40-modda. Davlat suv kadastri
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Davlat suv kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismidir.
Davlat suv kadastri yagona davlat suv fondini tashkil etuvchi suv obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish haqidagi, shuningdek suvdan foydalanuvchilar va suv xoʻjaligi obyektlari, suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqasi va sanitariya muhofazasi zonasi, ichimlik, oqova va kollektor-drenaj suvlari toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan, doimiy toʻldirib boriladigan va zarurat boʻlganda aniqlashtiriladigan maʼlumotlar toʻplamini ifodalaydi.
Suv obyektlarini, suvdan foydalanuvchilarni va suv xoʻjaligi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, suvning miqdori va sifatini hisobga olish, suv resurslarini va ulardan foydalanishni baholash davlat suv kadastrining tarkibiy qismlaridir.
Davlat suv kadastri mahalliy davlat hokimiyati organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni suv obyektlari hamda suv xoʻjaligi obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish, shuningdek suvdan foydalanuvchilar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
Belgilangan tartibda qabul qilingan davlat suv kadastri suv va suv xoʻjaligi munosabatlarini tartibga solishda, suvdan foydalanish bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik vazifalarni hal etishda majburiy yuridik kuchga ega boʻladi.
