Davlat xaridlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish hamda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (476-son)
30.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat xaridlari jarayoni va davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat xaridlarining subyektlariga davlat xaridlari elektron tizimlarida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat xaridlari elektron tizimini tashkil etish tartibi;
davlat xaridlari subyektlarini davlat xaridlari elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari;
davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari (keyingi oʻrinlarda — operatorlar) tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash va dastlabki kuzatuvdan oʻtkazish.
3. Belgilansinki, 2025-yil 15-avgustdan boshlab:
eng yaxshi takliflarni tanlash va tender natijalari boʻyicha shartnomalar davlat xaridlarining elektron tizimida avtomatik tarzda shakllanadi, jismoniy shaxslar bilan tuziladigan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar bundan mustasno;
davlat xaridlarida elektron raqamli imzolaridan foydalangan holda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar elektron shaklda tuziladi, xorijiy yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar bundan mustasno;
maxsus axborot portalida davlat xaridlariga oid sharhlar, takliflar va shikoyatlarni qoldirish uchun qayta aloqa tartibi joriy etiladi;
jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan bayonnomalar va tuziladigan shartnomalar yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar boʻyicha davlat buyurtmachilari tomonidan ularni koʻrib chiqish natijalari haqidagi maʼlumotlar (tegishli qarori) davlat xaridlari sohasida nazorat qiluvchi organlar uchun ochilgan shaxsiy kabinetlarda aks ettiriladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish hujjatlarini va texnik topshiriqlarni, shartnomalar, import kontraktlari va ularga qoʻshimcha kelishuvlar loyihalarni kompleks ekspertizadan oʻtkazmaslik maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi;
davlat xaridlariga oid xarid qilish hujjatlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlarini qoʻllash tartibi majburiy koʻrsatiladi;
davlat buyurtmachilari tomonidan jamoatchilik muhokamasida kelib tushgan har bir taklif va eʼtirozlarning ular boʻyicha aniq va asoslantirilgan izohlarni koʻrsatgan holda koʻrib chiqilishi taʼminlanadi;
budjet tizimi budjetlari hisobidan mobil telefonlar va alkogol mahsulotlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda xarid qilinadi;
operatorlar tomonidan amalda belgilangan xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmatlar uchun vositachilik yigʻimi bitimning haqiqiy summasidan 0,15 foizdan oshmagan holda, biroq ushbu yigʻimlarning chegaraviy miqdorlari davlat buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizidan koʻp boʻlmagan hamda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 14 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorlarda undiriladi;
agar donor mamlakatlarning, xalqaro tashkilotlarning, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlarining tartib-taomillarida yoki Oʻzbekiston Respublikasiga taqdim etiladigan chet el kreditlarini va grantlarini, texnik koʻmakni va boshqa tashqi begʻaraz koʻmakni taqdim etish shartlarida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning boshqacha tartibi belgilanganda, operatorlar tomonidan oʻzlarining tizimlarida ushbu tartib boʻyicha xaridlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
a) davlat xaridlariga oid maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida maxsus axborot portalida (keyingi oʻrinlarda — Portal) quyidagi qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishini taʼminlasin:
sohalar (yoʻnalishlar) va hududlar kesimida maʼlumotlarni avtomatik tarzda tahlil qilish hamda jamoatchilik tomonidan ulardan qulay foydalanish tizimi (Business intelligence);
davlat xaridlari jarayonida xavfni boshqarishning kompleks tizimi (Risk management);
davlat buyurtmachilarining import qilinishi rejalashtirilgan mahsulotlarni ochiqlab borish tizimi;
“yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish uchun alohida modul;
b) davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatori kodlariga Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) hamda Mahsulot va xizmat identifikatsiya kodlarini (MXIK) Portalda oʻzaro muvofiqlashtirish imkonini beruvchi alohida modulni ishlab chiqsin;
v) tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida ularni ixtiyoriy ravishda barcha davlat xaridlari elektron tizimlarida bir vaqtning oʻzida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini yaratsin;
d) davlat buyurtmachilari va ishtirokchilar tomonidan xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish hamda davlat xaridlarining elektron tizimida tuzilgan bitimlarning bajarilishini taʼminlash uchun hisob-kitob-kliring palatasiga oʻtkaziladigan mablagʻlar xavfsizligini kuchaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomalarni boshqarish, shu jumladan, shartnomaviy intizomni mustahkamlash, davlat xaridlari sohasida monitoring va nazorat qilish tizimini joriy etsin.
Bunda Portalda shartnomalar ijrosi moduli yaratiladi va unda quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnomalar ijrosi hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida ochiqlash;
davlat xaridlari sohasida elektron nazorat tizimini joriy etish;
shartnomalar ijrosi boʻyicha nizoni sudgacha hal qilish (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish, talabnoma yuborish, basharti bu ushbu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa) yoki sudga bevosita murojaat qilish;
jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi subyektlar tomonidan tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish tashabbusi bilan davlat organlariga murojaat qilish;
davlat buyurtmachilarining ichki audit tuzilmalari tomonidan davlat xaridlari boʻyicha monitoring natijalarini jamoatchilikka keng yoritish.
7. Savdo-sanoat palatasi sohaviy tarmoq uyushmalari hamda ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda mahalliy mahsulotlar va ishlab chiqaruvchilar reyestri shakllantirilishida tegishli maʼlumotlar va mahsulotlarning davlat xaridlarida uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari faoliyatini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 31-dekabrdagi 734-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-iyul,
476-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyuldagi 476-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat xaridlari elektron tizimining operatori faoliyatini tashkil etish, davlat xaridlari elektron tizimida maʼlumotlarni almashish hamda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlarni moderatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) — Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi;
davlat xaridlarining elektron tizimi — elektron davlat xaridlari jarayonidagi xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda davlat xaridlarining subyektlari hamkorligini taʼminlaydigan tashkiliy, axborotga oid va texnik yechimlarning dasturiy majmui;
davlat xaridlari elektron tizimining operatori (keyingi oʻrinlarda — operator) — davlat xaridlarining subyektlariga davlat xaridlarining elektron tizimlarida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatadigan, davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega yuridik shaxs;
maxsus axborot portali (keyingi oʻrinlarda — Portal) — vakolatli organ tomonidan yuritiladigan, davlat xaridlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi eʼlonlar, davlat xaridlarining yakunlari, ishtirokchilarning takliflari haqidagi axborotni va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborotni elektron shaklda koʻzdan kechirishni, shuningdek, amalga oshirilgan elektron davlat xaridlari toʻgʻrisida davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari tomonidan kiritiladigan (yuboriladigan) axborotni toʻplashni taʼminlovchi veb-sayt va maxsus elektron platforma;
moderator — davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtiriladigan axborotlarni moderatsiya (dastlabki kuzatuv) jarayonidan oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxs.
3. Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga muvofiq beriladi.
4. Vakolatli organ tomonidan yuboriladigan maʼlumotlardan operator tomonidan davlat xaridlari elektron tizimida faqat ularning oʻz funksiyalari, majburiyatlari va huquqlari doirasidagi vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
5. Vakolatli organ:
davlat xaridlari sohasida, shu jumladan, tizimda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar haqida operatorni doimiy ravishda xabardor qilib boradi;
davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash jarayonida operator bilan hamkorlik qiladi;
operatordan qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat xaridlari elektron tizimida qoʻshimcha sahifalar yaratish hamda joriy qilish rejalashtirilgan yangi tizimlarning ishlashini sinovdan oʻtkazishni talab qiladi;
moliya yilida bir marta operator faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlarni Portalda eʼlon qiladi.
2-bob. Operatorning funksiyalari, majburiyatlari va huquqlari
6. Operator quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat xaridlarining elektron tizimida davlat buyurtmachisi tomonidan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot Portal orqali tegishli maʼlumot shakllangandan soʻng joylashtirilishini taʼminlaydi, bunda operator fors-major holatlar (tomonlarning xohish-irodasi va faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan tabiat hodisalari (zilzila, koʻchki, boʻron, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari va boshqalar), favqulodda va keng miqyosdagi kutilmagan avariyalar, uzilishlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda taraflarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib boʻlmaydigan va kutilmagan holatlar) natijasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatlari uchun javobgar boʻlmaydi;
budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda moliyalashtirish miqdorlari mavjudligi davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi orqali tasdiqlangan taqdirda, savdolarni oʻtkazadi;
davlat xaridlari elektron tizimini texnik qoʻllab-quvvatlash ishlarini bajaradi;
Portalga taqdim etiladigan davlat xaridlari boʻyicha statistika maʼlumotlari shaklini vakolatli organ bilan kelishgan holda shakllantiradi;
elektron tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi, foydalanuvchilarga texnik yordam koʻrsatadi, dasturiy taʼminotni ishlab chiqadi, muntazam ravishda yangilaydi va takomillashtirib boradi;
davlat buyurtmachilari va ishtirokchilarga davlat xaridlarida ishtirok etish uchun elektron tizimdan toʻliq, oʻz vaqtida va erkin foydalanishni kafolatlaydi;
barcha yuridik va jismoniy shaxslarga davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq, oʻz vaqtida, erkin va bepul foydalanishni kafolatlaydi.
Operator qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Operatorning majburiyatlari:
shartnomaning bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotlarni, shu jumladan, shartnoma uchun haq toʻlash, shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni elektron tizimda aks ettirish;
davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga (keyingi oʻrinlarda — ishtirokchi) elektron davlat xaridlarida qatnashish uchun davlat xaridlari elektron tizimidan bepul foydalanishni taʼminlash;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat xaridlari elektron tizimidagi mavjud axborotdan jismoniy va yuridik shaxslarning bepul va erkin foydalanishini taʼminlash;
davlat xaridlari sohasidagi hisobotni texnik qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
davlat xaridlariga taalluqli axborot davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtirilgan vaqtdan boshlab qonunchilikda belgilangan muddat davomida, agar qonunchilikda davlat xaridlariga taalluqli axborotni saqlash muddatlari koʻrsatilmagan boʻlsa, uning kamida besh yil saqlanishini taʼminlash;
davlat xaridlari elektron tizimi orqali tuzilgan shartnomalar boʻyicha hujjatlarni va axborotlarni Shartnomalarning yagona reyestriga kiritish uchun yuborish;
davlat xaridlari bilan bogʻliq, shu jumladan, davlat xaridlari natijalari haqidagi barcha axborotni davlat xaridlari elektron tizimi orqali Portalga real vaqt rejimida yuborish;
Portal va Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash, shuningdek, Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan insofsiz ijrochi (ishtirokchi)ning belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomillarida ishtirokini cheklash;
Portal va yagona yetkazib beruvchilar reyestri oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash;
davlat buyurtmachilari amalga oshirgan davlat xaridlari natijalariga koʻra tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, ularning turlari kesimida shakllangan narxlarni Portalga yuborish;
davlat xaridlari elektron tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash;
davlat xaridlari elektron tizimini Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi apparat-texnika vositalariga joylashtirish;
davlat xaridlari elektron tizimining mobil ilovasini ushbu tizim bilan mos holda yuritish;
har yilga moʻljallangan rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlash;
vakolatli organ hamda boshqa vazirlik va idoralarning elektron tizimlari oʻrtasida oʻzaro maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali affillangan shaxslarni ayni bir lotda ishtirok etishdan chetlatish;
gʻolib aniqlangunga qadar davlat xaridlari ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarni oshkor etmaslik;
har yil yakuni boʻyicha keyingi yilning 1-apreliga qadar davlat xaridlari sohasida “Eng faol tadbirkor” hamda “Eng yaxshi buyurtmachi” tanlovlarini oʻtkazib borish;
eng yaxshi takliflarni tanlash (keyingi oʻrinlarda — tanlash) va tender savdolari boʻyicha xarid qilish hujjatlari va texnik topshiriqlarni elektron shaklda ishlab chiqish hamda tasdiqlash imkoniyatini yaratish;
oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili boshlangan talabgorlarni belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish;
soliqlar va boshqa majburiy yigʻimlarni toʻlash boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlgan talabgorlarni belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish;
davlat xaridlari elektron tizimining qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq ishlashini taʼminlash;
davlat xaridlari sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyatlarini taʼminlash uchun davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotlarni (davlat xaridlarining tugallanmagan savdo jarayonlarini ochiqlamagan holda) Portal orqali taqdim etish;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining yuborgan takliflarini baholash uchun ularning soliq hisobotlari, ishlovchi xodimlari, asosiy vositalari, maxsus texnikalari, mulki, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlari va xabarnomalari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Portal orqali tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilishni taʼminlash va xarid komissiyasiga taqdim etish;
operatorning hisob-kitob-kliring palatasidagi davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining mablagʻlaridan foydalanmaslik, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Operator qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
8. Operator quyidagi huquqlarga ega:
davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtiriladigan fayllarga nisbatan texnologik talablar, shuningdek, axborot xavfsizligi boʻyicha talablarni belgilash;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmatlar uchun vositachilik yigʻimining amalda belgilangan eng yuqori miqdoridan oshmagan holda mablagʻ undirish;
qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan holda, tizimdan foydalanish samaradorligini oshirish va funksionallikni kengaytirishga qaratilgan qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish;
davlat buyurtmachilari va ishtirokchilarni jalb qilish yuzasidan reklama kampaniyalarini oʻtkazish.
Operator qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
3-bob. Davlat xaridlari elektron tizimini tashkil etish tartibi
1-§. Davlat xaridlari elektron tizimini tashkil etishning umumiy shartlari
9. Davlat xaridlari elektron tizimi faoliyati vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan texnik yoʻriqnomada belgilangan talablarga mos ravishda tashkil etilishi lozim.
10. Operator faoliyatining xususiyati hamda hajmini inobatga olgan holda, texnik quvvati yetarli boʻlgan funksional uskunalar (kompyuter, kommunikatsiya, maʼlumotlarni saqlash va toʻlov tizimi ishlashini taʼminlaydigan boshqa texnik uskunalar) va dasturiy taʼminot bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
11. Operator davlat xaridlari elektron tizimini tashkil etishda unga joylashtiriladigan raqamli maʼlumotlar bazalarining zaxira nusxalarini shakllantirish uchun texnik vositalarga ega boʻlishi, shu jumladan, raqamli maʼlumotlar bazalarining zaxira nusxalarini shakllantirishda shifrlovchi, shuningdek, axborotni oʻzgartirish yoki buzib koʻrsatishning oldini oladigan tarzda saqlaydigan asbob-uskunalar va dasturiy-texnik vositalar bilan taʼminlangan boʻlishi, ushbu raqamli maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimining maʼlumotlarni qayta ishlash markazida joylashtirilishi kerak.
12. Operator tomonidan oʻz platformasiga qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqib, xarid qilish tartib-taomillari bilan bogʻliq har qanday oʻzgartirishlar vakolatli organ bilan kelishilgandan soʻng kiritilishi shart.
Bunda xarid qilish tartib-taomillari bilan bogʻliq oʻzgartirishlar mazkur oʻzgartirishlarni belgilovchi qonunchilik hujjatlarida boshqacha muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, vakolatli organ tomonidan belgilagan muddat davomida amalga oshirilishi lozim.
2-§. Davlat xaridlari elektron tizimida maʼlumotlar almashinuvi
13. Davlat xaridlari elektron tizimida axborot tizimlari oʻrtasida axborot almashinuvi axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga muvofiq sertifikatlangan vositalardan foydalangan holda, himoyalangan aloqa kanallari orqali amalga oshirilishi shart.
Bunda davlat xaridlari sohasidagi nazoratni amalga oshiruvchi organlar uchun zarur hujjat va maʼlumotlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq Portal orqali operatordan masofaviy talab qilib olish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.
14. Elektron tizimda barcha turdagi maʼlumotlar almashinuvi formati vakolatli organ bilan kelishilgan holda belgilanadi.
15. Vakolatli organ tomonidan maxsus axborot portalida davlat xaridlari sohasidagi nazorat organlarining soʻroviga asosan ularning masʼul xodimlari uchun shaxsiy kabinet ochiladi va ularga davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotlarni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.
16. Operator davlat xaridlari elektron tizimi orqali davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan, savdolar yakunlari boʻyicha barcha maʼlumotlarni, shuningdek, hisob-kitob-kliring palatasidagi mablagʻlar harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (tugallanmagan savdo jarayonlaridagi mablagʻlar harakati maʼlumotlari bundan mustasno) maxsus axborot portaliga oʻz vaqtida toʻliq va uzluksiz taqdim etib borishi shart.
17. Vakolatli organ Portal orqali tashqi axborot tizimlari bilan oʻzaro maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻygan hollarda, davlat xaridlari elektron tizimiga tegishli maʼlumotlarning yuborilishini taʼminlaydi.
18. Operator vakolatli davlat organining axborot tizimida shakllantiriladigan va yuritiladigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) milliy klassifikatoridan axborot tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro axborot almashinuvi orqali foydalanadi.
3-§. Davlat xaridlari elektron tizimida elektron davlat xaridlarini tashkil etishga doir talablar
19. Operator Portalda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotni avtomatik tarzda shakllantirish maqsadida real vaqt rejimida axborot almashinuvini taʼminlaydi.
20. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan ishtirokchilarning davlat xaridlaridagi ishtiroki davlat xaridlari elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda cheklanadi.
21. Davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuvi yoki affillanganlik ehtimoli mavjud holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat xaridlari sohasidagi nazoratni amalga oshiruvchi organlarning maxsus axborot portalida ochilgan shaxsiy kabinetlariga real vaqt rejimida yuboriladi.
Bunda operator manfaatlar toʻqnashuvi yoki affillanganlik ehtimoli mavjud holatlar toʻgʻrisidagi, shuningdek, buyurtmachi va ishtirokchilar yoki ishtirokchilar bilan ishtirokchilar oʻrtasida axborot texnologiya vositalaridan foydalanishda, yagona IP-adresdan maʼlumot kiritilgan hollardagi xaridlar reyestrini avtomatik tarzda shakllantiradi.
22. Tanlash yoki tender savdolarida ishtirok etish uchun takliflarni taqdim etish muddati tugagan paytda faqat bitta taklif taqdim etilgan yoki birorta ham taklif taqdim etilmagan boʻlsa, elektron tizim avtomatik ravishda tanlash (tender) oʻtkazilmagan deb hisoblaydi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
Bunda ikki bosqichli tanlash (tender)da tanlash (tender)ning birinchi bosqichidan oʻtgan kamida ikki nafar ishtirokchining takliflari mavjud boʻlmagan taqdirda, elektron tizim avtomatik ravishda mazkur tanlash (tender) oʻtkazilmagan deb topadi va bu haqida buyurtmachining huzurida tashkil etilgan xarid komissiyasini xabardor qiladi.
23. Davlat xaridlari elektron tizimida shakllanadigan va vakolatli organga tizim tomonidan avtomatik ravishda yuboriladigan barcha fayllar haqiqiy va ishonchli sanaladi hamda operatorning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hisoblanadi.
Davlat xaridlari elektron tizimida nosozliklar yuzaga kelgan hollarda shakllanadigan maʼlumotlar bundan mustasno.
24. Davlat xaridlari elektron tizimini yuritish uchun masʼul xodimlar doimiy ravishda monitoring qilib boradi hamda yuzaga keladigan texnik va tashkiliy muammolarni tezkor hal qilish choralarini koʻradi.
4-bob. Operator tomonidan davlat xaridlari subyektlarini davlat xaridlari elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
25. Davlat xaridlari subyektlari davlat xaridlari elektron tizimida ularda elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) mavjud boʻlgan holda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Chet el jismoniy va yuridik shaxslari davlat xaridlari elektron tizimiga qonunchilikda belgilangan tartibda kiritiladi.
26. Budjet buyurtmachilari davlat xaridlari elektron tizimida avtomatik rejimda vakolatli organ va operator oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi orqali avtomat tarzda bepul roʻyxatdan oʻtkaziladi.
27. Korporativ buyurtmachilar va ishtirokchilar davlat xaridlari elektron tizimida ular tomonidan elektron tizimdagi soʻrovnomani toʻldirish orqali operator tomonidan bepul roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda, davlat xaridlarining elektron tizimida roʻyxatdan oʻtish istagini bildirgan shaxslar avtomatik ravishda davlat xaridlari ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
28. Ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 36-moddasida belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlganda, davlat xaridlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
29. Soliq organlari tomonidan berilgan ERIning mavjudligi ishtirokchini elektron shartnoma tuzish huquqini belgilaydi, chet el jismoniy va yuridik shaxslari bilan shartnoma tuziladigan hollar bundan mustasno.
30. Davlat buyurtmachilarining xaridlarni amalga oshirish va ishtirokchilarning xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish jarayonlari ularning davlat xaridlari elektron tizimida roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran amalga oshiriladi.
5-bob. Moderatorga qoʻyiladigan talablar va moderatsiyadan oʻtkazish tartibi
1-§. Moderatorga qoʻyiladigan talablar
31. Moderator lavozimiga oliy maʼlumotga ega jismoniy shaxs tayinlanadi.
32. Operator vakolatli organni besh ish kuni ichida moderator lavozimga tayinlangani toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi.
33. Moderatorlarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi, yetarli darajada kasbiy bilimga ega boʻlishi hamda kasbiy bilim va koʻnikmalarini moderatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun yetarli darajada saqlab turishi;
begʻaraz boʻlishi, manfaatlar toʻqnashuvi yoki boshqa shaxslarning bosimlariga qaramay oʻzining kasbga oid fikr-mulohazasida qatʼiy tura olishi, operatorning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan holatlarga yoʻl qoʻymasligi;
korrupsiya holatlariga olib keluvchi harakatlar sodir etmasligi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish va unga kirish, davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatoridan qoʻshimcha ravishda, qonunchilikda belgilangan hollarda TIF TN kodlaridan toʻgʻri va asoslangan holda foydalanishi;
ikki yilda bir marta Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjet tashkilotlari moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazida va davlat xaridlari sohasidagi nazoratni amalga oshiruvchi boshqa organlar tomonidan tashkil qilingan oʻquv kurslarida davlat xaridlari sohasida bilimlarini, kasbiy bilim va koʻnikmalarini boyitish maqsadida malakasini oshirishi.
Bunda moderator ushbu Nizom talablariga rioya qilmagani aniqlanganda, operator tomonidan mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi yoxud boshqa lavozimga oʻtkaziladi.
2-§. Moderatorning huquqlari va majburiyatlari
34. Moderator quyidagi huquqlarga ega:
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish holatlarining oldini olish maqsadida dastlabki kuzatuvni amalga oshirish;
tizimga joylashtirilgan hamda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq joylashtirilganini moderatsiyadan oʻtkazish.
Moderator qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
35. Moderatorning majburiyatlari:
davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchi tomonidan kiritilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlarni moderatsiyadan oʻtkazish;
tizimga joylashtirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlar eʼlon qilinishini tasdiqlash;
axborotlarda xato va kamchilik aniqlanganda, ularni asoslantirilgan sabablarini koʻrsatgan holda qaytarish;
davlat xaridlariga taalluqli axborotning butligini va sir saqlanishini taʼminlash;
xarid qilish tartib-taomillar amalga oshirilishidan oldin ishtirokchilar va ularning takliflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
oʻzining shaxsiy kabinetiga kirish parolining har uch oyda kamida bir marta oʻzgartirilishini hamda oʻziga berilgan login va parolning maxfiy saqlanishini taʼminlash;
odob-axloq qoidalariga rioya etish;
korrupsiya holatlarining kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik;
shartnoma asosida yoki boshqa manfaat evaziga buyurtmachi va ishtirokchi nomidan xarid qilish tartib-taomillarda ishtirok etmaslik;
oʻz faoliyatini qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirish.
Moderator qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
36. Moderator:
ishtirokchi, ijrochi sifatida davlat xaridlarida ishtirok etishga, ularning affillangan shaxsi boʻlishga;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlari subyektlari tomonidan joylashtiriladigan axborotlarning mazmunini oʻzgartirishga (tahrirlashga);
davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchi tomonidan kiritilgan axborotlarni asossiz ravishda moderatsiyadan oʻtkazmasdan qaytarishga;
savdo natijalariga taʼsir etish maqsadida ishtirokchilar bilan til biriktirish, korrupsiyaga yoʻl qoʻyish kabi holatlarni keltirib chiqarishga haqli emas.
3-§. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlarni moderatsiyadan oʻtkazish tartibi
37. Moderator oʻz shaxsiy kabinetiga oʻzining shaxsiy elektron raqamli imzosi hamda operator tomonidan belgilangan tartibda berilgan individual login va parol orqali kiradi.
38. Moderator davlat xaridlari toʻgʻrisidagi ayrim axborotlarni moderatsiyadan oʻtkazish jarayonida ularning davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizom talablariga muvofiqligini koʻzdan kechiradi.
39. Moderator bir ish kuni ichida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi quyidagi axborotlarni moderatsiyadan oʻtkazadi:
davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining elektron tizimiga davlat xaridlarining reja-jadvaliga muvofiq eʼlon joylashtirilganini;
ishtirokchi va davlat buyurtmachisi tomonidan xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlarida belgilangan axborotlar asosida joylashtirilganini.
Moderator tizimga joylashtirilgan eʼlon va ofertadagi axborotlarda xato va kamchiliklar, shu jumladan, davlat xaridlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning matniga ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablar kiritilganini aniqlaganda, maʼlumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun (asoslantirilgan sabablarni koʻrsatgan holda) davlat buyurtmachilariga yoki ishtirokchilarga bir ish kuni ichida qaytarilishini taʼminlaydi.
40. Davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchi besh ish kuni ichida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning kamchiliklarini tuzatgan holda, qayta moderatsiyaga taqdim etishlari mumkin.
41. Davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtirilgan axborotlar moderator tomonidan dastlabki kuzatuvdan oʻtkazilganidan soʻng tizimda eʼlon qilinishi mumkin.
42. Moderatorga vakolatli organning operatorga moderatsiyadan oʻtkazish yuzasidan berilgan koʻrsatmasiga muvofiq qoʻshimcha vazifalar yuklanishi mumkin.
4-§. Moderatorning javobgarligi
43. Moderator ushbu Nizom talablari hamda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etmagan, shuningdek, belgilangan tartibda joylashtirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotlarni qasddan moderatsiyadan oʻtkazmagan yoki uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
44. Operator ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda moderatorlar tomonidan moderatsiyadan oʻtkazilgan hamda qaytarilgan eʼlonlar va ofertalarni monitoring qilish maqsadida tegishli eʼlonlar va ofertalarni doimiy oʻrganib borishi lozim.
45. Moderator operator tomonidan beriladigan topshiriq va vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi uchun javobgardir.
46. Moderator davlat xaridlari subyektlarining ushbu moderatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan, boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisida tizimda joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Operator ushbu Nizomni buzganlik uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
48. Davlat buyurtmachilari va ishtirokchilar operatorga taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradilar.
49. Operator davlat xaridlari subyektlarining ushbu operatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotning mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻlmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyuldagi 476-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga:
1) 4-ilova matni quyidagi mazmundagi VIII1 band va “81-1” pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2) 5-ilovada I band quyidagi mazmundagi “1-20-3.” pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomda:
a) 3-bandning beshinchi xatboshisidagi “2 — 65-ilovalarda” soʻzlari “2 — 66-ilovalarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi 66-ilova bilan toʻldirilsin:
“Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 66-ILOVA
Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma
PASPORTI
Izoh. 2-band amalda faoliyat koʻrsatayotgan davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari uchun ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach tatbiq etiladi”.
