Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (470-son)
28.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish borasida qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash, bojxona organlari hamda tadbirkorlik faoliyati subyektlari oʻrtasidagi nizolarni tezkor koʻrib chiqish va adolatli hal etishning samarali tizimini joriy etish, bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining iqtisodiyot tarmoqlari va yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ixtiyoriy ravishda narx kalkulyatsiyasi haqidagi maʼlumotlarni har chorakda bojxona organlariga taqdim etib borish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tuguvchi Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi apellyatsiya kengashi (keyingi oʻrinlarda — Apellyatsiya kengashi) toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari;
Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishi nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-iyul,
470-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-iyuldagi 470-son qaroriga ILOVA
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi apellyatsiya kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining (keyingi oʻrinlarda — tadbirkorlik subyektlari) bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar, beruvchi apellyatsiya kengashining (keyingi oʻrinlarda — Apellyatsiya kengashi) maqomi, vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
3. Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolardan mustaqil ravishda qonuniylik, xolislik, kollegiallik hamda oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etadi.
Apellyatsiya kengashi aʼzolarining faoliyati jamoatchilikka asoslanadi.
4. Apellyatsiya kengashi oʻz vakolatlari doirasida tadbirkorlik subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini mustaqil aniqlab, ularni bartaraf etish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi, tadbirkorlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayoni bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqib hal etadi.
2-bob. Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tadbirkorlarning bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganib borish va hal etish choralarini koʻrish;
tadbirkorlarning murojaatlarini oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqish;
bojxona bojlari boʻyicha berilgan imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllash va tovarlarning bojxona qiymatini belgilash, shuningdek, bojxona sohasidagi Huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish borasida bojxona organlariga uslubiy yordam koʻrsatish;
iqtisodiyot tarmoqlari va yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan narx kalkulyatsiyasi haqidagi maʼlumotlarga asosan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash boʻyicha tavsiyaviy xulosalar berish;
bojxona bojlari boʻyicha berilgan imtiyozlardan samarali foydalanish borasida tadbirkorlar va bojxona organlari oʻrtasida yuzaga kelgan nizolar yuzasidan bojxona organlariga tavsiyaviy xulosalar berish;
bojxona sohasi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish boʻyicha bojxona organlariga uslubiy yordam koʻrsatish.
3-bob. Apellyatsiya kengashining huquq va majburiyatlari
6. Apellyatsiya kengashi quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan Apellyatsiya kengashi vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumotnomalar, axborot-tahliliy materiallarni belgilangan tartibda soʻrash va bepul olish;
murojaat etuvchilar, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan murojaatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni soʻrab olish;
oʻz vazifalarini amalga oshirish, xususan, murojaatlarni koʻrib chiqishda davlat organlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, iqtisodiyot tarmogʻi korxonalari, tijorat uyushmalari, yirik ishlab chiqaruvchi korxonalardan mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish.
Apellyatsiya kengashi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
qonunchilik hujjatlariga va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya qilish;
tadbirkorlarning qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ularning faoliyatiga doir tijorat siri hisoblanuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik;
fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga, shaxsiy hayotiga aralashuvga yoʻl qoʻymaslik;
murojaatni koʻrib chiqish yuzasidan qabul qilingan xulosalar haqqoniyligini va asoslanganligini taʼminlash;
davlat organi faoliyati bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilish;
davlat organi va uning mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmaslik;
davlat organi va uning mansabdor shaxslari faoliyat koʻrsatishi uchun toʻsqinlik qilmaslik;
murojaatni koʻrib chiqish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonunchilik bilan cheklangan boʻlsa, sir saqlanishiga rioya qilish.
Apellyatsiya kengashiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi
8. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi apellyatsiya kengashi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan tarkibda faoliyat olib boradi.
Apellyatsiya kengashi 15 kishidan kam boʻlmagan toq sondagi (komissiya raisi, kotibi va aʼzolari) tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya kengashi tarkibi tegishligiga koʻra amaliy tajribaga va obroʻ-eʼtiborga ega bojxona organlari hamda vazirlik va idoralarning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, shuningdek, bojxona sohasida katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega boʻlgan obroʻli fuqarolar orasidan shakllantiriladi.
Bunda davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hisoblanmagan Apellyatsiya kengashi aʼzolari jami Apellyatsiya kengashi aʼzolarining uchdan ikki qismidan oshib ketmasligi lozim.
9. Kuyidagi holatlarda Apellyatsiya kengashining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolari uning tarkibidan chiqariladi:
Apellyatsiya kengashi tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berilganda;
tashkilot bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinganda;
Apellyatsiya kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda;
mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topilganda.
10. Quyidagi hollarda Apellyatsiya kengashi aʼzosi Kengash kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan majlisda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:
ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligi va begʻarazligiga shubha tugdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa;
taraf yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning qarindoshi boʻlsa.
11. Apellyatsiya kengashining raisi:
Apellyatsiya kengashi faoliyatini va uning reglamentga rioya etishini tashkil etadi;
Apellyatsiya kengashining majlislarini oʻtkazadi va ularda raislik qiladi;
Apellyatsiya kengashi vakolatiga taalluqli masalalarni uning koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Apellyatsiya kengashi nomidan ish koʻradi;
Apellyatsiya kengashi aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Apellyatsiya kengashi nomidan xulosalarni, majlislar bayonnomalarini va boshqa hujjatlarni imzolaydi;
Apellyatsiya kengashi majlislari kun tartibini belgilaydi, Apellyatsiya kengashi va taraflarni chaqiradi;
Apellyatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosalarning ijrosini monitoring qiladi;
yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha Apellyatsiya kengashi aʼzolari ishini muvofiqlashtiradi;
bojxona organining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan Apellyatsiya kengashining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazmuni boʻyicha takliflar kiritadi va ularni rahbariyat bilan kelishadi;
Apellyatsiya kengashi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.
Apellyatsiya kengashining raisi Apellyatsiya kengashi tomonidan ishning oʻz vaqtida, toʻgʻri va vijdonan bajarilishini tashkil etish uchun javobgar boʻladi.
12. Apellyatsiya kengashining raisi boʻlmagan taqdirda, uning vazifalarini rais oʻrinbosari bajaradi.
13. Apellyatsiya kengashining kotibi:
murojaatlarni qabul qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi;
Apellyatsiya kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, davlat organi xodimlaridan zarur hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab oladi;
kun tartibiga muvofiq Apellyatsiya kengashi majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Apellyatsiya kengashi majlisi oʻtkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini Apellyatsiya kengashining raisi bilan kelishadi;
Apellyatsiya kengashining aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Apellyatsiya kengashi majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
kun tartibidagi masalalarni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallarni Apellyatsiya kengashi aʼzolariga tarqatadi;
Apellyatsiya kengashi xulosalarining bojxona organi tomonidan inobatga olinishi yoki rad etilishi holati ustidan monitoring olib boradi hamda uning natijalarini Apellyatsiya kengashi majlisida koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;
Apellyatsiya kengashi majlisining xulosasini va bayonnomasini rasmiylashtiradi hamda xulosaning Apellyatsiya kengashi aʼzolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini taʼminlaydi;
Apellyatsiya kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
Apellyatsiya kengashining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
14. Apellyatsiya kengashida jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida oʻz huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilgan haqidagi murojaatlari mazkur Nizomda belgilangan tartib asosida koʻrib chiqiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar nizoli masalani Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqish uchun ushbu bojxona organiga yozma (elektron) tarzda murojaat qiladi.
Bojxona organining rahbari (yoki uning oʻrinbosarlari) tomonidan murojaat uning muallifini xabardor etgan holda, u kelib tushgan kundan boshlab bir kun ichida koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya kengashiga yuboradi.
Bojxona organiga kelib tushgan takroriy murojaatlarda Apellyatsiya kengashi vakolatiga kiradigan masalalar keltirilgan boʻlsa, bojxona organi rahbari mazkur murojaatni koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya kengashiga oʻz tashabbusiga koʻra ham joʻnatishi mumkin.
Bojxona organiga kelib tushgan takroriy murojaat koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya kengashiga joʻnatilgan hollarda, bu haqida murojaat etuvchiga darhol yozma yoki elektron xabar yuboriladi.
15. Murojaat Apellyatsiya kengashiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun mobaynida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Yuzaga kelgan nizoli holatni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa choralar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari Apellyatsiya kengashining raisi tomonidan, istisno tariqasida, koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqida murojaat etuvchiga darhol yozma yoki elektron xabar yuboriladi.
16. Apellyatsiya kengashining aʼzolari oʻz majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda oʻz vakolatini boshqa shaxslarga oʻtkazish huquqiga ega emas.
Apellyatsiya kengashining aʼzolari:
oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun bojxona organi tomonidan tashkil etiladigan hayʼat majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;
Apellyatsiya kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini taʼminlaydi;
Bojxona organi faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;
Apellyatsiya kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Apellyatsiya kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bogʻliq murojaatlarni koʻrib chiqadi va natijalari boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
Apellyatsiya kengashiga yuklangan vazifalarga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
17. Apellyatsiya kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan Apellyatsiya kengashi aʼzolarining takliflari va Apellyatsiya kengashi raisining topshirigʻi asosida shakllantiriladi.
18. Apellyatsiya kengashining majlisini uning raisi boshqaradi.
Apellyatsiya kengashining majlisida bojxona organi rahbari, uning oʻrinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.
Apellyatsiya kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari hamda murojaat etuvchi yoki uning vakili taklif etilishi mumkin.
19. Apellyatsiya kengashining majlisi, agar unda Apellyatsiya kengashi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Apellyatsiya kengashining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
20. Apellyatsiya kengashining xulosasi majlisda ishtirok etayotgan Apellyatsiya kengashi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda Apellyatsiya kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
21. Apellyatsiya kengashining majlisida qabul qilingan qaror xulosa shaklida rasmiylashtiriladi. Apellyatsiya kengashi xulosasi majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
Xulosaga qoʻshilmagan Apellyatsiya kengashi aʼzosi xulosani imzolab, oʻzining alohida fikrini yozma shaklda taqdim qiladi. Alohida fikr ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
22. Apellyatsiya kengashining majlis bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi va majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.
23. Apellyatsiya kengashining xulosasi uch kun muddatda bojxona organi rahbariga koʻrib chiqish va boshqa manfaatdor taraflarga maʼlumot uchun yuboriladi.
Apellyatsiya kengashining xulosasi tavsiyaviy tusga ega boʻlib, xulosani qabul qilib olgan bojxona organi rahbari yoki uning oʻrinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda bojxona organi rahbari yoki uning oʻrinbosari qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Apellyatsiya kengashining faoliyati moddiy-texnik jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
25. Apellyatsiya kengashining faoliyati mazkur Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ekanligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan nazorat qilinadi.
26. Ushbu nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining bojxona sohasidagi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tavsiyalar beruvchi apellyatsiya kengashining
TARKIBI
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxs kiritiladi.
