129-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari boʻylab sohil boʻyi mintaqasi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Daryolarning va boshqa qurimaydigan soylarning suvni muhofaza qilish zonasi doirasida sohil boʻyi mintaqasi ajratiladi.
Mazkur sohil boʻyi mintaqasida xoʻjalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish mustasno.
Daryolar va boshqa qurimaydigan soylar sohil boʻyi mintaqasining kengligi oʻrtacha koʻp yillik suv sathi chizigʻiga koʻra aniqlanadi hamda daryolarda ularga tutashgan yerlarga va sohillar qiyaliklari tikligiga qarab ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan oʻlchamlarda belgilanadi.
Sohil boʻyi mintaqalari oʻlchamlarining eng katta miqdorlari eng yemiriluvchan (yuviluvchan) tuproqlarga tegishli.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil boʻyi mintaqalarini belgilash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar toʻliq oʻrganilganligi hisobga olingan holda, sohillar boʻyi mintaqalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohillar boʻyi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Togʻ daryolari va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari uchun sohil boʻyi mintaqasining kengligi har bir aniq holda tutashgan yerlardan foydalanish xususiyati va maqsadlaridan, shuningdek ularning suv holatiga taʼsiridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Aholi punktlari doirasida daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari sohil boʻyi mintaqalarining oʻlchamlari joyning oʻziga xos xususiyatlari, shaharsozlik bosh rejasi hisobga olingan, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xoʻjaligi organlari, qishloq xoʻjaligi, kadastr organlari, gidrometeorologiya organlari va tegishliligi boʻyicha boshqa vakolatli davlat organlari bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
