20-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanilishini tartibga solish va ularni muhofaza qilishga doir talablarga rioya etilishini taʼminlash;
suvdan va suv resurslaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish, hisobga olish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsirining oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida vazirliklar, idoralar hududiy organlarining, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashlarining yoki tumanlar suv kengashlarining faoliyatini samarali tashkil etish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha aniq manzilli roʻyxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda, shuningdek ularni amalga oshirishda koʻmaklashish;
suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;
sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlash hamda tiklash va shaxsiy tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
suv obyektlarini saqlash va ularning holatini yaxshilash, suvlarning zararli taʼsirining, shuningdek bulgʻanishining oldini olish hamda uni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirish, avariyalar, toshqinlar, sellar va tabiiy ofatlar natijasida vayron boʻlgan obyektlarni qayta tiklash;
suv fondi yerlaridan samarali foydalanish masalalarida koʻmaklashish;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlarini saqlash xarajatlarini qonunchilikka binoan moliyalashtirish;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlariga suv resurslarini boshqarishda koʻmaklashish.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
