13-modda. Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan mulk huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv xoʻjaligi obyektlari davlat mulkida (respublika, munitsipal mulkida) yoki xususiy mulkda (fuqarolar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, shuningdek davlatga qarashli boʻlmagan boshqa yuridik shaxslar mulkida) boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlar hududida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasining suv xoʻjaligi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasining mulkidir.
Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan xususiy mulk huquqi bilan bogʻliq munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.
Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan mulk huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart.
Suv xoʻjaligi obyektini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan amalga oshiriladi.
