72-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
suv obyektlaridan ular qanday maqsadda berilgan boʻlsa, oʻsha maqsadlarda foydalanish;
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlarni, qurilmalarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirish;
suv resurslarini boshqarishga doir qarorlar qabul qilinishida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
suv manbasining taxmin qilingan va haqiqiy suvliligidan kelib chiqqan holda suv olish limitlarini oʻzgartirish boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlariga va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqi buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish;
suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini va boshqa birlashmalarni qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etish.
Suvdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
