29-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari suv resurslari havzasining xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagilar asosida tuziladi:
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalari;
davlat strategik suv xoʻjaligi dasturlari;
suv va suv obyektlari monitoringi maʼlumotlari;
davlat suv kadastri;
suv xoʻjaligi balanslari;
boshqa maʼlumotlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalarida quyidagilar aks ettiriladi:
suv resurslari havzasining tavsifi (iqlim oʻzgarishining potensial taʼsiri, suv tanqisligi, qurgʻoqchilik, toshqin va sellar, shuningdek suv resurslari bilan bogʻliq boshqa favqulodda vaziyatlarning boshlanishi, suvning va suv obyektlarining tashqi manbalaridan ifloslanishi, shu jumladan transchegaraviy ifloslanishi xavfini baholash);
suv obyektlarining va ichimlik suvi taʼminotining muhofaza zonalari tavsifi, shuningdek ushbu zonalarda taqiqlanishi yoki cheklanishi lozim boʻlgan xoʻjalik va boshqa faoliyat turlari roʻyxati;
havza yoki hudud chegarasidagi suv resurslarini manbalar va iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholi tomonidan suvdan foydalanish hajmlari boʻyicha miqdor va sifat jihatidan baholash;
atrof-muhitning ehtiyojlarini hisobga olgan holda suv resurslarining qoʻshimcha zaxiralari;
investitsiyaviy va moliyaviy ehtiyojlarni qoplash mumkin boʻlgan manbalarni aniqlagan holda ularni baholash;
suvdan va suv obyektlaridan foydalanish ustuvorliklari hamda uni normalashtirish, suvdan foydalanish huquqini cheklash doiralari;
suv bilan taʼminlanganlikni va iqlim oʻzgarishiga doir chidamlilikni oshirish, suv resurslari bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, bunday vaziyatlar yuz bergan taqdirda ularning oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xarajatlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari amalga oshirilishi havzani yoki hududni barqaror rivojlantirishga imkon beradigan boshqa qoidalarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
