Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0099-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (19-son)
09.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 30-iyulda hisobga olindi, hisob raqami 363]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-apreldagi PF-67-son “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0099-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-iyul,
19-son
Kelishildi:
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2025-yil 8-iyul
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 21-may
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 21-may
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 9-iyuldagi 19-son qaroriga ILOVA
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0099-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu sanitariya qoidalarining talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda;
veterinariya dori vositalarining faol moddalarini sinovdan oʻtkazishda;
faol yoki nofaol immunitetni shakllantirish hamda immunitet holatini baholash uchun moʻljallangan immunologik veterinariya dori vositalarining faol moddalaridan foydalanishda.
2. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
veterinariya dori vositalarining qoldiq miqdorlari — hayvonlardan olinadigan mahsulotning isteʼmol qilinadigan har qanday qismida aniqlanishi mumkin boʻlgan veterinariya dori vositalarining tarkibidagi boshlangʻich birikmalar, ularning metabolitlari, shuningdek yordamchi (qoʻshimcha) moddalarining miqdori;
veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMD — kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridagi inson organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan (faol farmakologik modda), uning metabolitlari (modda almashinuvi oxirgi oʻzgarish mahsulotlari) va parchalanish mahsulotlarining ruxsat etilgan maksimal darajasi (μg/kg);
veterinariya dori vositalarining ruxsat etilgan sutkalik dozasi (RESD) — inson sutka davomida isteʼmol qilganda organizmga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan veterinariya dori vositasining (uning farmakologik faol moddasining) tana vazniga koʻra inson uchun maksimal xavfsiz boʻlgan sutkalik dozasi.
2-bob. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMDga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
3. Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorining REMD faqat Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya dori vositalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan, foydalanilayotgan yoki foydalanishga moʻljallangan farmakologik faol moddalar uchun belgilanishi lozim.
4. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorining REMD boshqa mamlakatlarda qoʻllanishiga ruxsat etilgan veterinariya dori vositalarida foydalanish uchun moʻljallangan farmakologik faol moddalar uchun quyidagi holatlarda belgilanishi kerak:
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlari ushbu mamlakatlardan import qilinganda;
veterinariya dori vositalari qoʻllanilishi moʻljallangan hayvon turlari Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ayrim guruhlari ratsioni uchun zarur boʻlganda.
41. Oziq-ovqat biznesi operatorlari kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsuloti muomalasining barcha bosqichlarida — ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdori ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasida belgilangan REMDga muvofiqligini taʼminlashi, shuningdek mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasida keltirilgan kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida qoʻllash taqiqlangan veterinariya dori vositalari va farmakologik faol moddalarni qoʻllamasligi lozim.
5. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarini REMD inson salomatligi uchun xavfsiz darajadagi miqdorda belgilanishi kerak.
6. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMDni tasdiqlash, oʻzgartirishlar kiritish, bekor qilish, vaqtinchalik REMDni belgilash laboratoriya namunalarini olish va tahliliy sinovlar oʻtkazish orqali amalga oshirilishi lozim.
7. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarini REMD xavfini ilmiy baholashda quyidagilar hisobga olinishi zarur:
inson salomatligiga xavf tugʻdirmaydigan veterinariya dori vositalari qoldiqlarining REMD va RESD turi va miqdori;
insonlarga toksikologik, mikrobiologik taʼsir qilish xavfi;
oʻsimlikdan yoki atrof-muhitdan tushishi mumkin boʻlgan qoldiqlar;
hayvon turlarida farmakologik faol moddalarning metabolizmi va yoʻqolishi.
Bunda, hayvon turlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMD eng yuqori darajasi aniqlanmagan boʻlsa yoki ularning inson organizmiga xavf tugʻdirmaydigan taʼsiri toʻgʻrisida aniq ilmiy maʼlumot olingunga yoki taqiqlangunga qadar vaqtinchalik deb belgilanishi zarur.
8. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlari uchun REMDni belgilashda quyidagilar hisobga olinishi lozim:
hayvonlarning tegishli turlarini davolash uchun moddalarni tanlash;
hayvonlar organizmiga va ularni davolovchilar salomatligiga xavf tugʻdirmaydigan moddaga boʻlgan ehtiyoj;
boshqa omillar (oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning texnologik jihatlari, veterinariya dori vositalari tarkibidagi moddalardan foydalanish shartlari) mavjudligi;
veterinariya dori vositalarida farmakologik faol moddani qoʻllash uchun qarshi koʻrsatmalar.
9. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMDni baholash natijalariga koʻra quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
ilmiy tadqiqotlar davomida aniqlangan RESD asosida kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining REMD ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq belgilash;
veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining dastlabki (vaqtinchalik) REMD ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga kiritilishi.
Bunda, dastlabki (vaqtinchalik) REMD yetti yildan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanishi, muddat tugashi bilan mazkur veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining dastlabki (vaqtinchalik) REMDni aniqlash va tasdiqlash uchun laborator-tahliliy tekshiruvlar oʻtkazilishi lozim.
10. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida taqiqlangan veterinariya dori vositalarining roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining 2-ilovasi 1-jadvalida keltirilgan.
11. Mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasi 2-jadvalida keltirilgan kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi farmakologik faol moddalarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalarini aniqlash uchun namuna olish oʻlchashlarni bajarish uslubiyoti Reyestrida belgilangan usullar orqali amalga oshirilishi lozim.
13. Oʻzbekiston Respublikasi hududida kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarini muomalaga (sotish, tarqatish) chiqarishga faqat ularning tarkibidagi veterinariya dori vositalari qoldiq miqdori ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasida keltirilgan REMDdan oshmagan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
14. Mazkur sanitariya qoidalari 2-ilovasining 2-jadvalida keltirilgan kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi farmakologik faol moddalari mavjud oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishga, shuningdek yetkazib berish, qayta ishlash hamda import qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorining REMDsi mavjud boʻlmasa, bunday oziq-ovqat mahsulotiga hayvonning turdosh zotidan olingan xuddi shunday oziq-ovqat mahsuloti uchun belgilangan REMD qoʻllanilishi kerak.
16. Veterinariya dori vositalarining qoldiq miqdorlarini REMD nazorat qilish quyidagilar orqali amalga oshirilishi lozim:
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olish va laboratoriya sharoitida tahlil qilish;
mavjud veterinariya dori vositalarini va ularning qoldiq miqdorlarini identifikatsiya (ajratish) qilish.
17. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulot namunalarini olish va tahlil qilishda quyidagilar amalga oshirilishi zarur:
oʻlchashlarni bajarish uslubiyoti Reyestri asosida amalga oshirish;
namunalarni toʻgʻri tanlab olishda nazorat oʻrnatish.
18. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan veterinariya dori vositalarining qoldiqlarini nazorat qilishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash va tartiblashda veterinariya dori vositalarining hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga tushishi mumkin boʻlgan potensial manbalari;
taqiqlangan yoki roʻyxatdan oʻtmagan veterinariya dori vositalarining maqsadsiz qoʻllanishi haqidagi mavjud maʼlumotlar;
roʻyxatdan oʻtgan veterinariya dori vositalarini qoʻllash tartibi boʻyicha yoʻriqnomalarning buzilishi, xususan ularni saqlash va kutish (chiqarish) muddatlariga rioya qilmaslik holatlari toʻgʻrisidagi axborotlar.
19. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan yillik reja asosida amalga oshiriladi. Yillik reja tuzilayotganda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
nazorat oʻtkaziladigan farmakologik faol moddalar guruhlari va kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulot turlari kombinatsiyalarining roʻyxati, ularni tanlash mezonlari va asoslari;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarish va import hajmlari;
ruxsat etilgan veterinariya dori vositalaridan belgilangan maqsadlarda yoki qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiq foydalanilayotganligi;
taqiqlangan moddalar bilan bogʻliq xavf omillari;
hayvonlarning muayyan turlarida farmakologik faol moddalarni qoʻllash chastotasi va davriyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalari qoldiqlarining aholi isteʼmol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlaridagi hamda hayvonlarning ovqatlanish ratsionidagi miqdorlari;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalarining aholi va hayvonlarning sogʻligʻiga boʻlgan potensial taʼsir darajasi.
20. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati 3-ilovada keltirilgan.
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) 1-ILOVA
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining
REMD
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) 2-ILOVA
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida taqiqlangan veterinariya dori vositalarining
ROʻYXATI
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida taqiqlangan farmakologik faol moddalar
ROʻYXATI
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) 3-ILOVA
