43-modda. Davlat suv kadastrining tuzilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Davlat suv kadastri quyidagi boʻlimlardan iborat:
yer usti suvlari;
yer osti suvlari;
suvdan foydalanish;
ichimlik suvi va oqova suvlar.
Davlat suv kadastri maʼlumotlari umuman Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududi va viloyatlar, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari boʻyicha, yer osti suvlari boʻlimi yuzasidan esa gidrogeologiya mintaqalari boʻyicha ham yuritiladi.
Yer usti suvlarining resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umuman Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning hamda Oʻzbekiston Respublikasining suv obyektlari va ularning uchastkalari, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari boʻyicha umumlashtiriladi.
Yer osti suvlarining resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining suv konlari, daryolar havzalari boʻyicha umumlashtiriladi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umuman Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari, xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha, shuningdek suvdan foydalanish turlari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha umumlashtiriladi.
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan axborot tizimi maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimiga uygʻunlashtirilgan holda shakllantiriladi.
