25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining (bundan buyon matnda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi deb yuritiladi) suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda hamda ularni muhofaza qilishda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan sanitariya-epidemiologiya nazoratini amalga oshirish, shuningdek sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
sanitariya-gigiyena monitoringini yuritish;
ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarini baholash va tanlashda ishtirok etish;
yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatadigan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti hamda oqova suvlarini chiqarib yuborish obyektlarining, korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiya qilinishi hamda ishga tushirilishini kelishish;
yer usti va yer osti suvlarini inson organizmiga zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida davlat tomonidan sanitariya-epidemiologik jihatdan normalashtirish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda sanitariya normalari, qoidalari hamda gigiyena normativlariga rioya etilishi, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari masalalari yuzasidan kengashga takliflar kiritish.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
