4-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gidrotexnika inshootlari — suv omborlari toʻgʻonlari, daryolardagi, soylardagi, kanallardagi va kollektorlardagi toʻgʻonlar, daryolar oʻzanlaridagi toʻsuvchi inshootlar, suv olish, suv oʻtkazish, suv tashlash hamda qirgʻoqlarni himoya qilish inshootlari, gidroelektrostansiyalar, nasos stansiyalari;
yer osti suvlari — yer osti suv obyektlarining suvlari;
yer usti suvlari — yer usti suv obyektlarining suvlari;
ichimlik suvi taʼminoti — ichimlik suvini ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlari orqali va (yoki) transportda isteʼmolchilarga yetkazib berish;
kanallar — suv bilan manbadan suvdan foydalanuvchilarning chegarasiga qadar taʼminlash uchun moʻljallangan suv xoʻjaligi obyektlari;
kollektor-drenaj suvlari — yer osti sizot suvlari va tashlama suvlar;
kollektor-drenaj tarmogʻi — yer osti sizot suvlarini va tashlama suvlarni toʻplash hamda chiqarib yuborish uchun moʻljallangan suv xoʻjaligi obyekti;
mineral suvlar — tarkibida erigan tuzlar, mikroelementlar, shuningdek davolashda ijobiy taʼsir koʻrsatadigan baʼzi biologik faol komponentlar mavjud boʻlgan suvlar;
oqova suvlar — maishiy, ishlab chiqarish yoki boshqa ehtiyojlar uchun foydalanilgan hamda dastlabki kimyoviy tarkibi va fizik xossalarini oʻzgartirgan qoʻshimcha aralashmalar bilan ifloslangan suvlar, shuningdek atmosfera yogʻinlari yogʻishi natijasida hosil boʻlgan, aholi punktlari va sanoat korxonalari hududidan oqib chiquvchi suvlar;
sanitariya muhofazasi zonasi — ichimlik, maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun moʻljallangan, foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarga tutash boʻlgan, ularning sanitariya-epidemiologik ishonchliligini taʼminlash uchun tashkil etiladigan, muhofaza rejimiga ega boʻlgan hududlar;
sohil boʻyi mintaqasi — suvni muhofaza qilish zonasi doirasida tabiiy yer usti suv obyektlari, shuningdek foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan suv xoʻjaligi obyektlari suv obyekti boʻylab yoki ular atrofida ushbu suv xoʻjaligi obyektlaridan tegishli tarzda foydalanishni taʼminlash, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va ularning hisobini yuritish uchun tashkil etiladigan qatʼiy rejimli hudud;
suv yetkazib beruvchi tashkilot — suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun masʼul boʻlgan, oʻziga shartnoma asosida suvdan foydalanuvchilarga suv olish va yetkazib berish huquqi berilgan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkiloti va (yoki) boshqa yuridik shaxs;
