110-modda. Suv obyektlariga oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini oqizishga yoʻl qoʻyish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizish suvdan maxsus foydalanish toifasiga kiradi hamda bunga faqat suv obyektlari tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan normalardan oshib ketishiga olib kelmaydigan hollarda hamda suvdan foydalanuvchi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan belgilangan darajalargacha yetkazib tozalab berish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Agar mazkur talablar buzilayotgan boʻlsa, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan oqova suvlarni oqizish cheklanishi yoki taqiqlanishi kerak. Aholining sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan hollarda ishlab chiqarish va boshqa obyektlardan foydalanish toʻxtatib turilishi kerak.
Suv obyektlariga oqova suvlar oqizilishini nazarda tutuvchi obyektlarni loyihalashtirishda va qurishda ekologiya hamda sanitariya normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi shart.
