Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3655-son)
30.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 30-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3655]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 19-iyun,
08-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 12-iyun
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 4-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 19-iyundagi 08-son buyrugʻiga ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
emitent — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlar — hujjatlar boʻlib, ular mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydi, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish imkoniyatini nazarda tutadi;
qimmatli qogʻozlar bozori — yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bogʻliq munosabatlari tizimi;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat — qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish boʻyicha litsenziyalanadigan yoki qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turi;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2. Vakolatli davlat organi oʻz vakolatlari doirasida qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzgan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, birjalar, qimmatli qogʻozlarning emitentlari va “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ (bundan buyon matnda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari deb yuritiladi) tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi hamda mazkur Nizomning 30-bandi “b” kichik bandida belgilangan sanksiyalarni qoʻllaydi.
3. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda qoʻllaniladi.
2-bob. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish
4. Vakolatli davlat organi tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
davlat organlarining, jumladan ichki ishlar, prokuratura va sud organlarining qoidabuzarliklar aks ettirilgan hujjatlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
ommaviy axborot vositalarining qonunchilik buzilganligini aks ettiruvchi xabarlari;
vakolatli davlat organi tomonidan nazorat funksiyalarining amalga oshirilishi, shuningdek oʻrganish davomida qonunchilik buzilganligining aniqlanishi;
hisobot tarzida olingan maʼlumotlar;
qoidabuzarliklarni tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlar.
5. Vakolatli davlat organi qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik holatini aniqlash maqsadida mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni oʻrganadi.
Bunda, hujjatlarni oʻrganish davomida quyidagilar aniqlanadi:
mazkur masalani koʻrib chiqish vakolatli davlat organining vakolatiga taalluqliligi;
qonunchilik buzilishi belgilarining mavjudligi;
ishni koʻrib chiqish uchun materiallarning yetarli ekanligi;
ishda ishtirok etish uchun jalb etilishi lozim boʻlgan shaxslar;
ishning toʻgʻri va har tomonlama koʻrib chiqilishi uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Vakolatli davlat organi hujjatlarni oʻrganish davomida:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilaridan oʻz vakolatlari doirasida maʼlumotlar va hujjatlarni soʻrash hamda olishga;
jismoniy va yuridik shaxslardan yozma yoki ogʻzaki tushuntirishlar olishga;
ishni har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa choralarni koʻrishga;
ishni koʻrib chiqishda xulosalar va tushuntirishlar berish uchun ekspertlar yoki mutaxassislarni jalb etishga haqli.
7. Hujjatlarni oʻrganish natijalariga koʻra, qonunchilik buzilishi holatlari mavjud boʻlgan taqdirda, vakolatli davlat organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish haqida qaror (bundan buyon matnda qaror deb yuritiladi) qabul qilinadi.
Mazkur qaror bilan Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tuziladi hamda komissiya rais va aʼzolardan iborat tarkibda tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari va xodimlari, shuningdek zaruratga koʻra boshqa davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, shu jumladan qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining birlashmalari (uyushmalari) vakillari kiritiladi.
Komissiya aʼzolarining umumiy soni toq boʻlishi va uch kishidan kam boʻlmasligi lozim.
Komissiya ishini tashkil etish va majlislarga tayyorgarlik koʻrish komissiya kotibi zimmasiga yuklatiladi.
Komissiya majlisi uchun kvorum komissiya aʼzolarining umumiy sonini kamida yetmish besh foizini tashkil etadi.
8. Komissiya aʼzosi quyidagi holatlarda ishni koʻrib chiqishda ishtirok etishi mumkin emas va rad etilishi lozim:
ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki ularning vakillarining yaqin qarindoshi boʻlsa;
ishning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa, komissiya aʼzosi oʻzini oʻzi rad etish haqida vakolatli davlat organi rahbariga (rahbar oʻrinbosariga) ariza berishi shart.
9. Vakolatli davlat organi tomonidan qaror qabul qilingandan soʻng tegishli hujjatlar ishni koʻrib chiqish uchun komissiyaga yuboriladi. Qaror nusxasi uch ish kunidan kechiktirmasdan qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga buyurtma xat bilan yuborilishi yoki imzo ostida topshirilishi yoxud elektron pochta orqali joʻnatilishi lozim.
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik holati aniqlangan kundan boshlab ikki oy ichida mazkur holat yuzasidan ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi lozim.
10. Vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi hollarda qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmaydi:
qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilmaganligi aniqlanganda;
yuridik shaxs toʻlovga qobiliyatsiz (bankrot) deb topilganda yoki tugatilganda yoxud jismoniy shaxs vafot etganda;
javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normasi bekor qilinganda;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga (uning mansabdor shaxsiga) nisbatan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi mavjud boʻlganda;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga nisbatan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish mavjud boʻlganda, vakolatli davlat organining qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga nisbatan sanksiyalarni qoʻllash yoxud ish yuritishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlganda;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga nisbatan xuddi shu ish boʻyicha sudning ish yurituvi yoki qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud boʻlganda;
jismoniy yoki yuridik shaxsning buzilgan huquqlari tiklanganligi munosabati bilan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi murojaati kelib tushganda.
11. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish vakolatli davlat organi tomonidan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida koʻrib chiqiladi. Ishni koʻrib chiqish muddati vakolatli davlat organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
12. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar (bundan buyon matnda ishda ishtirok etadigan shaxslar deb yuritiladi) yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida uch kun oldin ishni koʻrib chiqish joyi va vaqti toʻgʻrisida yozma ravishda yoki aloqa vositalaridan (telefon, elektron pochta va boshqalar) foydalangan holda xabardor qilinadi.
Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisi, huquqlari buzilgan shaxs, ekspert va tarjimon, shuningdek ish boʻyicha jalb qilingan boshqa shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslar hisoblanadi.
13. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari vakolatli davlat organi tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab:
qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha materiallar bilan tanishish (davlat siri hisoblangan va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maxfiy maʼlumotlardan tashqari) va ulardan oʻz hisobidan nusxa olish;
ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish;
dalillar taqdim etish va ularni oʻrganishda qatnashish;
qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga savollar berish;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik buzilganligi toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslarga savollar berish;
ariza va (yoki) iltimosnoma berish;
ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari va dalillariga eʼtiroz bildirish hamda ish boʻyicha qaror ustidan shikoyat qilish;
advokat xizmatlaridan foydalanish;
komissiya tomonidan taklif etilgan ekspertdan (mutaxassisdan) norozi boʻlgan taqdirda, oʻz hisobidan boshqa ekspertni (mutaxassisni) taklif qilish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
14. Agar qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisi va huquqlari buzilgan shaxs ishni koʻrib chiqish joyi va vaqti toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilingan boʻlishiga qaramasdan ishda ishtirok etish uchun kelmagan boʻlsa, ish komissiyaning qarori bilan ularning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin.
15. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida komissiya:
zarur hujjatlarni taqdim etishni talab qilish, ulardan nusxalar olish va ularni ish materiallariga qoʻshish;
ishda ishtirok etayotgan shaxslardan, shu jumladan qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining rahbarlari (mansabdor shaxslari) va xodimlaridan yozma va ogʻzaki tushuntirishlar olish;
soʻrovlar asosida qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik holatlarini oʻrganish uchun davlat organlaridan axborot va materiallarni olish, shuningdek mazkur holatlarni birgalikda oʻrganish;
zaruratga koʻra, ishda ishtirok etish uchun boshqa shaxslarni jalb qilish huquqiga ega.
Komissiya ish holatlarini oʻz vaqtida, har tomonlama va xolisona aniqlash uchun boshqa choralarni xam koʻrish huquqiga ega.
16. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish jarayonida komissiya majlisida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ishning mazmuni hamda ularning huquq va majburiyatlari bilan tanishtiradi.
17. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslarning nomidan ularning rahbarlari va (yoki) ishonchnoma asosida vakillari ishtirok etishi mumkin.
18. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda komissiya:
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, ekspertlar va mutaxassislarning xulosalarini hamda guvohlarning koʻrsatmalarini eshitadi;
hujjatlar va dalillar bilan tanishadi hamda ularni eʼlon qiladi;
qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik holati mavjudligi yoki buzilmaganligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish imkonini beradigan dalillar yetarli boʻlmaganda yoki mavjud boʻlmaganda, ishda ishtirok etuvchi shaxslardan qoʻshimcha materiallar talab qiladi.
19. Banklar tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda ekspert sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakili taklif etiladi.
20. Ekspert va mutaxassislar ish materiallari bilan tanishish, xulosa berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha ish materiallarini berish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish, ishni koʻrib chiqishda yigʻilishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga savollar berish huquqiga ega.
21. Komissiya majlisida kotib komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadigan majlis bayonnomasini yuritadi. Kotib boʻlmagan taqdirda, majlis bayonnomasini yuritish komissiya aʼzolaridan biri tomonidan amalga oshiriladi.
22. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish quyidagi holatlarda komissiya tomonidan keyinga qoldiriladi:
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisi va (yoki) uning vakilining komissiya majlisida ishtirok eta olmasligi sababli ishni keyinga qoldirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi mavjud boʻlganda;
qoʻshimcha dalillarni olish yoki ekspert (mutaxassis) va (yoki) boshqa shaxslarni ishga jalb qilish zarur boʻlganda;
komissiya majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilayotganda, videokonferensaloqa oʻrnatish imkoni boʻlmagan taqdirda;
ishni qoʻshimcha oʻrganish zarurati mavjud boʻlganda.
Komissiya tomonidan ishni koʻrib chiqishni keyingi qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, ishni koʻrib chiqish muddati toʻxtatilmaydi.
23. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish quyidagi holatlarda toʻxtatib turilishi mumkin:
sud, soliq va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda koʻrib chiqilayotgan ishning xulosalari qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari uchun ahamiyatli boʻlganda;
ekspertizadan oʻtkazish, tegishli ekspert yoki mutaxassisning xulosasini olish zarur boʻlganda;
maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish va soʻrash talab qilinganda;
tabiiy ofatlar, epidemiyalar va ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa sabablar paydo boʻlganda;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari va (yoki) ularning vakillari davlat majburiyatini bajarish uchun jalb qilinganda.
Ishni koʻrib chiqish uning koʻrib chiqilishini toʻxtatishga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan keyin qayta tiklanadi.
Ishni koʻrib chiqish toʻxtatilganda, ishni koʻrib chiqish muddati toʻxtatiladi va ish qayta boshlangan paytdan boshlab davom etadi. Ishni koʻrib chiqish ishni toʻxtatib qoʻyishdan oldin komissiya majlisi tugagan paytdagi holatdan boshlab davom etadi.
24. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish komissiya tomonidan quyidagi holatlarda toʻliq yoki qisman tugatiladi:
qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik holatlari tasdiqlanmaganda;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisi qonunchilik buzilishini ixtiyoriy ravishda bartaraf etganda;
vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha sud tomonidan qaror qabul qilinganda.
25. Komissiyaning ishni koʻrib chiqishni keyingi qoldirish, ishni koʻrib chiqish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish, tugatish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi qarori komissiya majlisining bayonnomasida aks ettiriladi hamda majlisda ishtirok etgan komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Komissiyaning ishni koʻrib chiqish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish, tugatish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi bayonnomasi asosida vakolatli davlat organi tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi hamda qaror nusxasi u qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida ishni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
26. Vakolatli davlat organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) ruxsati bilan qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari tomonidan sodir etilgan boshqa qonunchilik buzilishi holatlari koʻrib chiqilayotgan ish bilan birga qoʻshib koʻrib chiqiladi.
Bunda, yangi holatlar ishga qoʻshilganda, komissiyaning tegishli qarori qabul qilinadi hamda bayonnoma imzolangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisiga bu haqda maʼlum qilinadi.
Yangi holatlar boʻyicha ish hajmi koʻp boʻlganda va uni koʻrib chiqish uchun koʻp vaqt talab etilgan taqdirda, vakolatli davlat organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) ishni alohida koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Bunda, ish mazkur Nizomga muvofiq umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
27. Komissiya oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta ishni, agar bu toʻgʻri qaror qabul qilishga koʻmaklashsa, bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.
Ishlarni birlashtirishga komissiyaning ishni koʻrish yakuni boʻyicha qarori qabul qilinguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Ishlar birlashtirilganda ular boʻyicha ishni koʻrish muddati keyinroq tayinlangan ish boʻyicha belgilanadi.
Komissiya oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta masalalar boʻyicha bir ishni ajratib koʻrishni maqsadga muvofiq deb topsa, u ish boʻyicha bir yoki bir nechta masalani alohida ish yuritishga ajratishga haqli.
Alohida ish yuritishga ajratishga ishni koʻrish yakuni boʻyicha komissiya qarori qabul qilinguniga qadar yoki uni qabul qilish bilan bir vaqtda yoʻl qoʻyiladi.
28. Komissiya tomonidan qaror ochiq ovoz berish orqali koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiya raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf boʻlishi mumkin emas. Komissiya raisi komissiya aʼzolaridan keyin ovoz beradi.
Qabul qilingan qarordan norozi boʻlgan komissiya aʼzosi oʻz mustaqil fikrini yozma tarzda bayon qilishga va uni komissiya bayonnomasiga qoʻshib qoʻyishga haqli. Alohida fikr ishga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar alohida fikr bilan tanishtirilmaydi.
29. Komissiya majlisi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
ishning nomi va tartib raqami;
majlisning oʻtkazilgan vaqti va joyi;
komissiya tarkibi;
ishni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslar va ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ishni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomalari va eʼtirozlari;
ishni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, mutaxassislarning izohlari va yozma dalillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
komissiyaning qabul qilgan qarori;
boshqa maʼlumotlar.
Majlis bayonnomasi komissiya raisi, aʼzolari va komissiya majlisi kotibi tomonidan imzolanadi.
30. Komissiya qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha quyidagi qarorlarni qabul qilishi mumkin:
1) qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar kiritish toʻgʻrisida;
2) quyidagi sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisida:
tegishli huquqiy taʼsir choralarini koʻrish haqida;
investorlar, qimmatli qogʻozlarning egalari va davlat manfaatlari boʻyicha sudga daʼvo arizasini kiritish toʻgʻrisida;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisining faoliyati toʻxtab qolishiga sabab boʻlmaydigan ayrim operatsiyalarini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatini toʻxtatib turish yoki bekor qilish toʻgʻrisida;
3) ishni boshqa vakolatli davlat organlariga yuborish toʻgʻrisida;
4) ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra bir yoki bir nechta sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin.
31. Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijasi komissiyaning yakuniy majlisida eʼlon qilinadi.
32. Komissiyaning tegishli qarorlari asosida vakolatli davlat organi:
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisida;
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar kiritish toʻgʻrisida;
mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq ishni koʻrib chiqishni toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay manfaatdor shaxslarga yuboriladi. Qaror yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
33. Vakolatli davlat organi qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik holatlari va qoʻllanilgan sanksiyalar hisobini yuritadi.
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish materiallarining har biri alohida hujjatlar yigʻmajildida saqlanadi.
3-bob. Vakolatli davlat organining koʻrsatmasi va qarorining bajarilishini nazorat qilish
34. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari vakolatli davlat organi tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma va (yoki) sanksiyalar qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan muddatda uning ijrosini taʼminlashlari shart.
Bunda, qaror yoki koʻrsatma ijrosi taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tasdiqlovchi hujjat bilan birga vakolatli davlat organiga bir ish kuni ichida yuboriladi.
35. Qaror yoki koʻrsatmaning bajarilganligi qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisini tekshirish dalolatnomasi yoxud qonunchilik buzilishi bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjat bilan tasdiqlanadi hamda ushbu hujjatlar ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish qaror yoki koʻrsatmada belgilangan talablar bajarilganidan keyin tugallangan deb hisoblanadi.
Agar qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisini tekshirish chogʻida qonunchilik buzilishi holatlari bartaraf etilmaganligi, shuningdek qaror yoki koʻrsatma qisman yoxud toʻliq bajarilmaganligi aniqlansa, qaror yoki koʻrsatma bajarilmagan deb hisoblanadi.
36. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisi tomonidan vakolatli davlat organining qarori yoki koʻrsatmasini bajarish uni yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod qilmaydi.
37. Qaror yoki koʻrsatma ijrosi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
yuridik shaxs toʻlovga qobiliyatsiz (bankrot) deb topilganda yoki tugatilganda yoxud jismoniy shaxs vafot etganda;
javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normasi bekor qilinganda.
38. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari qaror yoki koʻrsatmaning ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi (uzaytirish sabablarini koʻrsatgan xolda) iltimosnomani vakolatli davlat organiga yuborishlari mumkin.
Vakolatli davlat organi tomonidan qaror yoki koʻrsatmaning ijro muddatini uzaytirish sabablari asosli deb topilganda, qaror yoki koʻrsatmaning ijro muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi hamda qaror nusxasi iltimosnoma yuborgan shaxsga uch ish kuni ichida yuboriladi.
4-bob. Vakolatli davlat organining koʻrsatmasi va qarori ustidan shikoyat qilish
39. Vakolatli davlat organining qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqargan qarori yoki koʻrsatmasi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
40. Qaror yoki koʻrsatma ustidan shikoyat qilingan taqdirda, mazkur shikoyat boʻyicha sud tomonidan yakuniy qaror qabul qilingunga uning ijrosi toʻxtatib turiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
41. Vakolatli davlat organining xodimlari oʻz faoliyati davomida olingan tijorat va xizmat maʼlumotlarining maxfiyligiga rioya etishlari shart.
42. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish haqida
QAROR
“___”_________________20___ y._________________________(qabul qilingan sana)(qabul qilingan joy)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqib _______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(ish yurituviga qabul qilish uchun asos)ularni qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish uchun yetarli deb topdi.Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning bandiga muvofiq (roʻyxat raqami, ____-son 20____ yil ____ __________dagi) QAROR:1. Ishni koʻrib chiqish ______________ moddaning __________bandida nazarda tutilgan qoidabuzarlik asosida “________________________________________________________________________________”______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(qonunchilik hujjatining nomi)______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ nisbatan(yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxs F.I.O.), manzili)2. Ishni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibi tasdiqlansin:_______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(komissiyaning shaxsiy tarkibi)Huquqlari buzilgan shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(yuridik shaxsning nomi, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi)Direktor ______________________________(imzo)(F.I.O.)
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisida
QAROR
“___”_____________20___ y.______________________(qabul qilingan sana)(qabul qilingan joy)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ____-son ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha __________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________nisbatanyuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs F.I.O.), manzili__________ moddani ____________ bandining ______________ kichik bandini buzganligi uchun _________________________________________________________________________________________:(qonunchilik hujjatining nomi)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori qarori asosida tashkil etilgan Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya qaroriga asosan: ________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________OʻRNATILGAN: _____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(ishni koʻrib chiqishda belgilangan holatlar bayon qilinadi va ushbu qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari belgilangan bandlari, moddalari koʻrsatiladi)Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning ____ va ____-bandlariga rioya qilgan holda (roʻyxat raqami. ____-son 20____ yil ____ _________dagi) Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiQAROR:________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________nisbatan(yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxs F.I.O.))__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Mazkur qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.Direktor ___________________________________(imzo)(F.I.O.)
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish boʻyicha
KOʻRSATMA
“___”___________20___ y.______________________(qabul qilingan sana)(qabul qilingan joy)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi_________ -son ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha, ___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ nisbatan(yuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs F.I.O.), manzili)__________ moddani ___________ bandining _______________ kichik bandini buzganligi uchun“__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________” (qonunchilik hujjatining nomi)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qarori asosida tashkil etilgan Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tomonidan taqdim etilgan ish materiallari boʻyicha _______ ________-son tarkibi: _____________________________________________________________________________OʻRNATILGAN: _____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(ishni koʻrib chiqishda belgilangan holatlar bayon qilinadi va ushbu qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari belgilangan bandlari, moddalari koʻrsatiladi)____________________ moddaning _________________________bandiga asoslanib“___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________”(qonunchilik hujjatining nomi)va Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning ____ bandiga (roʻyxat raqami, ____-son 20____ yil ____ __________dagi)KOʻRSATMA:Yoʻl qoʻyilgan qonunchilik hujjatlarining buzilishini bartaraf etish va ushbu koʻrsatnomaning ijro etilishi toʻgʻrisidagi axborotni quyidagi muddatgacha taqdim etish ___ __________ 20___ y tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda.Direktor ____________________________________(imzo)(F.I.O.)
Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Ishni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida
QAROR
“___”___________200__ g.______________________(qabul qilingan sana)(qabul qilingan joy)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi _____-sonli ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha, ________________________________________________________________nisbatan(yuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs F.I.O.), manzili)moddani _______________ bandining __________________ kichik bandini buzganligi uchun“_____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________”(qonunchilik hujjatining nomi)Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qarori asosida tashkil etilgan Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tomonidan taqdim etilgan ish materiallari boʻyicha _________ ________ -son tarkibi: _____________________________________________________________________________OʻRNATILGAN:_____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(ishni koʻrib chiqishda belgilangan holatlar bayon qilinadi va ushbu qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari belgilangan bandlari, moddalari koʻrsatiladi)__________________ moddaning _______________________bandiga asoslanib“_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________”(qonunchilik hujjatining nomi)va Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning _____ bandiga (roʻyxat raqami. ____-son 20____ yil ____ __________dagi)QAROR: _________ moddani __________ bandining __________ kichik bandidagi buzilishi toʻgʻrisidagi ish“____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________”(qonunchilik hujjatining nomi)______________________________________________ ishni koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qarorga nisbatan ishni koʻrib chiqishni toʻxtatish__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxs F.I.O.))Direktor____________________________________(imzo)(F.I.O.)
