164-modda. Suv olish tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi, baliq xoʻjaligi, sanoat, energetika va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi yuridik shaxslar tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan quyidagi miqdorlarda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi:
suvdan foydalanuvchilar belgilangan limitdan ortiq olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suv olish shartnomalari tuzilmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomasiz olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 40 foizi miqdorida;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar oʻzboshimchalik bilan olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar besh baravar miqdorda qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan yuridik shaxslar tomonidan moliyaviy sanksiyalar summasi bir oylik muddatda ixtiyoriy ravishda toʻlangan hollar mustasno.
