155-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish suv muhitining ifloslanishi, suvlar sifatining yomonlashish hamda suvdan va suv obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa zararli taʼsirlar oqibatida zarar yetkazilgan hollarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki hamda daromadlarini, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini himoya qilish faoliyatidan iborat.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish ular tomonidan toʻlanadigan sugʻurta mukofotlaridan, shuningdek boshqa mablagʻlardan shakllanadigan pul fondlari hisobidan, sugʻurta shartnomasiga muvofiq va muayyan hodisa (sugʻurta hodisasi) yuz berganda ularga sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash orqali amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish, qoida tariqasida, ekologiya sugʻurtasi tartibida amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish fuqarolik qonunchiligida, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda, sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda, ushbu Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurtalashning asosiy maqsadi suvning va suv obyektlarining ifloslanishi, avariyalar, boshqa sugʻurta hodisasi yuzaga kelishi oqibatida uchinchi shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga, mol-mulkiga va (yoki) atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplashdan iboratdir.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilishning asosiy prinsiplari, obyektlari, subyektlari va tartibi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanadi.
