145-modda. Ekstremal suv tanqisligi va qurgʻoqchilik
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Ekstremal suv tanqisligi suv manbasining suvlilik darajasi koʻp yillik (kamida 30 yil) normaning 50 foizini va undan kam foizni tashkil etadigan davrdir.
Yogʻingarchilik miqdori normal ravishda qayd etilgan darajalardan kam boʻlganda yuzaga kelib, yer resurslarining mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan gidrologik muvozanatning jiddiy buzilishini keltirib chiqaruvchi tabiiy hodisa qurgʻoqchilikdir.
Ekstremal suv tanqisligining va qurgʻoqchilik xavfining oldini olish maqsadida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli organi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor taraflar bilan birgalikda ularni monitoring qilish va erta ogohlantirish tizimining samarali ishlashini, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi guruhlari hamda hududlar boʻyicha zaiflik va taʼsir koʻrsatish baholanishini hamda ularga tayyorgarlik koʻrish va ularning oqibatlarini yumshatish choralari koʻrilishini nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Ekstremal suv tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ekstremal suv tanqisligiga uchragan hududlarda suvdan foydalanishda yangi ustuvorliklarni vaqtincha joriy etish toʻgʻrisida maxsus qaror qabul qilishga;
suv resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatning ayrim yoki barcha turlariga nisbatan cheklovlar joriy etishga haqli.
