48-modda. Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi:
suvning va suv obyektlarining holatini, suvning miqdori va sifatini muntazam ravishda kuzatib borish, maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, toʻldirish va ularga ishlov berish, suv va suv obyektlari holatining oʻzgarishlarini baholash hamda prognoz qilish maqsadida amalga oshiriladi;
atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining tarkibiy qismidir;
gidrologik, gidrokimyoviy va gidrobiologik koʻrsatkichlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi, shu jumladan masofadan zondlash sunʼiy yoʻldoshlar, uchuvchisiz uchish apparatlari, samolyotlar, vertolyotlar hamda geoaxborot tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi natijalari:
atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining Yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga kiritiladi;
tegishli qarorlar qabul qilish uchun suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga bepul taqdim etiladi.
