Yer qaʼri davlat fondi maʼlumotlarini yuritish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida (467-son)
26.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan keng foydalangan holda yer qaʼri holatining davlat monitoringini yuritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Yer qaʼri davlat fondi maʼlumotlari Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Yer qaʼridan foydalanish markazi) tomonidan yuritilishi hamda yer qaʼri davlat fondi kadastri va yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari bilan bogʻliq axborot resursidan iborat boʻlishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha ishlarni davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi yer qaʼri davlat fondi maʼlumotlarini “Geomonitoring” axborot tizimi orqali Soliq qoʻmitasining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini hamda maʼlumotlar almashinuvi real vaqt rejimida onlayn tarzda amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Koʻchqorov hamda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-iyul,
467-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyuldagi 467-son qaroriga 1-ILOVA
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha ishlarni davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilayotgan yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish ishlari bilan bogʻliq jarayonlarni davlat hisobiga olish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“Geomonitoring” axborot tizimi — yer qaʼridan foydalanish sohasida axborotni toʻplash, saqlash, izlash, tahlil qilish hamda undan foydalanish imkonini beruvchi idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimi;
geologik jihatdan oʻrganish ishlari — Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish ishlari bilan bogʻliq jarayonlar;
yer qaʼridan foydalanuvchilar — qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalarida geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshirish huquqi uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar.
3. Yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Yer qaʼridan foydalanish markazi) “Geomonitoring” axborot tizimi orqali elektron shaklda davlat hisobiga olinadi.
4. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining tizimidagi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — tizim tashkilotlari) tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlarini boshlashdan avval “Geomonitoring” axborot tizimi orqali buyurtma asosida tegishli maʼlumotlarni kiritish orqali davlat hisobiga olinadi. Bunda buyurtmani yuborish va koʻrib chiqish uchun mablagʻ undirilmaydi.
5. Yer qaʼridan foydalanuvchilarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlariga ruxsatnoma rasmiylashtirilgan bir paytning oʻzida Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan yer qaʼrini geologik oʻrganish ishlari davlat hisobiga olinadi. Bunda yer qaʼridan foydalanuvchilarga yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga qoʻyish majburiyati yuklanmaydi.
6. Foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilar tegishli uchastkalar doirasida qoʻshimcha geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshirishi mumkin. Bunda, yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali buyurtma berish orqali amalga oshiriladi.
7. Tizim tashkilotlari va yer qaʼridan foydalanuvchilarga ular tomonidan amalga oshirilgan geologik jihatdan oʻrganish ishlarining yakuniga koʻra natijalar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan shakldagi hisobotni Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etish majburiyati yuklanadi.
8. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarining turlari qattiq foydali qazilmalar, uglevodorodlar, ekologik tadqiqotlar va xaritalash, gidrogeologik va muhandis-geologik oʻrganishlar, ilmiy, tematik va konstruktorlik turdagi loyiha ishlari, shuningdek, foydali qazilmalarni qazib olish ishlari bilan bogʻliq boʻlmagan geologik jihatdan oʻrganish ishlaridan iborat.
2-bob. Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish
9. Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlari mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq davlat hisobiga olinadi.
10. Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlari tizim tashkilotlarining tegishli maʼlumotlarni Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq buyurtma berish orqali davlat hisobiga olinadi.
11. Yer qaʼrini geologik oʻrganish loyihasi tasdiqlangan kundan boshlab bir oy muddatda tizim tashkilotlari ushbu ishlarni davlat hisobiga olish toʻgʻrisidagi buyurtmani Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali taqdim etadi.
12. Yer qaʼridan foydalanish markazi buyurtma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida buyurtmani va unga ilova qilingan maʼlumotlar taqdim etilganligini tekshiradi va natijasi boʻyicha:
hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni tizim tashkilotlariga qaytaradi va bu haqida uni xabardor qiladi;
hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda, buyurtmani “Geomonitoring” axborot tizimida tegishli tartib raqam bilan hisobga oladi va ushbu haqida tizim tashkilotlarini xabardor qiladi.
13. Tizim tashkilotlarining yer qaʼrini geologik oʻrganish ishlari davlat hisobiga olinganidan soʻng uning nomi, maqsadli topshirigʻi, geologik oʻrganish maydoni, shuningdek geologik jihatdan oʻrganish ishlarini bajarayotgan tashkilot nomi oʻzgargan taqdirda, u holda tizim tashkilotlari tomonidan 15 ish kunida qayta davlat hisobiga olish uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali buyurtma asosida maʼlumotlar yuboriladi. Bunda mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan yangi buyurtmani yuboradi.
14. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini qayta davlat hisobiga olish jarayonida yangi tartib raqam beriladi.
15. Agar bir vaqtning oʻzida ikki va undan ortiq tizim tashkilotlari tomonidan yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari bir maydonning ikki va undan ortiq geologik qatlamlariga toʻgʻri kelsa, ushbu hollarda har bir tashkilot tomonidan yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari alohida davlat hisobiga olinadi. Bunda davlat hisobiga olish jarayonida har bir yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish maydonining qatlam chuqurligi va qalinligi belgilanadi.
16. Agar tizim tashkilotlari tomonidan yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari kesishadigan boʻlsa, u holda geologik jihatdan oʻrganish ishlari davlat hisobiga faqat ular oʻzaro kelishilganidan soʻng olinadi. Bunda yer qaʼri maydoni muvofiqlashtirilgandan soʻng Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshiruvchi tizim tashkiloti tomonidan buyurtma beriladi hamda oʻzaro kelishganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etadi.
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini birinchi boshlagan tizim tashkiloti ushbu maydonning boshqa qatlamida geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshirmoqchi boʻlgan tizim tashkiloti yer qaʼrini oʻrganish ishlari kelishiladi.
17. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari jarayonini vaqtincha yoki toʻliq toʻxtatish, shuningdek, uning muddati oʻzgargan taqdirda, tizim tashkilotlari tomonidan oʻn kun muddatda Yer qaʼridan foydalanish markazini “Geomonitoring” axborot tizimi orqali xabardor qiladi va asoslovchi hujjatlarni (bayon, buyruq) taqdim etadi.
18. Yer qaʼridan foydalanish markazi besh ish kunida tizim tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni (bayon, buyruq) koʻrib chiqadi hamda qabul qilingani toʻgʻrisidagi xabarnomani yuboradi hamda geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobidan chiqaradi.
3-bob. Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish shartlari va maʼlumotlarni taqdim etish tartibi
19. Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tartibi mazkur Nizomga 3-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq buyurtma berish orqali davlat hisobiga olinadi.
21. Yer qaʼridan foydalanish markazi buyurtma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida buyurtmani va unga ilova qilingan maʼlumotlarini taqdim etilganligini tekshiradi va natijasi boʻyicha:
hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni tizim tashkilotlariga qaytaradi va bu haqida ularni xabardor qiladi;
hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda, buyurtmani “Geomonitoring” axborot tizimida tegishli tartib raqam bilan hisobga oladi va ushbu haqida yer qaʼridan foydalanuvchilarni xabardor qiladi.
22. Yer qaʼridan foydalanuvchilar yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olingani toʻgʻrisidagi xabar olingan kundan boshlab yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshirishga asos boʻladi.
23. Foydali qazilmalarni qazib olish huquqiga berilgan ruxsatnomada koʻrsatilgan faqat shu turdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olishga ruxsat etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Ushbu Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
25. “Geomonitoring” axborot tizimi orqali taqdim etilgan axborot va hujjatlarning haqqoniyligi va toʻgʻriligi uchun ularni taqdim etganlar masʼul va javobgar boʻladilar.
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish
SXEMASI
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish toʻgʻrisida
BUYURTMA
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish
SXEMASI
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olish toʻgʻrisida
BUYURTMA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyuldagi 467-son qaroriga 2-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish va hisobga olish tartibini belgilaydi.
2. Yer qaʼri davlat fondi kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Yer qaʼridan foydalanish markazi) tomonidan yuritiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
geologik jihatdan oʻrganish ishlari natijalari hisoboti — yer qaʼrini geologik oʻrganish, foydali qazilmalar konlarini izlash, aniqlash va ularning sanoatda qoʻllanish imkoniyatlarini baholash maqsadida amalga oshirilgan ishlar yakunlarini aks ettiruvchi hisobot;
yer qaʼridan foydalanuvchilar — Oʻzbekiston Respublikasining “Yer qaʼri toʻgʻrisida” Qonuni talablariga muvofiq yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish, qazib chiqarish yoki ulardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan yuridik hamda jismoniy shaxslar;
kadastr pasporti — yerosti qatlamlarida yoki yer yuzasida kelib chiqishi noorganik va organik boʻlgan qattiq, suyuq yoki gazsimon holatdagi tabiiy mineral hosilalar, shu jumladan, miqdori va sifati jihatidan sanoat miqyosida oʻzlashtirish imkoni mavjud boʻlgan obyekt yoki tarkibi foydali qazilmalardan iborat yer qaʼri uchastkasining geologik, texnik, iqtisodiy va ekologik xususiyatlarini batafsil aks ettiruvchi rasmiy hujjat yoki maʼlumotlar toʻplami.
4. Yer qaʼridan foydalanish huquqiga ega yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻzlarining tasarrufidagi yer qaʼri uchastkalari va foydali qazilma konlarining har biri boʻyicha yer qaʼri davlat fondi kadastri pasportini mazkur Nizom talablari asosida Yer qaʼridan foydalanish markaziga topshirishga masʼul hisoblanadi.
5. Yer qaʼri davlat fondi kadastri quyidagilardan iborat:
qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarining va belgilarining kadastri;
uglevodorodlar kadastri;
yer qaʼri makonining kadastri;
qattiq holdagi foydali qazilmalarga, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastri;
texnogen mineral hosilalar kadastri.
6. Uglevodorodlar kadastri neft-gaz operatsiyalarining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq holda alohida kadastr tarzida yuritiladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastri;
uglevodorodlar konlari boʻyicha ruxsatnomalar kadastri;
uglevodorodlar quduqlarining kadastri.
7. Yer qaʼri davlat fondi kadastri mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishga va toʻldirishga oid har yilgi davlat dasturlarini shakllantirishni taʼminlash, yer qaʼrini muhofaza qilishga oid ishlarni tashkil etish, foydali qazilma konlari, belgilari, yer qaʼri makoni va texnogen mineral hosilalari obyektlarining asosiy tavsiflari, shuningdek, foydali qazilmalar konlarining geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi haqidagi barcha mavjud axborotni oʻz ichiga oladi.
8. Yer qaʼri davlat fondi kadastri yer qaʼri fondi maʼlumotlarini, raqamli koʻrinishda bir shaklga keltirilgan tavsifnomalari toʻplamini oʻzida mujassam etadi va davlat kadastrlari yagona tizimining alohida elektron moduli hisoblanadi.
9. Yer qaʼridan foydalanish markazi axborot-kommunikatsiyalari va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda, yer qaʼri davlat fondi kadastri maʼlumotlarini davlat kadastrlari yagona tizimiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda kiritib boradi.
10. Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish va hisobga olish ishlari bilan bogʻliq xarajatlar mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishga va uni toʻldirishga oid har yilgi davlat dasturlarini amalga oshirish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
2-bob. Yer qaʼri davlat fondi kadastrini hisobga olish obyektlari
11. Yer qaʼri davlat fondi kadastrini hisobga olish obyektlari quyidagilar hisoblanadi:
foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansiga olingan konlar;
foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansida hisobga olingan konlarning alohida uchastkalari;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish (batafsil baholash) ishlari tugallangan, lekin mavjud foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansiga olinmagan konlar;
foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansi hisobidan chiqarilgan konlar (zaxiralari qazib olingan konlardan tashqari);
foydali qazilmalar konlarida qazib olish ishlari (ekspluatatsiya) vaqtincha toʻxtatilgan hamda yer qaʼridan foydalanish huquqi bekor qilingan yoki konservatsiya qilingan konlar;
davlat balansida resurslari hisobga olingan foydali qazilmalarning belgilari;
tabiiy geologik sharoitlari foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish imkonini beradigan yer qaʼri makoni obyektlari;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishga berilgan ruxsatnomalar, foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnomalar, yer ostida saqlash uchun ruxsatnomalar, radiatsiya xavfsizligi sohasidagi ruxsatnomalar, oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ruxsatnomalar, kolleksiya materiallarini toʻplash uchun ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar;
tarkibida amaliy qiziqish uygʻotishi mumkin boʻlgan qimmatli komponentlar mavjud boʻlgan, shuningdek, atrof-muhit ifloslanishiga va aholiga jiddiy xavf soluvchi kam miqdordagi maʼdanlar uyumlari, chiqindi omborlari va boshqa texnogen mineral hosilalar obyektlari.
3-bob. Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish va hisobga olish uchun maʼlumotlarni taqdim etish tartibi
12. Yer qaʼri davlat fondi kadastriga toʻldirilgan pasportlarni yuborish va hisobga olish tartibi mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun yagona pasportlar shakllari mazkur Nizomga 2 — 12-ilovalardagi pasportlariga muvofiq shakllantiriladi.
14. Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — tizim tashkilotlari) tomonidan amalga oshirilgan qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik jihatdan oʻrganish ishlari natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot bilan birga toʻldirilgan pasportlarni bir oy ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali taqdim etadi.
15. Yer qaʼridan foydalanuvchilar ruxsatnomaning amal qilishi tugaganidan keyin yer qaʼri uchastkasidagi qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot bilan birga toʻldirilgan pasportlarni Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali ruxsatnomaning amal qilish muddati tugagan sanadan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay taqdim etadi.
16. Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tizim tashkilotlari yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan pasportlarni 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va qabul qilingani yoki kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
Bunda tizim tashkilotlari yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar 10 ish kun ichida kamchiliklarni bartaraf etib, Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali pasportlarni takroran yuboradi.
Yer qaʼridan foydalanish markazi tizim tashkilotlari yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan takroran yuborilgan pasportlarni 10 ish kuni ichida koʻrib chiqadi va qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
17. Tizim tashkilotlari yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan pasportlarda ketma-ket kamchiliklar bartaraf etilmagani aniqlanganda, mazkur Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan tartibga muvofiq kamchiliklar bartaraf etilmagunga qadar pasportlar taqdim etiladi.
18. Tizim tashkilotlari tomonidan qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik jihatdan oʻrganish ishlari natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot bilan birga toʻldirilgan pasportlar oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga, tashkilotlar rahbarlariga tegishli choralar koʻrilishi yuzasidan axborot va takliflar kiritiladi.
19. Yer qaʼridan foydalanuvchilar qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik jihatdan oʻrganish ishlari natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot bilan birga toʻldirilgan pasportlar oʻz vaqtida taqdim etmagan taqdirda, Yer qaʼri toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
20. Tizim tashkilotlari yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar geologik jihatdan oʻrganish ishlari natijalari boʻyicha qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik hisobotlar bilan birga toʻldirilgan pasportlarini Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali topshirganidan soʻng keyinchalik pasportlar doimiy ravishda maʼlumotlar bilan toʻldiriladi va yangilab boriladi. Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda tizim tashkilotlariga yoki yer qaʼridan foydalanuvchilarga pasportlarni takroran yuborish va yangilash majburiyati yuklanmaydi.
21. Yer qaʼridan foydalanishga (qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar konlari qazib olish, yer qaʼri makonida saqlash hamda texnogen mineral hosilalarni oʻzlashtirish) berilgan ruxsatnomalar boʻyicha pasportlar Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan toʻldiriladi.
22. Qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar belgilarining geologik jihatdan oʻrganilgani boʻyicha toʻldirilgan pasportlar, geologik jihatdan oʻrganish ishlari yakunlanganidan soʻng qattiq foydali qazilmalar va uglevodorodlar konlari pasportlari mavqeyiga oʻtkaziladi.
4-bob. Yer qaʼri davlat fondi kadastridagi asosiy maʼlumotlar tarkibi
23. Yer qaʼri davlat fondi kadastri qattiq holdagi foydali qazilma konlari va belgilari, uglevodorodlar, yer qaʼri makoni, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar hamda texnogen mineral hosilalar obyektlari toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlarini oʻz ichiga oladi.
24. Yer qaʼrining davlat fondi kadastri pasportlarini tuzish uchun maʼlumotlar manbai boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
geologik tasvirlash, izlash, qidiruv, muhandislik-geologik, gidrogeologik, geoekologik, mavzuga oid, tajriba-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, yer qaʼrini oʻrganish boʻyicha va boshqa ishlar natijalari toʻgʻrisidagi tasdiqlangan hisobotlar;
foydali qazilmalarning texnologik sinovlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlar;
yer qaʼridan foydalanuvchining foydali qazilmalarni kavlab olgan hajmlari hisobotlari, texnogen mineral hosilalar va ularning potensial xavfli obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
foydali qazilmalar zaxiralari davlat balanslari;
foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish loyihasi, konni oʻzlashtirish loyihasi, yer qaʼri makonidan foydalanish loyihasi;
foydali qazilmalar zaxiralarini va mineral-xomashyo konditsiyalarini tasdiqlashga doir bayonnomalar, shuningdek, foydali qazilma zaxiralarini hisobdan chiqarish boʻyicha materiallar.
25. Yer qaʼri davlat fondi kadastri boʻyicha maʼlumotlarni doimiy saqlash uchun geografik axborot tizimiga kiritish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yaratiluvchi atribut maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.
Bunda yer qaʼri davlat fondi kadastri boʻyicha maʼlumotlarni qabul qilish, toʻldirish, tahrir qilish, izlash va yuborish “Geomonitoring” axborot tizimida amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ushbu Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
27. “Geomonitoring” axborot tizimi orqali taqdim etilgan axborot va maʼlumotlarning haqqoniyligi va toʻgʻriligi uchun ularni taqdim etganlar masʼul va javobgar boʻladilar.
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga toʻldirilgan pasportlarni yuborish va hisobga olish tartibi
SXEMASI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun qattiq holdagi asosiy foydali qazilma konlari boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun qattiq holdagi asosiy istiqbolli maydonlar boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun qattiq holdagi noruda foydali qazilma konlari boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun qattiq holdagi noruda istiqbolli maydonlar boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun uglevodorod foydali qazilma konlari boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun uglevodorod istiqbolli maydonlari boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun uglevodorod koni ruxsatnomasi boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun uglevodorod quduqlari boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun yer qaʼri makoni boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun qattiq holdagi foydali qazilmalar, yer ostida saqlash uchun ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Yer qaʼri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 12-ILOVA
Yer qaʼri davlat fondi kadastriga maʼlumotlarni toʻldirish uchun texnogen mineral hosilalar boʻyicha
YAGONA PASPORT SHAKLI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyuldagi 467-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalarining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1997-yil 26-maydagi 258-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2014-yil 29-iyuldagi 206-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-son qarori) 2019-yil 11-fevraldagi 111-son qaroriga ilovaning 4-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosati tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 14-dekabrdagi 777-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 25-martdagi 133-son qaroriga 5-ilovaning 2-bandi.
