“121-modda. Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha tovarni topshirish muddatini (muddatlarini) buzish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1078-son) · Sana: 31.07.2025 · Amalda
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda (muddatlarda) tovarni isteʼmolchiga topshirishi shart.
Tovarni topshirish sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq uni isteʼmolchiga yoki u koʻrsatgan shaxsga topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi (shartnomada koʻrsatilgan daqiqa, soat, kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida isteʼmolchiga penya toʻlaydi, biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerak. Penyani toʻlash sotuvchini oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni buzganlik oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashdan ozod etmaydi.
Sotuvchining ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan penyani toʻlashi va zararning oʻrnini qoplashi sotuvchini majburiyatlarni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.
Oldi-sotdi shartnomasini tuzishda va savdo qoidalarini belgilashda penya miqdori ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan miqdordan kam etib belgilanishi mumkin emas”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 3-mayda qabul qilingan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-97-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 5, 219-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 5-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisidagi “tuz” degan soʻz “osh tuzini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 7-moddaning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash uchun foydalaniladigan tarkibida yod boʻlgan preparatlarni, ularga qoʻyiladigan talablarni, osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashga, yodlangan tuzni ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga va realizatsiya qilishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiyena normativlarini belgilaydi;
