manzilli roʻyxati tuman (shahar) hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda almashtiriladi;
yangilangan roʻyxat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tasdiqlangan holda har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi har chorak yakuni bilan istiqbolsiz deb topilgan drayver loyihalarni almashtirishni hisobga oladi.
4-bob. Drayver loyihalarni moliyalashtirish
11. Drayver loyihalarni amalga oshirishda mablagʻlar ularni zarur infratuzilma (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, aloqa, yoʻl-transport infratuzilmalari va drayver loyihalar bilan bogʻliq boshqa obyektlar) bilan taʼminlash uchun quyidagi manbalardan moliyalashtiriladi:
tuman (shahar)larning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish sohalarida tadbirkorlikning rivojlanishiga turtki beruvchi drayver loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetida (keyingi oʻrinlarda — respublika budjeti) koʻzda tutilgan mablagʻlar;
mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalari mablagʻlarini ajratishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari mahalliy budjetda shakllangan qoʻshimcha manbalar mablagʻlari hisobidan ushbu tadbirlarga mablagʻ yoʻnaltirish yuzasidan tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) Kengashlariga taklif kiritadi.
12. Drayver loyihalarga zarur infratuzilmani yaratish uchun respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) Kengashlari qarorlari asosida ishlatiladi.
13. Drayver loyihalar uchun respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar loyiha-smeta hujjatlariga asosan aniqlangan ishlar hajmini moliyalashtirishga yetmagan hollarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mahalliy budjetida shakllangan qoʻshimcha manbalar yoki qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
14. Drayver loyihalar uchun respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar loyiha-smeta hujjatlariga asosan hamda bosh pudratchi tanlovi natijalariga koʻra obyekt loyihasidan iqtisod qilingan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda boshqa drayver loyihalarning infratuzilma xarajatlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishiga ruxsat etiladi.
15. Drayver loyihalarni amalga oshirish doirasida zarur infratuzilmani yaratish uchun:
Toshkent shahri boʻyicha — qurilish-taʼmirlash ishlari Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari orqali moliyalashtiriladi.
16. Drayver loyihalarni amalga oshirish doirasida:
bosh loyihachi tashkilotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov (tender) orqali aniqlanadi;
bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali hamda obyektlarni saqlash bilan bogʻliq taʼmirlash ishlari uchun jalb etiladigan tashkilotlar belgilangan tartibda tanlov (tender) orqali aniqlanadi;
bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarga, istisno tariqasida, qurilish-taʼmirlash ishlari uchun 30 foiz miqdorida oldindan toʻlov (avans) amalga oshiriladi.
5-bob. Drayver loyihalarni ishga tushirish
17. Drayver loyihalar bir yildan ortiq davom etgan holatlarda, ushbu drayver loyihalar har yili ishlab chiqiladigan dasturlar tarkibida alohida drayver loyiha sifatida hisobga olinadi.
18. Tadbirlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachilar etib:
ichki avtomobil yoʻllari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi buyurtmachi tashkilotlar;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlari boʻyicha — “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” DM;
sugʻorish suvi bilan taʼminlash obyektlari boʻyicha — “Suvqurilishinvest” DM;
gaz taʼminoti hamda aloqa tarmoqlari boʻyicha — tegishlicha “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻzbektelekom” AK;
elektr energiyasi taʼminoti obyektlari boʻyicha — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hududiy filiallari belgilanadi.
Bunda gaz va elektr tarmoqlarini loyihalashtirish, soha ekspertizasidan oʻtkazish va qurilish-taʼmirlash ishlari “Hududgaztaʼminot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari tomonidan xoʻjalik usulida (tashkilotlarning oʻzlari tomonidan loyihalashtirish, soha ekspertizasidan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish) amalga oshiriladi.
Obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va boshqa obyektlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilanadi.
19. Infratuzilma obyektlarining texnik topshiriqlari (talablari) tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi hamda tegishli buyurtmachi tashkilotlarga taqdim etiladi.
6-bob. Drayver loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash, muvofiqlashtirish va monitoring qilish
20. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi drayver loyihalarni muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
Bunda manfaatdor vazirlik va idoralar monitoring jarayonida foydalanish uchun talab qilinadigan maʼlumotlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi soʻrovi asosida taqdim qilib boradi.
21. Drayver loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlanishi, yangi tadbirkorlik subyektlarining tashkil etilishi, faoliyatini kengaytirishi va yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga tuman (shahar)lar hokimlari masʼul hisoblanadi.
22. Drayver loyihalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan tuziladigan dalolatnomaga asosan foydalanishga qabul qilinadi va amalga oshirilgan hisoblanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va tasdiqlash
SXEMASI
